Ub — bozordagi tovarlar va xizmatlar hajmi. (Ular o’z navbati bilan tovar miqdori va
narxiga bog’liq.)
Um — mamlakatda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlar hajmi.
Ui — chetdan keltirilgan tovarlar hajmi.
Ue — chetga chiqarilgan tovarlar hajmi.
Bundan tashqari, tovar oboroti hajmi, tovarlar va xizmatlarni sotish vaqtiga ham bog’liq.
Bozorning mohiyati, ahamiyati, uning iqtisodiy munosabatlar tizimida bajaradigan
vazifalarida to’laroq namoyon bo’ladi. Ular quyidagilar:
1.Vositachilik qilish. Ayirboshlash orqali ishlab chiqarish bilan iste’mol bog’lanadi.
Ma’lumki, tovar harakati uni ishlab chiqarishdan boshlanib iste’mol bilan tugallanadi. Shu
harakatning sekin va tez borishi bozorga bog’liq. Shuni bilamizki, pirovard maqsad tovarni
iste’mol etish. Ehtiyoj bozorga talab shaklida chiqadi va tovarni pulga ayirboshlash orqali
qondiriladi. Chunki, tovar ishlab chiqarishdan so’ng mahsulotlar bozordan o’tmay turib
to’g’ridan-to’g’ri iste’molchiga kelib tushmaydi.
Ishlab chiqarish vositalarini korxona va firmalarga etkazib berish orqali ishlab chiqarish
moddiy asosi qayta takror yaratiladi va rivojlantiriladi.
Tovar ishlab chiqarish va xizmatlar ko’rsatishga ketgan sarflar naqadar o’rinli ekanligini
aniqlaydi (xaridor tanlash imkoniyatiga ega bo’ladi) va xarajatlarni pasaytirishga undaydi.
Xalqaro mehnat taqsimoti taqozo etgan iqtisodiy aloqalarni o’rnatish vositasi bo’lib
xizmat qilish va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ta’sir ko’rsatadi.Bozor ishlab chiqaruvchi
va iste’molchini bog’lab, baho (foyda, zarar) yordamida iqtisodiyotni asosiy muammosi: nima?
qanday va qancha? kimga? masalasini echadi.
2.Narx belgilash. Bozorda talab va taklif nisbatiga ko’ra muvozanat narxi shakllanadi
(VII bob).
3.Iqtisodiyotni tartibga solish. Bozordagi talab va takliflarning nisbati, elastikligi
darajasiga ko’ra bozorda narx o’zgarishi orqali talab va taklif bir-biriga moslashtiriladi. Unga
muvofiq ravishda barcha resurslar mikro miqyosdan, ya’ni firma korxonalardan tortib makro
miqyos — mamlakat miqyosigacha taqsimlanadi. Bozor yordamida iqtisodiyotdagi asosiy
nisbatlar belgilanadi.
4.Nazorat qilish. Ishlab chiqarilgan tovarlar (xizmatlar) na-qadar sifatli, iste’molchi
talabiga javob bera olishini bozor aniqlaydi. Tovar ishlab chiqarish uchun sarflangan xarajatlarni
ham nazorat qilishda bozorning oldiga tushadigani yo’q.
5.Rag’batlantirish. Bozor talab va taklif nisbati asosida belgilanadigan narxlar orqali
taqchil, yaxshi... sifatli tovar ishlab chiqarishni rag’batlantiradi, aksincha serob, yomon... sifatsiz
yoki ortiqcha xarajat qilib tayyorlangan tovarlarni kasodga uchratib, ularni ishlab chiqarishni
keskin kamaytiradi yoki to’xtatadi.
6.Axborot berish. Qanday tovarni ishlab chiqarish zarurligi bozorda namoyon bo’ladi. U
narx va talab elastikligida ifodalanadi hamda ular ishlab chiqaruvchilarga etkaziladi.
7.Bozor sub’ektlarining manfaatlarini realizatsiya qilish ham aynan bozor orqali
amalga oshiriladi. U qanday darajada amalga oshishiga ko’ra ishlab chiqaruvchilar, sotuvchilar
tabaqalanishi yuz beradi.
8.Bozor resurslarni tejashga, iqtisod qilishga undaydi. Bozor qilingan xarajatlarni
naqadar o’rinli ekanligini aniqlaydi. Qilingan xarajatlarni qoplash zarurati harakatlarni
pasaytirishga undaydi. Shuning uchun yangi texnika-texnologiyani qo’llaydi. Mehnatni tashkil
etishning yangi samarali usullarini qidiradi. Xullas xarajatlarni kamaytirishni yangi yo’llarini
topishga harakat qiladi.
Bozorning vazifalari hammasi bir-biri bilan uzviy bog’liq hamda birgalikda amal qiladi.
2-§. Bozor tuzilishi va uning murakkabligi,
unga turli jihatdan yondashish
Bozor munosabatlari bir-biriga bog’liq, bir-birini taqozo etuvchi murakkab ichki
tuzilishiga ega. Bozorni ichki tuzilishini izohlaganda har xil mezonlar jihatidan yondashish
mumkin. Bozor tuzilishining umum qabul qilingan klassifikatsiyalari yo’q. Lekin ma’lum
belgilariga ko’ra guruhlarga, turlarga ajratiladi.
1.Bozorni tovar va xizmatlar bilan ta’minlash darajasiga ko’ra: taqchil,
muvozanatlashgan va to’kin bozorga bo’linadi.
Odatda, to’yingan bozorda tovarlar talabga etarli bo’ladi, ularni tanlash imkoniyati
mavjud bo’ladi. Taqchil bozorda tovarlar etarli bo’lmaydi, ular aksariyat hollarda talabga javob
bermaydi va narxlarning ortib borishi bilan ajralib turadi. Taqchil bozor nosog’lom
iqtisodiyotdan darak beradi. Ba’zi hollarda taqchillik o’zi o’tkinchi va surunkali bo’lishi
mumkin. Masalan, ishlab chiqarishda yangi tovar paydo bo’ldi, deylik. Tabiiyki, yangi tovar
turiga bo’lgan talabni birdaniga qondirib bo’lmaydi. Ma’lum davr, aytaylik 3—4 oy yangi tovar
taqchil bo’lib turadi. Lekin ma’lum davrdan so’ng shu tovar turiga bo’lgan talab qondirilsa,
bozor taqchillikdan xalos bo’ladi. Agarda shu tovar turiga bo’lgan ehtiyoj uzoq vaqt davomida
qondirilmay qolaversa, surunkali taqchillik yuzaga keladi.
To’yingan bozor barqaror iqtisodiyotni anglatadi. Bu erda tovarlar mo’l-ko’l, pul taqchil
bo’ladi. Kuzatuvlarga qaraganda AQSh dagi supermarketlarda 12000 xil oziq-ovqat mahsulotlari
borligi ma’lum bo’lgan. To’yingan bozorda talabga ko’ra tovar turlari va markalari tez-tez
almashib turadi.
Taqchil bozorda ayirboshlash o’zining erkin tabiiy holatidan chiqib, nazorat ostiga
olinadi. Bu erda oldi-sotdi o’zining ahamiyatini yo’qotadi, ayirboshlash normali taqsimlash
shakliga o’tadi. To’yingan bozorda erkin oldi-sotdi yuz beradi, bunda erkin narx, pul asosiy
vosita bo’ladi. Bozorning tabiiy holati mana shunday bo’lishi shart.
Bozorning to’yinish darajasi bozorga chiqqan talab qondirilishini ifodalaydi. Uni sotilgan
tovarlar miqdorining talabiga nisbati tarzida aniqlash mumkin. Bu nisbat to’yinish kaeffitsienti
deyiladi. Masalan, bozorda talab 1 mln. so’m, sotilgan tovarlar summasi 700 ming so’m bo’lsa,
bunday to’yinish koeffitsienti 0,7 bo’ladi, chunki 700000:1000000=0,7
Agarda tovarlar ko’payib, ularning sotilish miqdori talabga tenglashsa bozor to’yinadi.
Aytaylik, talab o’zgarmay 1 mln. so’mligicha qoldi, ammo sotilgan tovarlar soni 700 ming
so’mdan 1 mln. so’mga etdi. Endi bu holda bozorning to’yinish darajasi koeffitsienti 1 ga teng
bo’ladi, chunki, 1 mln.: 1 mln. 1 ga teng.
Bozorning to’yinishi talabning o’zgarishini ham hisobga oladi va uni qondirish payida
bo’ladi. To’yingan bozorda taqchil bozorga nisbatan farqli o’laroq, tovar ko’p bo’lib, pul
etishmaydi, nati-jada tovarni tanlash imkoniyati paydo bo’ladi. Bu esa pul topishga intilishni
kuchaytiradi, ishlab chiqarishni rag’batlantiradi. Taqchil bozorda esa talab qondirilmaganligi
sababli pul bor, tovar esa etishmaydi.
2.Tashkiliy jihatdan raqobat kurashi cheklanishiga ko’ra bozor quyidagi turlarga
bo’linadi:
a) mukammal, raqobatga asoslangan erkin bozor;
b) cheklangan raqobatga asoslangan bozor;
v) oligopolistik bozor;
g) sof monopolistik bozor.
Erkin bozorda sotuvchi va xaridorlar ko’pchilik bo’lib, ularni miqdori cheklanmagan.
Monopol raqobatli, ya’ni cheklangan raqobatga asoslangan bozorda nisbatan ko’p
bo’lmagan firmalar ishtirok etadi. Masalan, AQSh da kiyim-kechak bozorini olsak, kostyum va
palto tikib sotishda 32 firma qatnashadi. Shulardan 20 tasi asosiy qismini tikadi.
Oligopolistik bozorda sanoqli ozchilik firmalar qatnashadi. Masalan, Yaponiyada
avtomobil bozori «Toyota», «Xonda», «Nissan», AQSh da «Ford», «Kraysler», «Djeneral
Motors» kabi kontsernlar qo’lida.
Sof monopol bozorda sotuvchi sifatida bir firma tanho hukm-ron bo’ladi. AQSh da IVM
korporatsiyasi kompyuter ishlab chiqarish bo’yicha hukmron. Ular kompyuterlarni 80—85% ini
ishlab chiqaradilar. 60- yillarda shveytsariyalik «Jiori Di La Ryu» kompaniyasi pul bosib
chiqaradigan mashinalar ishlab chiqishda dunyoda tanho hukmron bo’lib, har bir mamlakatning
topshirig’iga qarab mahsulot ishlab chiqargan. Ishlab chiqaruvchilar ko’p, iste’molchi, xaridor
bitta bo’lsa, iste’molchining sof monopoliyasi, ya’ni monop-soniya (yakka xaridor yoki yakka
iste’molchi) hukmron bo’ladi. Bunga misol qilib olmosga ishlov beruvchi «De Birs» firmasini,
O’zbekistonda, bozorini ko’r-satish mumkin.
3.Ta’sir doirasi, hududi jihatidan: mahalliy, regional, milliy, jahon bozoriga
bo’linadi.
Mahalliy bozor — bu muayyan mamlakatning davlat chegarasi doirasi bilan cheklangan
shahar, tuman, viloyat hududlaridagi bo-zorlar hisoblanib, ulardagi tovarlar ko’lami va xilma-
xilligi, eng avvalo mahalliy qishloq xo’jaligi va sanoatning rivoji hamda yo’nalishi bilan
belgilanadi. Shuning uchun bu bozorlardagi tovarlar asosan oziq-ovqat, keng iste’mol, sanoat
mollari, xo’jalik va uy-joy qurilish buyumlaridan iborat bo’ladi. Mahalliy bozorlarning turliligi,
ularning xususiyatlari shu erlik xalqlarning boyligi bo’lib, bu ularning uzoq yillar mobaynida
shakllangan taraqqiyotining natijasidir.
Regional bozor deganda bir mamlakat doirasidagi regionlar o’rtasida tashkil etilgan bozor
tushuniladi. Bu bozor ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi natijasida yuzaga keladi. Regional
bozorning milliy bozorga nisbatan imkoniyatlari ko’p bo’lib, mol turlari ancha keng va mehnat
taqsimoti chuqurligi sababli tovar almashinish ko’lami ham kengdir. Chunki, bu erda bir necha
regionlar qatnashadi.
Milliy bozor — har bir mamlakatning bozorlari. Milliy bozorda har bir millatning
qadimdan mavjud jamiyat taraqqiyoti bilan rivojlanib borayotgan an’anaviy hunarmandchilik
mahsulotlari sotiladi. Bugun respublikamizda kulolchilik, qandolatchilik, temirchilik, zargarlik
va boshqa hunarmandchilik buyumlari muhim o’rin tutadi.
Jahon bozori xalqaro mehnat taqsimoti orqali bir-biriga bog’langan turli mamlakatlar
o’rtasidagi barqaror oldi-sotdi munosabatlaridir. Bu bozorda turli mamlakatlar ishlab
chiqaradigan tovarlarning hammasi emas, balki mamlakatlararo ayirboshlanishi zarur bo’lgan
turlarigina sotiladi. Binobarin, jahon bozorining tovar ayirboshlanishi cheklangan bo’ladi. Ularga
asosan asbob-uskuna, neft, ko’mir, metall, paxta, don, choy, kofe, jun, yog’och kabi tovarlar
kiradi. Regional va mahalliy, milliy bozordagi ko’pgina tovarlar jahon bozorida bo’lmaydi.
Bozor, avvalo milliy, keyin esa baynalmilal jarayondir. Milliy bozorsiz jahon bozori bo’lmaydi.
Milliy bozorlar rivojlanib, to’yinib keyin xalqaro bozorga qo’shiladi.
4.Bozor savdoning hajmi, xarakteriga ko’ra: ulgurji, mayda ulgurji, chakana savdo
bozorlariga bo’linadi. Undan tashqari, tarmoqlar bo’yicha: avtomobil, kompyuter, qishloq
xo’jaligi mashinalari va hokazolarga bo’linadi.
5. Bozor aloqalarining qonuniyligi nuqtai nazaridan bozor:
a) legal, qonuniy bozor;
b) noqonuniy — pinhoniy bozordan iborat.
Legal qonuniy bozor deganda, qonunchilik asosida amalga oshadigan tovarlar, xizmatlar
oldi-sotdisi tushuniladi.
Noqonuniy «pinhoniy» bozor esa qonunchilik tomonidan taqiqlangan tovar va xizmatlar
bilan oldi-sotdi qilish yoki faoliyat bilan shug’ullanishdir. Bunga:
— aholi orasida qurol bilan savdo qilish;
— narkotik moddalar biznesi, qimorbozlik;
— fohishabozlik;
— valyuta bilan chayqovchilik qilish;
— «qo’l bola» spirtli ichimliklarni tayyorlash;
— reket (bosqinchilik qilish, qurollangan o’g’irlik);
— kontrabanda (chegaradan yashirincha mol-tovar o’tkazish yoki chet elga g’ayri-
qonuniy mol chiqarish).
Yashirin biznes soliqlardan va ishchi kuchini yollashni tartibga solib turuvchi qonun
hujjatlaridan xoli bo’lganligi sababli «pinhoniy» bozorda narxlar va ish haqi odatda, «rasmiy»
bozordagiga nisbatan pastroq bo’ladi. Aynan shu narsa «pinhoniy» bozor qatnashchilariga
g’ayri-qonuniy mo’may daromadni olishlariga imkon yaratadi. U taqiqlangan bozor. Shuning
uchun davlat organlari nazoratida bo’ladi.
6. Tovarlarni chetdan erkin keltirish yoki chiqarishga qarab bozor ochiq bozor va
yopiq bozor deyiladi.
Ochiq bozor xorij tovarlari uchun ochiq bo’lgan milliy va davlatlararo regional bozordir.
Ochiq bozor boj to’lovi bilan himoya qilinmaydi, tovarlar cheklanmagan holda keltiriladi.
Jahon bozori o’z talabi bilan ochiq bozor hisoblanadi, unda hamma mamlakatlar bemalol
qatnasha oladi.
Yopiq bozor ichki bozorga, milliy bozorga xosdir. Undagi tovarlar hamma turlari, avvalo
mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarining rivojlanishi darajasiga bog’liq. Mahalliy bozor bir tovar
uchun ochiq bo’lsa, ikkinchisi uchun yopiq bo’lishi mumkin. Bunda protektsionizm siyosati
qo’llaniladi.
Odatda,
bozor tuzilishi jihatidan qaralganda eng avvalo oldi-sotdi
munosabatlarining ob’ekti bo’yicha guruhlarga bo’linishi sifatida qaraladi. Ob’ekti
jihatidan bozorni quyidagicha ajratish mumkin:
Iste’mol tovarlar va xizmatlar bozori:
— oziq-ovqatlar bozori;
— nooziq-ovqat tovarlari bozori;
— xizmatlar bozori.
Resurslar bozori:
— ish kuchi bozori (mehnat bozori);
— ishlab chiqarish vositalari;
— xom ashyo bozori.
Ko’chmas mulk bozori:
— er bozori;
— uy-joy bozori.
Moliya bozori:
— pul bozori;
— investitsiya bozori;
— qimmatli qog’ozlar bozori;
— valyuta bozori;
— sug’urta bozori.
Axborot bozori.
Intellektual tovarlar bozori va boshqalar.
Sotib olinadigan tovarlar qanday ehtiyojlarni qondiradi, qanday maqsadda ishlatilishiga
qarab, ikki katta guruhga bo’lish mumkin.
1.Iste’mol tovarlari va xizmatlar bozori. Bu bozorda firma va korxonalar o’zlari ishlab
chiqargan tovar (xizmat)larni sotadi, uy xo’jaligi (oilalar) sotib oladi. Bu iste’molchilar bozori
bo’lib, aholi uchun zarur bo’lgan tovarlar va xizmatlarning oldi-sotdisini bildiradi. Iste’mol
bozoridan aholi o’z iste’moli uchun tovarlar va tovarlar shaklidagi pulli xizmatlarni xarid qiladi.
Bu erda sotuvchilar bilan xaridorlar o’rtasida oldi-sotdi munosabatlari yuzaga keladi, pul egasi
tovar olsa, tovar egasi pul oladi. Sotuvchilar tovar ishlab chiqaruvchilar yoki ularning vakolatini
olgan korxona, tashkilot yoki ayrim fuqarolar bo’lsa, xaridorlar esa keng iste’molchilar
ommasidan iborat. Xaridorlarga faqat fuqarolargina kirib qolmay, balki ularga harbiy va
militsiya qism-lari, qamoqxonalar, aholiga pul yoki imtiyozli to’lov asosida xizmat
ko’rsatuvchilar, korxona va tashkilotlar, masalan, kasalxona, etimxona, bolalar bog’chasi,
qariyalar uyi ham kiradi.
Iste’mol tovarlari bozorining ichki tovar manbai — turli mulkka oid korxonalar yaratgan
tovarlar. Tashqi manbai — bu tovarlar importi. Xizmatlar bozori aholiga maishiy xizmat
ko’rsatish, kommunal xizmatlari, turli-tuman ta’mirlash ishlari, axborot xizmatlari turini o’z
ichiga oladi.
Tovarlashgan xizmatlar:
a) ishlab chiqarish xizmatlari;
b) ijtimoiy xizmatlardan iborat.
Xizmatlar bozorining tovarlar bozoridan muhim farqi shundaki, ular asosan
iste’molchining talabi shu xizmat ko’rsatilishi jarayonida qondiriladi, ishlab chiqarish bilan
realizatsiya, iste’mol jarayoni bir vaqtda ketadi. Jamiyat rivojlangan sari xizmatlar bozori
kengayib boradi. Xizmatlarning yangi turlari vujudga keladi. Tovarlashgan xizmatlarning hajmi
turlarining ko’pligi jamiyatning iqtisodiy etukligi, kuch-qudratini xarakterlaydi.
2.Resurslar bozori. Bu bozorda uy xo’jaligi (oilalar)ning mulki bo’lgan resurslar (ayrim
adabiyotlarda tabiiy, kapital, mehnat resurslari, ayrim adabiyotlarda er, mehnat, kapital,
tadbirkorlik) sotiladi. Ularni firma, korxonalar sotib oladi.
Bozorda ishlab chiqarish vositalarining erkin sotilishi moddiy resurslar harakatini
tezlashtiradi, ular narx vositasida turli sohalar va korxonalar o’rtasida talabni hisobga olib
taqsimlanadi. Bozor resurslarning erkin harakatini bildiradi, resurslar bilan kafolatni
ta’minlashga olib keladi, chunki ularni topish engillashadi. Pul bo’lsa, bozorda resurslar har
doim topiladi. Resurslar bozori real investitsiya qilishga sharoit yaratadi. Iqtisodiy o’sish uchun
jamg’arishning pul shakli emas, uning moddiy shakli zarur. Buni bozor ta’minlaydi. Faqat
bozorda pul shaklidagi investitsiya moddiylashib ishlab chiqarish resursiga aylana oladi.
Ishlab chiqarish omillari bozori ishlab chiqarishni yuritish uchun zarur bo’lgan va tovarga
aylangan mehnat vositalari, xom ashyo materiallarini to’g’ridan-to’g’ri yoki vositachilar orqali
oldi-sotdi qilinadi. Ishlab chiqarish vositalari ulgurji baholarda yirik partiyada ko’tarasiga
sotiladi.
Resurslar bozori o’zining uch belgisi bilan boshqa bozorlardan farq qiladi: birinchidan,
bu erda tabiat in’omi bo’lgan tabiiy resurslar ham ayirboshlanadi; ikkinchidan, oldi-sotdi etilgan
tovarlar o’z egasini o’zgartirishi, ya’ni ular bir mulk ob’ektidan boshqa mulk ob’ektiga aylanishi
shart emas. Uchinchidan, mazkur bozordagi ayirboshlash munosabatlari odatda bevosita ishlab
chiqaruvchi va iste’molchi o’rtasida yuz beradi. Ular o’rtasiga vositachilar kam hollarda
tushadilar.
Ma’lumki, bozorda sotuvchining daromadi xaridorning xarajati sifatida namoyon bo’ladi.
Bozorlar bilan unda qatnashuvchi sotuvchi va xaridorlar (uy xo’jaligi, firma, korxonalar)
o’rtasidagi aloqalarni, resurslar, mahsulot xarajat va daromadlar harakatini bir butun holda olib
qarasak, mahsulot va daromadlar doiraviy aylanishi modeli tarzida ko’rish mumkin.
Bu erda shunga e’tibor berish kerakki, har ikki bozorda ham uy xo’jaligi (oilalar), firma
(korxona)lar qatnashib, goh
sotuvchi, goh xaridor sifatida
maydonga chiqadi.
Har bir oldi-sotdi
jarayonida cheklanganlik muhim
rol o’ynaydi. Uy xo’jaligi resurs-
lari bilan cheklan-ganligi sababli
firma, korxona-larni shu
resurslar bilan ta’minlash ham
cheklanadi. Muvofiq ravishda
ularning daromad-lari ham.
Shuning uchun ham har bir
iste’molchining daromadiga
ko’ra o’ziga xos ravishda xarid
quvvati chegarasi belgilanadi.
Bozor tuzilishiga qay jihatdan yondashmaylik, oxir-oqibat u xuddi shunday model tarzida
namoyon bo’ladi.
Bozor iqtisodiyotiga istalgan tovarlar mavjud bo’lgan bozor xosdir.
Bozor munosabatlariga o’tish ishlab chiqarish vositalarini, iste’mol tovarlarini
iste’molchilarga bozor orqali erkin sotish imkonini beradi. Ushbu aloqalar ulgurji savdoda tovar
birjalari orqali amalga oshadi. Bozor iqtisodiyotida ulgurji savdoda tovar (paxta, don, metall va
boshqalar) erkin narxda, naqd pulsiz, korxonalarning bankdagi maxsus hisob raqami orqali
hisob-kitob yuritish yo’li bilan sotiladi.
Mehnat bozori — ish kuchini oldi-sotdi qilish munosabatini bildiradi. Ish kuchi insonni
mehnat qilish qobiliyati sifatida tovarga aylanadi. Oldi-sotdi orqali potentsial mehnat qobiliyati
bozordan o’tib ishlab chiqarishning real (amalda) mehnat omiliga aylanadi. Mehnat bozorining
bir tomonida ish kuchi egasi tursa, ikkinchi tomonida ish kuchiga muhtoj korxona, firma turadi.
Ish kuchi pulga ayirboshlanganda ish kuchi uning egasi mulki bo’lib qolaveradi, lekin uni
ishlatish sotib oluvchi ixtiyoriga o’tadi.
Moliya bozori. Bu bozorning muhim o’rni bo’lib, moliya resurs-lari bozoridir. Moliya
resurslarining bir qismi bozorni chetlab, ikkinchi qismi bozor orqali o’tadi, mana shu ikkinchi
qismi moliya bozorining ob’ekti bo’ladi. Moliya bozori ikkiga bo’linadi: iste’molni qondiradigan
pul bozori; birinchi bozordagi pul shaxsiy ehtiyojimizni qondiradi, ikkinchi bozorda pulni kapital
sifatida ishlatib foyda olinadi.
Shu bozorga kiruvchi qimmatbaho qog’ozlar bozorida aktsiya, veksel, chek, depozit,
sertifikatlar oldi-sotdi qilinadi. Qimmatbaho qog’ozlar bozori milliy va jahon bozorlaridan
iborat.
Moliya bozorining yana bir unsuri valyuta bozoridir. Bu erda turli mamlakatlar valyutasi
oldi-sotdi qilinadi.
Intellektual tovarlar bozori — bu bozorning maxsus turi bo’lib, aqliy mehnat mahsuli
bo’lgan tovarlar xizmatlarning ayir-boshlanishini bildiradi.
Bu bozorda sotuvchilar va xaridorlar maxsus tovar hisoblagan ilmiy g’oyalar, texnikaviy
yangiliklar, san’at va adabiyot asarlari, xilma-xil axborotlar oldi-sotdisi amalga oshadi.
Intellektual tovarlar bozorida ilmiy-texnikaviy ishlanmalar oldi-sotdisi katta o’rin tutadi.
U amalda patent, litsenziya nou-xau sotishdan iborat.
Bu erda ilmiy-texnikaviy yangiliklar xaridor mulkiga aylanishi sharti bilan yoki o’z egasi
mulki bo’la turib, vaqtincha foydalanish sharti bilan sotiladi.
Bu bozorda tasviriy san’at bozori, musiqa, kino, antikvar buyumlar va boshqalar o’ziga
xos o’rin tutadi.
Juda ko’p iqtisodchilar maorif, madaniyat, tibbiyot xizmatlarini ham hozirgi paytda
intellektual tovarlar bozoriga qo’shadilar.
Intellektual tovarlar bozori ishlab chiqarish novatsiyasiga (yangilanishiga) xizmat qiladi,
ya’ni u fan-texnika rivojiga ta’sir etadi. Shu sababli uning ahamiyati umummilliygina emas
baynalmilal hamdir. Inovatsion firmalar yangilik topish, loyihalash, qurish, bozorda sotish,
ishlab chiqarishga joriy qilish yuzasidan xizmat ko’rsatadi. Bular injiniring, konsalting
firmalaridir.
Jahon mamlakatlari tajribasi shuni ko’rsatadiki, hozirgi zamonda axborot nihoyatda
muhim ahamiyatga ega. 80- yillarning o’rtalarida axborot biznesi bilan AQSh iqtisodiy faol
aholisining qariyb 46,6% i band bo’lgan. Axborot biznesining asosiy vazifasi axborot berish,
axborot shoxobchalarida xizmat ko’rsatish, aloqa vositalari orqali uni e’lon qilish, axborot
ma’lumotlarini yig’ish, o’rgatish, saqlash va qayta ishlash bilan shug’ullanishdan iborat.
Maksimal darajada axborotga ega bo’lish g’oyat katta ahamiyatga ega. Shuning uchun
ham N. Vinerning «Axborotga ega bo’lgan dunyoni tebratadi» degan iborasi juda mashhur bo’lib
ketgan.
Axborot bozori orqali milliy, regional jahon iqtisodiy kon’yunkturasi, mahalliy milliy
regional bozor kon’yunkturasi to’g’risida ma’lumotlarga ega bo’linadi.
Xaridorlar, raqobatchilar to’g’risida zarur ma’lumotlarga ega bo’lish tadbirkorlar uchun
nihoyatda zarur. Shu sababli ham axborot bozori hozirgi paytda juda chaqqon xaridorgir bozor
hisoblanadi.
Bozor munosabatlari, oldi-sotdini amalga oshirishda bozor infrastrukturasi muhim rol
o’ynaydi.
Bozor savdo-sotiqning shart-sharoitlariga ma’lum belgi, alomatlariga qarab ko’pgina
bo’g’inlarga ajratiladi va ular bozor segmenti deb ataladi. Segment bozorning bir kichik qismi
bo’lib, bu erda xaridorlar cheklangan guruh bo’lib, ularga ma’lum turdagi tovarlar sotiladi.
Bozor segmentlariga ajralishiga ikki narsa sabab bo’ladi:
a) mehnat taqsimoti chuqurlashib, g’oyat xilma-xil tovarlar ishlab chiqarilishi va ularning
ma’lum guruh iste’molchilariga mo’ljallanishi;
b) iste’molchilarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tabaqalanishi, ular talabining o’zaro
farqlanishi.
Bozorni segmentlarga ajratish mezonlari g’oyat ko’p. Segmentni tashkil etuvchi ustuvor
belgilar ham mavjud. Bir segment uchun aholining xarid qobiliyati ustuvor bo’lsa, boshqa
segment uchun raqobatning bor yoki yo’qligi muhim belgi bo’ladi. Segmentlar hududiy va
sotsial-demografik mezonlarga qarab ajratiladi. Hududiy segmentga aholining soni, zichligi,
tabiiy iqlim sharoiti va shu kabilar kiradi. Sotsial-demografik segmentga xaridorlarning yoshi,
jinsi, ularning bilim darajasi, irqi va millati, oila va uning tarkibi kabilar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |