Xulosa
Hozirgi vaqtda respublikamiz tijorat banklari aktivlarining tarkibida
salmog‘iga ko‘ra birinchi o‘rinni ssuda va lizing operatsiyalari, ikkinchi o‘rinni esa
boshqa banklardagi va O‘zR Markaziy bankidagi mablag‘lar egallaydi. Holbuki,
O‘zR Markaziy bankidagi mablag‘lar daromad keltirmaydigan aktiv hisoblanadi va
ularning daromadlilik darajasi esa, deyarli yo‘qdir. Rivojlangan industrial
mamlakatlarning bank amaliyotida esa, tijorat banklari aktivlarining tarkibida
salmog‘iga ko‘ra birinchi o‘rinni kreditlar, ikkinchi o‘rinni qimmatli qog‘ozlar
shaklidagi aktivlar, uchinchi o‘rinni esa, kassali aktivlar egallaydi. Qimmatli
qog‘ozlarga qilingan investitsiyalar daromadlilik darajasiga ko‘ra kreditlardan
keyingi aktiv hisoblanadi. Bundan tashqari, ular banklarning likvidliligini
ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. SHu boisdan ham, ko‘plab xorijiy banklarda
aktivlarning daromadlilik darajasini yuqori ekanligi kuzatiladi.
Respublikamiz tijorat banklari aktivlarining daromadliligini oshirish bilan
bog‘liq bir qator muammolarning mavjudligi xususida xulosa chiqarish mumkin.
Bizning fikrimizcha, ulardan asosiylari sifatida quyidagi muammolarni ko‘rsatish
mumkin:
1. Respublikamiz tijorat banklarining aktivlari tarkibida daromad
keltirmaydigan va daromadlilik darajasi past bo‘lgan aktivlarni, ya’ni O‘zR
Markaziy bankidagi mablag‘lar, kassali aktivlar, bino va inshootlarni sezilarli
darajada yuqori salmoqqa ega ekanligi muammosi.
2. Respublikamiz tijorat banklari aktivlarining daromadlilik darajasiga salbiy
ta’sir qiluvchi majburiy zahira talabnomalarining yuqoriligi.
3. Tijorat banklarida mijozlarning kredit to‘loviga layoqatliligini baholash
tizimini takomillashmaganligi.
Respublikamizning bir qator tijorat banklarida qo‘llanilayotgan kreditga
layoqatlilikni baholash ko‘rsatkichlari mijozning pul oqimini real darajasini
aniqlash imkonini bermaydi. Bizning fikrimizcha, baholash tizimiga xos bo‘lgan
ikki asosiy kamchilik mavjuddir:
a) etarli darajada baholash ko‘rsatkichlaridan foydalanilmayotganligi.
b) o‘rtacha tarmoq ko‘rsatkichlarini doimiy ravishda va ko‘rsatkichlarni
haqqoniy tarzda e’lon qilinmayotganligi.
Bu boradagi ikkinchi kamchilikning mohiyati shundaki, baholash
ko‘rsatkichlarining asosiy qismi o‘rtacha tarmoq ko‘rsatkichlari bilan solishtirish
asosida qo‘llaniladi. SHu boisdan, doimiy tarzda e’lon qilinadigan va soxta
bo‘lmagan o‘rtacha tarmoq ko‘rsatkichlarining bo‘lishi baholash tizimini
takomillashtirishning zaruriy sharti hisoblanadi.
4. Respublikamiz tijorat banklarining qimmatli qog‘ozlar bilan amalga
oshiriladigan operatsiyalarini rivojlanmaganligi.
Respublikamiz tijorat banklarining milliy va xalqaro fond birjalaridagi
faoliyati sustligicha qolmokda. Bu holat banklarning qimmatli qog‘ozlar portfelini
tahlil qilish jarayonida yaqqol namoyon bo‘ldi. Holbuki, rivojlangan xorijiy
davlatlar bank amaliyotida qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalar
banklarning ssudalardan keyingi ikkinchi asosiy faoliyat turi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |