7.2. Konyunkturani shakllantiruvchi omillar
166
Konyunktura, deganda ma’lum omillarning ta’siri natijasida vujudga
keladigan qisqa muddatli shart-sharoitlar tushuniladi. Omillarning
o‘zgarishi konyunkturaning o‘zgarishiga olib keladi. Bozordagi har
qanday vaziyat turli omillar ta’siri ostida o‘zgaradigan ko‘rsatkichlar
yig‘indisi bilan tavsiflanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tashqi va ichki
omillarning ta’siri ostida firmalar faoliyatidagi tendensiyani, ya’ni uning
kelajakdagi rivojlanishi va bozordagi holatini aniqlash marketing
tadbirlarining muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Mamlakat iqtisodiyoti konyunkturasida ro‘y beradigan barcha
o‘zgarishlar manbayi bo‘lib, ishlab chiqarish sohalari hisoblanadi.
Iqtisodiyotda sanoatning ulushi qanchalik yuqori bo‘lsa, uning
ko‘rsatkichlari ahamiyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Mamlakat iqtisodiy
doirasida konyunkturani tahlil qilish quyidagi ko‘rsatkichlarga
asoslanadi: makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, yalpi milliy mahsulot, yalpi
milliy daromad, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, transport, tovar muomalasi
ko‘rsatkichlari, ichki va tashqi bozorlarda tovarlar sotilish hajmi, pul
muomalalari kapital aylanishi, baholar dinamikasi, ishsizlik va inflatsiya
darajalari. Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga tovar bozorlari holati, talab va
taklif, baho, talabning qondirilishi darajasi, tovar ishlab chiqarish, yangi
korxonalar qurilishi va boshqalar kiradi. Yuqoridagi ko‘rsatkichlarning
umumiylik tomoni shundaki, ular bir-biri bilan bog‘liq va davlat
iqtisodiyoti bir bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tganda ularda o‘zgarish
ro‘y beradi. Yalpi milliy mahsulot shaxsiy iste’mol, davlat buyurtmalari,
yalpi kapital qurilishi, tovar va xizmatlarni eksport va import qilish
ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oladi. Bu ko‘rsatkichlarni hisoblashda
noaniqliklar ro‘y bersa ham oxirgi talab hajmi har doim mamlakat
iqtisodiyoti holatini baholashda muhim o‘rinni egallaydi. Tashqi savdo
ko‘rsatkichlari ichki bozor konyunkturasining shakllanishida o‘ziga xos
o‘ringa ega. Bozor konyunkturasi mamlakat iqtisodiy holatiga to‘g‘ridan
to‘g‘ri bog‘liq. Shuning uchun tovar bozorining tahlili quyidagi ikki yo‘l
bilan olib borilishi mumkin:
1.
Agar konyunkturaning o‘zgarish darajasi va tendensiyalarini
bilish ko‘zlansa, u holda, uning belgilangan davrdagi dinamikasi
o‘rganiladi.
2.
Agar konyunkturaning ma’lum muddatga bo‘lgan ahvolini
bilish zarur bo‘lsa, unda tovarning bozordagi «hayotiylik yo‘li»
o‘rganiladi, aniq bosqichi belgilanadi va tahlil qilinadi.
167
Har doim iqtisodiy konyunktura (umumxo‘jalik yoki tovar holati)
bozordagi raqobat va baholar dinamikasi shart-sharoitlari ta’sirida
shakllanayotgan talab va taklif munosabatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Marketing tizimi subyektlarining rivojlanish konsepsiyalarini ishlab
chiqishda, narx-navoning o‘zgarishini aniqlashda, yangi mahsulotlar,
texnologiyalarni yaratishda, bozor konyunkturasi va iste’molchilar hatti-
harakatining turli omillarga bog‘liqligini o‘rganishda turli istiqbolni
belgilash usullari qo‘llaniladi. Shuni e’tiborga olish lozimki, konyunktura
tahlili va prognozida uning o‘ziga emas, balki konyunkturaga ta’sir
qiluvchi omillarga ko‘proq ahamiyat beriladi. Shu sababli bozor
konyunkturasiga ta’sir qiluvchi omillarni ajratish maqsadga muvofiq
bo‘ladi, har qanday bozor konyunkturasini belgilab beruvchi omillarni
ikki guruhga bo‘lish mumkin:
1.
Makroiqtisodiy omillar.
2.
Mikroiqtisodiy omillar, ya’ni mazkur bozordagi talab, taklif,
narx va raqobat omillari.
Hech qanday alohida tovar bozori mamlakat iqtisodiyotidan ajralgan
holda rivojlana olmaydi. Shu sababli iqtisodiyot qanday holatda, uning
jahon bozorida tutgan o‘rni qanday, milliy boyliklar qay darajada
qo‘llanilmoqda, degan savollarga javob topish lozim bo‘ladi.
Yuqorida sanab o‘tilganidek, mikroiqtisodiy omillarga ushbu
bozordagi talab, taklif, narx va raqobat kiradi.
Bozor konyunkturasi tahlilida talabning barcha jihatlarini o‘rganishga
alohida e’tibor beriladi. Jumladan: talabning geografik taqsimlanishi,
assortimentning kengligi va chuqurligi bo‘yicha taqsimlanishi, iste’mol
intensivligi, hajmi va boshqa xususiyatlarni o‘rganish zarur bo‘ladi.
Talabni o‘rganishda diqqat avvalo qondirilgan talab, so‘ng qondirilmagan
talabga jalb qilinadi. Tovar aylanish tarkibini tovar guruhlari va alohida
turlari bo‘yicha tahlil qilish orqali qondirilgan talab o‘rganiladi,
qondirilmagan talab esa sotuvchilar va xaridorlarning fikrini o‘rganish
usullari yordamida aniqlanadi.
Konyunkturaga ta’sir qiluvchi ikkinchi omil - bu tovar taklifidir.
Taklifni o‘rganishda avvalo tovar manbalariga, sotishga taklif etiladigan
tovar hajmi va tarkibiga, tovar zaxiralariga e’tibor beriladi. Tovar
manbalarini tahlil qilish savdo tizimiga mahsulot yetkazib beruvchi
korxonalar ro‘yxatini tuzish va ularning imkoniyatlarini o‘rganishdan
iborat bo‘ladi.
168
Ishlab chiqaruvchilar tovarlarning assortimenti, yetkazib berish
muddatlari va taklifning tarkibini aniqlashga yordam beradi. Shundan
so‘ng bozor ishtirokchilaridagi tovar zaxiralari tahlil qilinadi. Zaxiraning
hajmi va tarkibi, qachon vujudga kelganligi, zaxiraning almashib borish
dinamikasi va boshqa ko‘rsatkichlar taklifning talabga nisbatini
aniqlashga xizmat qiladi. Savdo tashkilotlarida yuritiladigan hisob
tizimining ma’lumotlari, inventarizatsiya natijalari va maxsus izlanishlar
tovar zaxiralirini kompleks o‘rganishga asos bo‘ladi.
Mikroiqtisodiy omillardan yana biri shu bozordagi raqobatdir. Tovar
bozorlaridagi raqobatni tahlil qilishda avvalo, korxonalar raqobati so‘ng
tovarlar va ehtiyojlar raqobati o‘rganiladi. Korxonalar raqobatining tahlili
sotuvchilar soni, ixtisoslashuvi, mahsulot assortimenti, ishlab chiqarish
hajmi, yo‘naltirilgan maqsadli segmenti va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Bozorning kelajakdagi holatini ishlab chiqarishning texnika ahvoli,
unga sarflangan qo‘shimcha resurslar va ularning qaytim miqdori
muddatlari, tovar zaxiralari dinamikasi, eksport-import, shuningdek,
narx-navodagi o‘zgarishlar tendensiyasiga qarab aniqlash mumkin. Bunda
tovarlar taklifi, investitsiya miqdori va tarkibiga, mehnat predmetiga
bo‘lgan talab, korxona, tashkilotlar pul sarfining yo‘nalishi, aholi xarid
qobiliyati, uni tovarlar bilan ta’minlanish darajasi o‘rganiladi. Bozor
konyunkturasi ehtimollari ayrim tovarlarga milliy, regional va jahon
bozorlariga nisbatan aniqlanadi. Bozor konyunkturasi oldindan ko‘ra
bilish, iqtisodiy tanglikka yo‘liqmaslik, bozor muvozanatini ta’minlab
borish sharti hisoblanadi. Ma’lum davrda tovarlar va xizmatlar
sotilishdagi imkoniyatlarni ifodalovchi iqtisodiy shart-sharoitlar majmuyi
bozor konyunkturasini bildiradi. U aniq iqtisodiy ko‘rsatkichlar – talab va
taklif muvozanati, baholar darajasi, bozor hajmi va boshqalar bilan
ifodalanadi. Bozor konyunkturasi mamlakat iqtisodiy holatiga to‘g‘ridan
to‘g‘ri bog‘liq. Dunyo bozorida iste’mol mollari konyunkturasi har 9 oyda
o‘zgarib turadi.
Narxlarning bozor konyunkturasidagi o‘rni va ularning shakllanish
xususiyatlarini hisobga olgan holda narx tahliliga katta e’tibor beriladi.
Narxlarni o‘rganishda quyidagilar tahlil obyekti sifatida olinadi:
narxlarning barqarorligi, tovar assortimenti doirasida narxlarning
o‘zgarish darajasi, sotuvchi tomonidan narxlar bo‘yicha o‘zgaruvchan
tizimlarni qo‘llash, mavsumiy narxlarning qo‘llanishi va boshqalar. Narx
bozor konyunkturasiga ta’sir qiluvchi eng murakkab omil hisoblanadi.
169
Uning o‘ziga ham bir qancha omillar ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli narx
tahlilida nafaqat hujjatlarni tekshirish usuli, balki maxsus usullar ham
keng qo‘llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |