Ikkinchi guruhni gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, uning qonuniy vakili, himoyachi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi tashkil qiladilar (Jinoyat-protsessual kodeksining 86-moddasi 2-qismi). Ular uchun isbotlashda ishtirok etish majburiyat emas, balki huquqdir. Ular ishdan manfaatdor shaxslar sifatida tergov qilinayotgan va ko‘rilayotgan ishga taalluqli narsalar, hujjatlar taqdim etishlari, dalillarni talab qilib olish va ishga ilova qilish to‘g‘risida iltimosnomalar berishlari, dalillarning u yoki bu manbaini baholash bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon qilishlari mumkin va hokazo.
Bular jumlasidagi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi isbot qilish jarayonida o‘ziga xos alohida protsessual maqom va kafolatlarga egaki, bunga ko‘ra jinoiy ta’qib ostidagi shaxs o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas (Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasi 2-qismi). Bu yuqorida aytib o‘tilgan isbot qilish majburiyati yuklatilgan shaxslarning bevosita vazifasidir. Aybsizlik prezumpsiyasining tarkibiy qismi bo‘lgan mazkur kafolatni Jinoyat-protsessual kodeksining qator normalarida mustahkamlanganligini kuzatish mumkin. Xususan, jinoiy ta’qib ostidagi shaxsning ko‘rsatma berishdan bosh tortish va yolg‘on ko‘rsatma berish uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirilmasligi va uning sukut saqlash huquqi (Jinoyat-protsessual kodeksining 46–48-moddalari), himoyachidan voz kechish huquqi (Jinoyat-protsessual kodeksining 52-moddasi), aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi arz, aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari boshqa dalillar bilan isbotlanishi shartligi Jinoyat-protsessual kodeksining 112-,113-moddalari), yaqin qarindoshlarining guvohlik immuniteti (Jinoyat-protsessual kodeksining 116-moddasi).
Isbot qilish jarayonida jinoiy ta’qib ostidagi shaxsga nisbatan amal qiladigan yana bir muhim kafolat bu aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligi to‘g‘risidagi qoidadir. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak (Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasi 3-qismi). Aybsizlik prezumpsiyasining mazkur protsessual kafolati qonunning qator muhim normalarida o‘z aksini topgan. Jumladan, jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim (Jinoyat-protsessual kodeksining 463-moddasi 1-qismi). Shuningdek, oqlov hukmini chiqarish asosi sifatida ko‘rsatilishicha, sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblov ish holatlari batafsil tekshirilgandan keyin ishonarli tarzda o‘z tasdig‘ini topmasa, sud jinoyat sodir etilishiga sudlanuvchi daxldor emas deb baho berib uni oqlaydi. (Jinoyat-protsessual kodeksining 464-moddasi 2-qismi).
Uchinchi guruhni isbotlashda ishtirok etishga jalb etiladigan guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, xolislar, shuningdek fuqarolar va mansabdor shaxslar tashkil etadi. Ular Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda isbot qilish jarayonida muayyan huquqlardan foydalanadilar.
Mazkur shaxslarni isbot qilish jarayonida ishtirok etishi samarasi nuqtayi nazaridan shartli ravishda 2 toifaga ajratish mumkin:
1. Daliliy ahamiyatga ega ma’lumotlar manbalari bo‘lgan shaxslar (guvoh va ekspert). Ya’ni bu shaxslar isbot qilish jarayonida faol ishtirok etib, aynan ular tomonidan beriladigan daliliy ahamiyatga molik ma’lumotlar ishning hal qilinishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. (masalan, jinoyat shohidi bo‘lgan asosiy guvohning ko‘rsatmalari, jinoyat ishi bo‘yicha ekspertiza tayinlanishi shart bo‘lgan holatlarda – ekspert xulosasi).
2. Dalillarni qayd qilish va mustahkamlashda ko‘maklashuvchi shaxslar (mutaxassis, tarjimon, xolis). Bu toifadagi shaxslar esa jinoyat hodisasi bo‘yicha obyektiv faktik ma’lumotlar manbalari bo‘lmasalarda, isbot qilish jarayonida texnik-tashkiliy yordam ko‘rsatadilar. Masalan, dalillarni mustahkamlashdagi mutaxassisning oqilona ko‘magi kelgusida mazkur dalillarning yaroqliligi va ulardan foydalanish samarasini belgilaydi (masalan, voqea joyini ko‘zdan kechirish, ekspertiza uchun namuna olish, eksperiment, guvohlantirish va boshqa tergov harakatlari o‘tkazishda). Tarjimon tomonidan ko‘rsatilgan xizmatning ahamiyati ham muhim hisoblanib, obyektiv va to‘g‘ri tarjima talablaridan biroz chetga chiqish ham isbot qilish jarayonida ish mohiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin (masalan, yetkazilgan zararning miqdori, jinoyat sodir etgan shaxslar soni borasida tarjimadagi chalkashliklar). Xolislar isbot qilish jarayonining qay darajada protsessual shaklga muvofiq olib borilganligi tasdiqlash uchun ishda ishtirok etib, bir tarafdan tergov va protsessual harakatlarning qonuniy o‘tkazilishini ta’minlasa, ikkinchi tarafdan mazkur haraklarning qonuniy o‘tkazilganligi yuzasidan kelgusida hech bir shubhalar kelib chiqmasligini ta’minlaydi. Ya’ni, masalan, xolisning tergov harakatida ishtiroki ayblanuvchi uchun unga nisbatan qonunni to‘g‘ri tatbiq etilishi uchun kafolat bo‘lsa, tergovchi uchun esa mazkur tergov harakatini noqonuniy o‘tkazilmagan kabi mazmundagi turli e’tirozlardan kafolat hisoblanadi. Jinoyat ishi bo‘yicha jalb qilinadigan yuqoridagi shaxslarning ishtirokining optimal samarasini taminlash maqsadida ularga qonunda nazarda tutilgan qator protsessual majburiyatlar yuklatilgan.
Jinoyat-protsessual qonunning yana bir qat’iy talabi - dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda fuqarolarning, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini qo‘riqlashni taminlashdir. Shundan kelib chiqqan holda isbotlashda quyidagi harakatlar taqiqlanadi:
1) shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlar sodir etish;
2) zo‘rlik, po‘pisa qilish, aldash va qonunga xilof boshqa yo‘llar bilan ko‘rsatma, tushuntirish, xulosalar olishga, eksperimental harakatlarni bajarishga, hujjatlar yoki buyumlar tayyorlanishiga va berilishiga erishish;
3) tungi vaqtda, ya’ni kech soat 22.00 dan ertalab soat 6.00 gacha tergov harakatlari olib borish. Tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatning oldini olish, jinoyat izining yo‘qolishiga yoki gumon qilinuvchining qochib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, eksperiment jarayonida tekshirilayotgan hodisaning holatini qaytadan tiklash zarurati bo‘lgan hollar bundan mustasno (Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi). Tergov yoki sud harakatlari bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va ishda mutaxassis yoki ekspert sifatida ishtirok etayotgan shifokorlardan tashqari boshqa shaxslarning o‘zga jinsdagi shaxsni yalang‘och qilib yechintirish chog‘ida hozir bo‘lishlari taqiqlanadi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya tergov va sud muhokamasi jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va boshqalarning shaxsiy hayotiga doir aniqlangan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik chora-tadbirlarini ko‘rishi shart. Buning uchun shunday ma’lumotlar aniqlanishi mumkin bo‘lgan tergov yoki sud harakatlari olib borilayotganda ishtirok etadigan shaxslar doirasi cheklanadi, ishtirokchilar esa ularni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida ogohlantiriladilar. Tergov yoki sud harakatlari jarayonida olib qo‘yiladigan narsalar va hujjatlar tegishli bayonnomalarda aniq ko‘rsatilishi kerak. Shu bilan birga, narsa yoki hujjat egasiga bayonnoma nusxasi yoki uning ko‘chirmasi topshirilib, tilxat olinadi. Ishga aloqasi bo‘lmagan narsa va hujjatlar egasiga darhol qaytarilishi kerak. Fuqarolar saqlashi taqiqlangan narsa va hujjatlar yo‘q qilinishi yoxud ularni saqlashga vakolati bo‘lgan va ularni tasarruf etadigan muassasalar yoki tashkilotlarga berilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |