O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 178-moddasi “Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini, tabiiy monopoliyalar to'g'risidagi qonun hujjatlarini va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish”, asosan
Monopoliyaga qarshi organga va iste'molchilarning huquqlarini himoya qiluvchi organlarga axborot taqdim etmaslik yoki o'z vaqtida taqdim etmaslik yoxud ularga bila turib haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlarni taqdim etish, -
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo'lsa, -
fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Monopoliyaga qarshi organning qoidabuzarliklarni tugatish to'g'risidagi, dastlabki holatni tiklash haqidagi, iste'molchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish to'g'risidagi ko'rsatmalarini bajarishdan bo'yin tovlash, o'z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik -
fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Tayyorlovchining tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining ko'rsatmalarini bajarishdan bo'yin tovlashi, ularni o'z vaqtida yoki lozim darajada bajarmasligi -
fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishda, qo'shib olishda hamda aksiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarni olish bo'yicha bitimlar tuzishda monopoliyaga qarshi talablarni buzish -
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo'lgan harakatlarni kelishib olingan holda sodir etish va bitimlarni tuzish, shuningdek tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiiste'mol qilish, xuddi shuningdek tanlov (tender) yoki birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish -
fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste'molchilarga zarar yetkazish, shuningdek iste'molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to'g'risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto'g'ri ma'lumotlar taqdim etganlik -
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Yaroqlilik muddati o'tgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko'rsatilishi shartligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko'rsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik -
fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan o'n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - yetti baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Ushbu moddaning uchinchi - sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish -
fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o'n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - o'n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
178-1-moddasi “Reklama to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish” asosan,
Fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va materiallarni vakolatli davlat organiga belgilangan muddatda taqdim etmaganlik yoki atayin noto'g'ri ma'lumotlar taqdim etganlik, shuningdek vakolatli davlat organining reklama to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilishini tugatish haqidagi ko'rsatmasini o'z muddatida bajarmaganlik -
eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan noto'g'ri reklama berganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik yoki aksilreklama berishdan bosh tortganlik, xuddi shuningdek reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik -
eng kam ish haqining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish -
eng kam ish haqining yetti baravaridan o'n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28.10.2010 yildagi 239-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo'llanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi to'g'risidagi nizom.
43-bandiga asosan ushbu nizomning 37 - 41-bandlarida ko'rsatilgan mablag'lar iste'molchilarga qaytariladi, yoxud iste'molchilarni aniqlash mumkin bo'lmagan taqdirda, maxsus tranzit hisob raqamiga olib qo'yiladi, ushbu nizomning 48-bandi ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
45-bandiga asosan noqonuniy olingan mablag'lar olib qo'yilishi va xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga jarima solinishi ularning ushbu Nizom buzilishida aybdor bo'lgan mansabdor shaxslarini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.
49-bandiga asosan Monopoliyaga qarshi davlat organi tomonidan, shuningdek nazorat organlari tomonidan taqdim etilgan tekshirish va o'rganish materiallari asosida ushbu Nizom talablari buzilishi aniqlangan taqdirda, ushbu Nizomning 37 - 41-bandlariga muvofiq qaytarilishi, olib qo'yilishi kerak bo'lgan mablag'larning 10 foizidan 20 foizigacha miqdorda jarima qo'llaniladi, aynan o'sha qoida buzish jarima qo'llanilgandan keyin ikki yil mobaynida takroran aniqlanganda esa - 20 foizidan 50 foizigacha miqdorida jarima qo'llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |