Rossiyada psixologik qarashlar namunalari. Sharq va g‘arb madaniyati ta’sirida inson ruhiyati bilan bog‘liq qator og‘zaki va yozma, amaliy va ilmiy asarlarda paydo bo‘la boshladi. Psixika haqidagi qarashlar ma’lum vaqt (salkam 5 asr) kun tartibidan olib qo‘yildi va XIX asr oxiri va XX asr boshlarida g‘arbiy Ovrupo mamlakatlarida va AQSHda yana turli munozaralar kelib chiqa boshladi. (I.M.Pavlov, N.E.Ribakov, K.N. Kornilov, P.P. Blonskiy, A.S. Vigotskiy - Rossiya, U. Djems, S.Xoll - AQSH, va boshqalar).
Jonsiz, noorganik materiyadan tortib to eng oliy va murakkab materiya hisoblanmish kishi miyasiga qadar barcha materiya moddiy olamning yalpi xususiyati - in’ikos etish xususiyatiga, ya’ni ta’sirotga javob qaytarish qobiliyatiga egadir.
Jonsiz tabiatda harakat jism va moddalarning mexanik, fizikaviy yoki kimyoviy ta’siri tarzida yuz berishi mumkin. Noorganik tabiatdagi harakatning oddiy misollariga e’tibor qiling: dengizdagi qoya suvning ta’siriga muayyan qarshilik ko‘rsatadi - to‘lqinlar qoyaga urilib qaytadi, lekin qoyaning o‘zi ham sekin - asta emirila boshlaydi; quyosh nuri suv yuzasiga kelib urilgach, sinib qaytadi; elektr razryadlari natijasida ozon molekulalari hosil bo‘ladi.
Jonli materiyaga in’ikosning biologik shaqllari xos bo‘lib, jonli materiyaning ma’lum bir bosqichida esa in’ikosning yangi shaqli sifatidagi psixika paydo bo‘ladi.
Materiya harakatining biologik shaqli-hayot-tabiat rivojlanishining sifat jihatidan yangi bosqichidir. O‘lik materiyadan tirik materiyaga o‘tishni izohlaydigan qator gipotezalar mavjud. Ulardan biri A. I. Oparinga tegishli bo‘lib, unga ko‘ra organik moddalar - atomlari turli shaqllardagi azotning, kislorodning, vodorodning, fosfor va oltingugurtning atomlari bilan bog‘langan holda uglerod negizida hosil bo‘lgan birikmalarning paydo bo‘lishi jonli materiya paydo bo‘lishining zarur sharti hisoblanadi.
Oparinning gipotezasiga ko‘ra taxminan 2 mlrd yil ilgari atmosferada erkin kislorod ajralib chiqib, organik moddalarda fotoximiyaviy reaksiyaning va fotosintezning yuz berishiga olib keladi. Organik birikmalarning rivojlanishi jarayonida uglerodning juda ham murakkab birikmalari - benihoya katta molekulalar paydo bo‘lgan. Bu molekulalar muhit bilan doimiy modda almashinuvi bo‘lib turishini taqozo qiladi. Ular bir-biri bilan ko‘shilib kattalashuvi, yoki maydalashib ko‘payib turishi mumkin deb taxmin qilinadi. Bu o‘ta katta molekulalar koatservatlar deb atala boshlangan. Jarayon yana takrorlanadi: o‘sish, parchalanish va hokazo.
Hozirgi tirik organizmning ehtimoldan uzoq bo‘lmagan prototiplari-konservantlarda bo‘lgani kabi har qanday jonli materiyada in’ikos jonsiz tabiatdagi in’ikosga qaraganda sifat jihatidan yangi shakl kasb etadi. U faqat tashqi taassurotning kuchi va xarakteriga emas, balki organizmning ichki holatiga ham bog‘liq bo‘ladi. Har qanday jonli organizm barcha tashqi qo‘zg‘atuvchilarga nisbatan tanlangan holda «Faol» munosabatda bo‘ladi va bu bilan jonli materiyaning sifat jihatidan yangi xususiyatini o‘z-o‘zini tartibga solish xususiyatini namoyon qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |