13-Mavzu. MEHNAT VA ISH HAQINING TASHKIL TOPISHI
REJA:
Yaratilgan mahsulot va daromadlarni taqsimlash to’g’risidagi nazariyalar.
Ish haqining iqtisodiy mazmuni va uning darajasini belgilovchi omillar.
Ish haqini tashkil etish shakllari va tizimlari.
Aloxida mehnat bozorlarida ish haqi darajasining aniqlanishi. inson kapitaliga investitsiyalar.
Mehnat munosabatlarining iqtisodiy mazmuni va unda kasaba uyushmalarining roli.
1. Yaratilgan mahsulot va daromadlarni taqsimlash to’g’risidagi nazariyalar
Moddiy ne’matlarsiz inson hayot kechira olmaydi. Moddiy ne’matlarni yaratishda boshqa omillar bilan birga mehnat ham qatnashadi. Mehnat jamiyatda va unng rivojlanishida asosiy rol o’ynaydi. Shuning uchun sotsial iqtisodiy tizim qanday bo’lishidan qat’iy nazar mehnatsiz xech narsa qilib bo’lmaydi.
Inson mahsulot yaratishda o’z mehnati bilan ishtiroq etadi ish kuchini ya’ni o’zining jismoniy va aqliy energiyasini sarflaydi.
Inson sarflangan energiyasini qayta tiklashi lozim ekan u o’zining ulushiga ega bo’lishi kerak.
Bu albatta yaratilgan mahsulot va daromad taqsimoti orqali yuz berib, bu ulush ish haqi ko’rinishini oladi.
Ish haqining mazmunini to’g’ri tushunib olish uchun eng avvalo yaratilgan milliy mahsulotning taqsimlanish tartibi to’g’risida tasavvurga ega bo’lish lozim. Mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotning (tovar va xizmatlarning) taqsimlash printsiplari bo’yicha turlicha nazariyalar mavjud. Bozor iqtisodiyotiga doir adabiyotlarning ko’pchiligida «uch omil» deb atalmish nazariya keng tarqalgan.
Bu nazariyaning asoschililaridan biri frantsuz olimi J. B. Sey «ishlab chiqarishning uch omili» degan g’oyani ilgari surib, unda tovarlarni ishlab chiqarishda mehnat, er va kapital bab-barobar qatnashadi, ular hamma daromadlar manbaidir va binobarin daromadlar ham shu omillar o’rtasida taqsimlanadi deb ko’rsatadi.
Uning bu g’oyasi amerikalik iqtisodchi olim J. B. Klarkning qo’shilgan omil (keyingi qo’shilgan kapital yoki ishchi) unumdorligi degan g’oyasiga asos bo’lib xizmat qiladi. J. B. Klark o’zining «Boyliklarning taqsimlanishi» nomli asarida yaratilgan boylik uchala omil o’rtasida ularning har biri yaratgan mahsulot miqdoriga (ya’ni unumdorligiga) qarab taqsimlanadi deb ko’rsatadi.
Sey va Klarklarning g’oyasidagi ijobiy tomoni quyidagilardan iborat:
a) kapital, er va ishchi kuchi (jonli mehnat)ning har uchalasi tovar yoki xizmatning nafliligini yaratishda qatnashishi ko’rsatiladi;
b) yaratilgan naflilik miqdori bilan bu uchchala omilning miqdori va unumdorligi o’rtasida bog’liqlik mavjudligi, agar ular bir-biriga mos ravishda miqdor va sifat jihatidan oshsa, tovarlar va xizmatlar hajmi ham ko’payishi asoslanadi.
Ammo bu g’oyalarning kamchiligi ham mavjud bo’lib, ular hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitiga to’g’ri kelmaydi.
Sey va Klark tovar va xizmatlarda gavdalangan mehnatning ikki yoqlama xarakterini va undan kelib chiquvchi tovarning ikki xil xususiyatini tushunmaganliklari tufayli kapital va er tovar nafliligini yaratishda qatnashsa-da qiymat yaratmasliklarini ular faqat eskirishiga teng, ya’ni amortizatsiya ajratmalariga teng qiymatni yangi tovarga jonli mehnat ta’sirida o’tkazishini, yangi qiymat esa faqat jonli mehnat tomonidan yaratilishini ko’rsatib berolmagan.
Klark tomonidan yaratilgan qo’shilgan mehnat unumdorligining kamayib borish qonuni turli omillarning bir-biriga mosligi ta’minlanmagan, ko’r-ko’rona xarajatlar oshirib borilgan hamda ilmiy-texnika taraqqiyoti mutlaqo to’xtab qolgan davrga (holatga) mos kelib, hozirgi zamon rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitiga to’g’ri kelmaydi.
Sey va Klark aytganlaridek, hozirgi davrda yaratilgan boylik, to’g’rirog’i milliy mahsulotning hammasi bu uchala omilning miqdori va unumdorligiga qarab taqsimlanmaydi, balki uning amortizatsiya ajratmalari, markazlashgan fondlar tashkil qilingandan qolgan qismi shu omillarga qarab uning egalari o’rtasida taqsimlanadi.
Sey va Klarklardan tashqari ayrim oqimlar, masalan Lassolchilar mehnat hamma boylikning va madaniyatning manbaidir, shuning uchun hamma daromad jamiyat a’zolari o’rtasida teng taqsimlanishi zarur deb ko’rsatadilar.
Lassolchilar, birinchidan boylik faqatgina mehnatning natijasi bo’lmasdan, uni yaratishda er (tabiat) va kapital ham qatnashishini, ya’ni uning nafliligi har uchala omil natijasi ekanligini unutdilar.
Ikkinchidan, ularning yaratilgan mahsulotni hamma jamiyat a’zolari o’rtasida teng taqsimlash zarur degan g’oyasi mutlaqo noto’g’ri bo’lib, bunday holatda mahsulotni ko’paytirishga ishlab chiqaruvchilar o’rtasida hech qanaqa qiziqish bo’lmasligi o’z-o’zidan tushunarlidir. Keyinchalik sobiq sotsialistik mamlakatlarda, jumladan sobiq SSSRda mahsulot va daromadlar davlat qo’lida bo’lib, mehnatning miqdori va sifatiga qarab taqsimlanadi degan g’oya hukmron bo’ldi. Lekin uning talablari bajarilmadi. Davlat, partiya va xo’jalik rahbarlari yaratilgan mahsulotning ko’pchilik qismini o’z xohishlaricha, davlat foydasiga taqsimlardilar va turli yo’llar bilan o’zlashtirib, undan foydalandilar, shu vaqtning o’zida ishlavchilar o’z mehnatining miqdori, sifati va unumdorligiga yarasha haq olmadilar.
Mana shu yuqoridagi aytilgan nazariy fikrlarni va amaliy tajribalarni hamda hozirgi davrda bozor iqtisodiyotiga o’tishdagi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar talablarini hisobga olib, yaratilgan mahsulotni taqsimlashning asosiy yo’nalishlarini ko’rsatishga harakat qilamiz.
a) umuman olganda mahsulotni, binobarin daromadlarni taqsimlash ham doim bir xil bo’lmay, balki shu davrda amal qilib turgan iqtisodiy munosabatlar tizimiga, jumladan mulkchilik munosabatlariga bog’liq bo’ladi. Ishlab chiqarishning moddiy shart-sharoitlari, ya’ni kapitalga mulkchilikning turli shakllari mavjud bo’lgan, erga esa davlat mulki bo’lib turgan sharoitda yaratilgan milliy mahsulot mulk egalari (davlat, jamoa, xususiy, shaxsiy) va ishchi kuchining egasi bo’lgan ishchi-xizmatchilar o’rtasida taqsimlanadi.
Bunda albatta umum jamiyat manfaatlarini ko’zlab ish olib boruvchi Davlat ixtiyoriga daromadlarning bir qismi kelib tushadi;
b) milliy mahsulotdan eng avvalo shu mahsulotni yaratishda qatnashgan ishlab chiqarish vositalarining qiymati, aniqrog’i, amortizatsiya summasi ajratib qo’yiladi, chunki bu summa asosiy ishlab chiqarish vositalarini (asosiy kapitalni) qayta tiklash uchun zarurdir;
v) undan keyin turli xil tabiiy ofat va boshqa turli xil tasodifiy hodisalarning ta’sirini bartaraf qilish, ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishni o’z maromida to’xtovsiz olib borishni kafolatlash uchun sug’urta fondlari, qariyalar, bolalar, nogironlar va turli boshqa kam ta’minlangan oilalarni himoya qilish uchun nafaqa hamda ijtimoiy himoya fondlariga ajratiladi;
g) davlatni boshqarish, mamlakat mudofaasini mustahkamlash, aholining tinch hayotini va mehnatini qo’riqlash, mamlakat miqyosida fan-madaniyatni, ta’lim tizimini, sog’liqni saqlashni rivojlantirish uchun fondlar ajratiladi (bu ajratmalar ko’pdan-ko’p davlatlarda soliqlar tarzida amalga oshiriladi).
Ichki milliy mahsulotning yuqorida aytilganlardan qolgan qismi hozirgi zamon bozor iqtisodiyoti sharoitida kapital, er egalari va ishchi kuchi egalari o’rtasida taqsimlanadi va jamiyat a’zolarining ixtiyoriga kelib tushadi.
Chunki bu jarayon natijasida ishlab chiqarishda qatnashgan ishchi kuchi egasi va boshqa omillar egalari mulkdorlarning mahsulotdagi ulushi aniqlanadi hamda ularning omilli daromadlari sifatida shakllanadi. Bu ish haqi, foiz, renta va foyda shaklidagi daromad turlari ko’rinishini oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |