211
Estetikaning borliqni estetik o‘zlashtirish mohiyati va qonuniyatlari haqidagi fan sifatidagi o‘ziga
xos bir qator fazilatlari ham bor. Estetika fani inson tevarak-atrofidagi moddiy va ma’naviy boyliklarining
barchasini qamrab olishga, inson faoliyatining barcha jabhalaridagi nafosat olamini san’at barcha turlari
vositasida chuqur o‘rganishga da’vat etadi. San’at esa estetik boyliklarni yaratish manbaidir. San’atni ilmiy
jihatdan tahlil va tadqiq etish barobarida esa estetik faoliyatning barcha ko‘rinishlariga ilmiy jihatdan
yondoshish uchun zamin yaratiladi. SHu bois san’at va badiiy ijodning tabiati va mohiyatini o‘rganish,
qonuniyatlarini o‘zlashtirish go‘zallik nafosat (estetika)ning barcha sifat darajalarini o‘rganish uchun kalit
vazifasini o‘taydi. Bu jabhalarga san’atning umumiy nazariyasi, estetika fanining xususiy-uslubiy asoslariga
oid tadqiqotlar, moddiy boyliklar yaratish estetikasi, muhandislik-loyihachilik faoliyati, ilmiy-tadqiqot
ishlari sohasida estetik jihatlar, tabiat estetikasi, insoniy munosabatlar estetikasi, kundalik turmush va odob
estetikasi kabi bir qancha sohalarni kiritish maqsadga muvofiqdir. Hozir jahon estetika fanida bu
jabhalarning har biri estetika tarkibiga kiruvchi mustaqil maxsus o‘quv kurslari darajasiga ko‘tarilgan.
Estetika fani esa bu maxsus o‘quv kurslarning uslubiy-metodologik asosini tashkil etadi.
Estetika fani falsafiy bilimlar tizimida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. U, eng avvalo, falsafiy bo‘lib,
uning nazariy va uslubiy asoslarini falsafiy tafakkur nazariyasi va tarixi tashkil qiladi. Masalan, voqelikni
estetik va badiiy o‘zlashtirish jarayonlarini o‘rganishda xolislik, tarixiy yondoshish, bilish jarayonida amaliy
tajribaning ahamiyati kabi uslubiy asosni qo‘llash ijobiy samaralarga olib kelishi mumkin. Bilish nazariyasi
vositasida san’atning bilish tabiati, voqelikning badiiy-ramziy ifodalash bilan ilmiy tadqiq etish o‘rtasidagi
o‘zaro aloqadorlik va o‘zaro farqlar, voqelikni badiiy vositalar orqali tasvirlashning ijodiy tabiati, san’at
asarlaridagi shartlilik va badiiy haqiqat kabi estetika fanining juda ko‘p nazariy hamda uslubiy asoslari
muammolarini echish, ularga javob izlab topish mumkin.
Bilish nazariyasining boshqa aqidalari – ijtimoiy ongning nisbiy mustaqilligi, ma’naviy hayot xilma-
xil shakllarining o‘zaro bir-biriga ta’sir o‘tkazishi, iqtisodiy zamin bilan ijtimoiy ong turli shakllari
o‘rtasidagi bilvosita aloqadorlik va bog‘liqlik kabi masalalar ham estetik ong, badiiy ijod va san’at tabiati
hamda xu-susiyatlarini ilmiy tushunishga yordam beradi. Ayni mahalda estetika fani mustaqil bilim sohasini
tashkil etgan holda u falsafaning ravnaq topib borishiga ham o‘zining hissasini qo‘shadi. Masalan, bilish
nazariyasining yanada rivojlanib, mazmunan boyib borishida badiiy bilish ham muhim o‘rni tutadi. Bilish
nazariyasi, badiiy madaniyat qadriyatlari, voqelikka estetik mu-nosabat, estetik tushunchalar, ayniqsa,
ijtimoiy ong, uning nisbiy mustaqilligi haqidagi fikr-mulohazalar ham ko‘p jihatdan san’at bilan bog‘liqdir.
Estetika fani psixologiya fani bilan ham chambarchas bog‘liq. Buni estetik tafakkur taraqqiyotining
barcha bosqichlarida kuzatamiz. Bu yaqinlikning asosi shundaki, voqelikka estetik munosabatning barcha
tomonlari estetik did yoki estetik his-tuyg‘u, badiiy ijod yoki badiiy idrok qilish jarayonlarining hammasi
ruhiyat mezoni bilan o‘lchanadi. Chunki estetika muayyan darajada insonning ruhiy, his-tuyg‘u holatini
ifodalaydi.
Psixologiya fani estetik munosabatning barcha tomonlarini, jumladan, badiiy ijod va idrok
jarayonlarini amaliy va nazariy jihatdan tadqiq etadi. Ayni mahalda estetika fani inson ruhiy hayotining eng
murakkab va nozik tomonlarini qamrab oladi. Estetikaning tarkibiy qismlarini psixologiya fanining erishgan
yutuqlari va xulosalaridan keng foydalanmasdan turib tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayni paytda shuni ham
unutmaslik kerakki, san’atning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishda psixologiya fanining ahamiyati
qanchalik katta bo‘lmasin, u hech vaqt estetika fanining o‘rnini bosa olmaydi. Zero, o‘tmishda va hozirda
voqelikka estetik munosabatning butun bir sohasiga psixologiya aqidalarini bosh mezon qilib olib, estetikani
mustaqil fan sifatida chetga surib qo‘yishga moyillik seziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |