Dalil ishonchliligi (yaʻni, undagi haqiqiy maʼlumotlarning voqelikka muvofiqligi) to‘liq, so‘zsiz ishonchga egaligi e'tirof etilgan taqdirda u ishonchli hisoblanadi.
Dalilning ishonchliligini aniqlash uchun nafaqat uning tashqi alomatlarini bilish va baholash kerak, balki har bir muayyan holda uning mohiyatini chuqur anglash, uning eng muhim va jiddiy alomatlarini, xususiyatlarini va ish uchun ahamiyatini bilish zarur. Dalilning mohiyati shundan iboratki, anglashda hodisa va mohiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yotadi.
Dalilning ishonchliligi haqidagi savolga haqiqiy ma’lumotlar manbaini hamda dalilni shakllantirishning uyg‘un ravishda sinchkovlik bilan va har tomonlama o‘rganish natijasida javob berish mumkin (so‘roq qilinganning axborotni qabul qilish, eslab qolish, qayta aks ettirishga qodirligi, bu jarayonlarga ta’sir etuvchi, sodir etilgan hodisaning haqiqiy manzarasini uni idrok etgan shaxs ko‘z oldida o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan faktlar, guvohning ayblanuvchi va jabrlanuvchi bilan o‘zaro munosabatlari, moddiy izlar paydo bo‘lishi va saqlanishi sharoitlari va hokazo). Alohida dalilning ishonchliligi haqidagi yakuniy qaror uning mazmunini boshqa protsessual manbalardan olingan axborot bilan solishtirish natijasida qabul qilinishi lozim.
Bu qoida barcha dalillarga taalluqlidir. Ayrim dalilning ishonchliligi ishdagi barcha dalillarni emas, balki aynan bitta omilga taalluqli bo‘lganlarni baholash orqali batafsil aniqlanadi. Masalan, trassologik ekspertizaning gumon qilinuvchidan olib qo‘yilgan poyabzal izlari voqea joyida qoldirilgan iz bilan bir xilligi haqidagi xulosasi bir tomondan va guvohning gumon qilinuvchini jinoyat sodir etilganidan oldin shu joyda ko‘rganligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmalari ikkinchi tomondan bir-birining ishonchliligini o‘zaro mustahkamlaydi. Lekin bular sirasiga, misol uchun, jinoyat tufayli yetkazilgan zarar xususiyati va miqdorini belgilaydigan dalillar kirmaydi. Dalillarga baho berish va ularning ishonchliligini aniqlash jarayonining muhim tarkibiy qismi haqiqiy ma’lumotlar manbalarini ularning sifati jihatidan baholashdir. Protsessual manbalarni baholash tergov va sud organlarining jinoyat hodisasiga taalluqli holatlarni isbotlash bo‘yicha butun faoliyatida o‘ta muhim ahamiyatga ega, chunki ish bo‘yicha isbotlash predmetini tashkil qiladigan barcha faktlar, barcha holatlar qonunda nazarda tutilgan protsessual manbalar yordamida aniqlanadi. Shu boisdan ish uchun ahamiyatli bo‘lgan u yoki bu faktni aniqlash uchun avvalambor, haqiqiy ma’lumotlar manbaini tadqiq etish va to‘g‘ri baholash, uning sifatliligiga, qidirilayotgan fakt haqida u xabar berayotgan ma’lumotlarning ishonchliligiga: unda noto‘g‘ri, xolisona bo‘lmagan yoki xato bo‘lgan yoki yolg‘on ma’lumotlar yo‘qligiga ishonch hosil qilish kerak.
Lekin protsessual manbaning sifatliligi o‘z-o‘zidan undan olingan fakt to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchliligini anglatmaydi. Bu ma’lumotlar jinoyat sodir etganlik to‘g‘risidagi obyektiv holatlarga mos bo‘lishi yoki mos bo‘lmasligi mumkin. Masalan, guvoh unga ish bo‘yicha ma’lum bo‘lgan holatlar to‘g‘risida haqiqatni so‘zlab bergan taqdirda u xato qilishi, yanglishishi, u yoki bu muhim jihatlarni noaniq aytishi mumkin. Demak, fakt to‘g‘risida u yoki bu dalillar manbasi xabar beradigan ma’lumotlar ishonchliligiga ishonch hosil qilish uchun bu ma’lumotlarni sinchkovlik bilan o‘rganish, ularning haqiqiy mazmunini tahlil qilish, ularni boshqa dalillar bilan solishtirish, ularning o‘zaro bog‘liqligini va bir-biriga to‘g‘riligini aniqlash, ular bir-biriga to‘g‘ri kelmagan taqdirda ziddiyat sababini aniqlash kerak. Har bir protsessual manbani aynan ana shunday baholash tergov organlari va sudga isbotlanayotgan fakt yuzasidan olingan ma’lumotlarning ishonchli yoki ishonchsiz ekanligi haqida to‘g‘ri xulosa chiqarish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |