Ma’lumki, kishilar iqtisodiy munosabatlarga biron-bir
manfaatdan kelib chiqib
kirishadilar.
Iqtisodiy manfaatlar kishilarni harakatga keltiruvchi, ularning xatti-
harakatini, intilishini, xulq-atvorini belgilovchi kuchdir.
Manfaatlar — bu odamlar ehtiyojini munosabatlar orqali ifodalanishidir. Mulkchilik ham
kishilarning iqtisodiy manfaatlarini aks ettiradi. Mulkning qanday doirada alohidalashuviga
qarab, manfaatlar ham alohidalashadi: shaxsiy manfaat,
oilaviy manfaat, jamoa manfaati, jamiyat
manfaati va boshqalar.
Xar bir kishi o’z shaxsiy manfaatiga, oila a’zosi sifatida oilaviy, mehnat qilayotgan
jamoasi miqyosida manfaatga, yashayotgan
yurtida shu yurtning fuqarosi, jamiyat a’zosi sifatida
manfaatga ega.
Xar bir kishining inson sifatida ehtiyojlari mavjud. Uning ehtiyoji, jamiyatda tutgan o’rni,
uning shaxsiy manfaatini yuzaga keltiradi. U o’z ehtiyojini qondirish uchun harakat qilib
manfaatni yuzaga chiqaradi. Buning uchun u o’z oilasida yashaydi, jamoada mehnat qiladi. Xar
bir firma, jamoa, korxona boshqalaridan alohidalashgan holda xo’jalik yuritar ekan, shu
jamoaning umumiy ishlovchilarini birlashtiradi. Xar bir inson o’z yurtining fuqarosi sifatida
umumdavlat manfaatini ifodalaydi. Umumdavlat manfaati
butun xalq maqsadining
umumiyligidan dalolat beradi.
Manfaatlar ob’ektiv hamda sub’ektivdir. Ob’ektivligiga sabab ehtiyojlarning ob’ektivligi,
ikkinchi tomondan, manfaat har bir sub’ektning manfaati sifatida yuzaga chiqadi.
Manfaatlar shuningdek, bir tomondan umumiy, ikkinchi tomondan xususiydir.
Manfaatlarning umumiy bo’lishiga sabab shuki, avvalo, har bir inson ma’lum bir oilada,
mamlakatda, qolaversa,
Er sharida yashaydi, mehnat qiladi. Insonlar uchun shunday
umumbashariy qadriyatlar mavjudki, ular umumiy manfaat tarzida namoyon bo’ladi. Masalan:
atrof-muhitni muhofaza qilish, tarixiy yodgorliklarni asrash va boshqalar.
Manfaatlarning xususiyligi har bir sub’ektning o’z manfaati borligidan kelib chiqadi. Bu
manfaat aynan uning maqsadini ifodalaydi, boshqalarning manfaatidan ajralib turadi hamda
boshqalarning manfaatlariga mos tushavermaydi.
Insonning shaxs sifatida hamda mulk egasi sifatida manfaatlari bo’lib, ular bir-biridan
farqlanadi. Shuning uchun mulkdor bilan mulksizning manfaati keskin farq qiladi.
Xar bir shaxsning inson sifatida manfaati uning hayotiy
ehtiyojlarini ifodalasa, mulkdor
sifatida o’z mulkidan foydalanib daromad topishini ifodalaydi.
Manfaatlarga turli jihatdan yondashish, har bir insonning manfaatlarini o’zida
mujassamlashtiruvchi sub’ekt sifatida iqtisodiy faoliyat jarayonida, o’zini qanday tutishi
mumkinligini avvaldan taxmin qilishga yordam beradi.
Bozor iqtisodiyotining muhim tomoni, afzalligi ham shundaki, bozor ishtirokchilari bozor
munosabatlariga o’z manfaatlaridan kelib chiqib kirishadilar. O’z manfaatlarini ko’zlash,
amalga
oshirish uchun harakat boshqalarning manfaatini ham o’ylashga majbur qiladi. Biror turdagi
tovar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko’rsatuvchi o’z manfaatini ko’zlab biron tovar ishlab
chiqarar ekan, uni sotish uchun ilojsiz ravishda xaridor manfaatini ham o’ylashga majbur.
Chunki uning nafliligi, ya’ni iste’mol qiymati, narxi xaridorni qoniqtirmasa xaridor tovarni sotib
olmaydi. U xaridor manfaatiga moslashadi. Bu esa boshqalarning ham manfaatini ta’minlashga
olib keladi.
Mulk egasining maqsadini amalga oshirish natijasida mulk iqtisodiy realizatsiya qilinadi.
Mulkning iqtisodiy realizatsiya qilinishi mulk egasining manfaati amalga oshganida ifodalanadi.
Mulkchilik real bo’lishi uchun mulkdorning iqtisodiy manfaati amalga oshuvi shart, ya’ni o’z
manfaati yo’lida ishlata olish imkoniga ega bo’lishi kerak. Masalan, avtomobil egasi o’z
mashinasini ijaraga berish, garovga qo’yish, o’zi minishi va boshqa imkoniyatlarga ega bo’lishi
kerak. Agar shunday imkoniyatlar bo’lmasa mulk formal bo’ladi.
Mulkning shakli hamda miqyosiga qarab uning realizatsiyasi
ham har xil usullar orqali
yuzaga chiqadi: o’z mulkini kapital sifatida ishlatib boshqalar mehnatini qo’llab yoki o’z
mehnati bilan tadbirkorlik qilib daromad olish; o’z mulkini ijaraga berib ijara haqi, pul
shaklidagi mulkini qarzga berib foiz, mulkini qimmatga sotib daromad olishi; yollanib ishlash
orqali o’z mulki bo’lgan ish kuchidan daromad, ya’ni ish haqi olish.
Shunday qilib, turli iqtisodiy faoliyat
orqali mulk yuzaga chiqib, o’z egasiga daromad —
naf keltiradi. O’z mulkini ishlatib qanday daromad topish mulk egasining salohiyatiga ko’p
jihatdan bog’liq.
Mulk tejamkorlikni yuzaga keltiradi. Mulk egasi o’z mulkini asraydi, avaylaydi, tejab-
tergab ishlatadi. Agarda mulk egasi uchun o’z qadrini yo’qotsa, uni zarur bo’lgan boshqa kishiga
sotib yuboradi. Ko’pchilik mulk sohibi bo’lgandagina jamiyat boyligini saqlashi va ko’paytirishi
mumkin.
Mulkka ega bo’lishning quyidagi asosiy yo’llari bor:
a) mulkni ishlab topilgan daromad evaziga sotib olish;
b) mulkni daromad topish uchun ishlatish, ya’ni
aktsiya olib dividend olish, kapital
sifatida ishlatib foyda, pul shaklida bankka qo’yib foiz, ijaraga berib haq olish tufayli mulkni
ko’paytirish;
v) meros olish.
Mulkdorlarning ko’payishi mulkka ega bo’lishnigina emas, balki mulk shakllarining ham
har xil bo’lishiga olib keladi.
Iqtisodiy manfaatlarning har bir mulk doirasida yuzaga chiqishi va uni amalga oshirish
uchun iqtisodiy sharoit mavjud bo’lishi kerak. Buning uchun qaysi mulk shaklidan qat’i nazar,
qonun bilan himoyalanishi va har bir mulk shaklini rivojlantirish uchun keng huquqiy-iqtisodiy
sharoitlar yaratish kerak.
Aynan bozor iqtisodiyoti ana shunday sharoit yaratish imkoniga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: