Himoyachi ayblanuvchining har qanday manfaatlarini emas, balki aynan qonuniy manfaatlarini faqat qonuniy usul va vositalar bilan himoya qiladi. Shuning uchun himoyachining qonunda ko‘rsatilmagan usul va vositalardan foydalanishi, ayblanuvchining noqonuniy manfaatlarini himoya qilishga urinishi qat’iyan rad etilishi lozim.
Himoyachining mustaqilligi u umuman himoyasidagi shaxsning ixtiyori va talablari bilan hisoblashmasdan faoliyat ko‘rsatishi lozim, degan ma’noni anglatmaydi.
Himoyachi ayblanuvchining noqonuniy urinishlariga ergashmasligi lozim, lekin u o‘z himoyasidagi shaxsning qonun bilan asoslangan talablarini hisobga olishi shart va bu ma’noda himoyachining mustaqilligi nisbiydir.
O‘zbekiston Respublikasi “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuni normalari avvalo advokatdan axloqiy soflik, qonunlarga aniq va og‘ishmay amal qilishning namunasi bo‘lishni talab etadi.
Advokatning kasbiy burchi unga ish bo‘yicha barcha dalillarni obyektiv, har tomonlama va sidqidildan tahlil qilish va baho berish, faktlarni ataylab buzib ko‘rsatmaslik, sud va tergovni chalg‘itishga urinmaslik, tekshirilayotgan hodisalarga qonuniylik va axloq pozitsiyasidan turib baho berish majburiyatini yuklaydi. Himoyachi haqiqiy, o‘ziga ma’lum bo‘lgan dalillardan foydalanishi yoki unga ma’lum bo‘lgan faktlarga zid keluvchi ishdagi ma’lumotlarni qo‘llashi mumkin emas.
Jinoyat protsessi ishtirokchilaridan yana biri bu gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakilidir.
Qonuniy vakil ishda ishtirok etishga voyaga yetmagan yoxud belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchining huquq va majburiyatlarini himoya qilish uchun jalb qilinadi.
Ishda qonuniy vakil sifatida ota-onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar, voyaga yetmaganga yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan ishtirokchiga homiylik qiluvchi muassasa va tashkilotlarning vakillari qatnashishi mumkin. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining qonuniy vakili ishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi bilan birga, jabrlanuvchining qonuniy vakili esa jabrlanuvchi bilan birga, shuningdek uning o‘rnida ham ishtirok etadi.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchining manfaatlari o‘zaro mos kelmasa-da, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi tarafida ishda ishtirok etish uchun qaror yoxud ajrim bilan advokat tayinlanadi.
Qonuniy vakillik fuqarolik va jinoyat protsessidagi vakillik umumiy himoya institutidan farqli o‘laroq, vakillik qilinayotgan huquqiy munosabat subyekti almashtirilishini anglatmaydi. Qonuniy vakil vakillik qilayotgan shaxs o‘rniga emas (birgalikda ham emas), balki u bilan birga o‘z qaramog‘idagi shaxsning huquqlari himoyasi va qonuniy manfaatlarining amalga oshirilishiga, u tomonidan o‘z protsessual majburiyatlarini bajarishga yordam beradi.
O‘z navbatida ishda qonuniy vakilning ishtiroki o‘zi vakillik qilayotgan shaxsning protsessual huquqlarini cheklab qo‘ymaydi, balki aksincha ularning to‘la va samarali ravishda amalga oshirilishiga yordam beradi. Ushbu shaxs har xil turdagi ariza va shikoyatlar berish kabi maqsadlarda o‘z qonuniy vakilining roziligiga qaram emas. U o‘z qonuniy vakilining holatidan farqlanadigan holatni egallashi mumkin.
Qonuniy vakilning protsessual holati avvalambor, kimning, protsessning qaysi ishtirokchisining manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilayotgani bilan belgilanadi va amaldagi jinoyat-protsessual qonuni shundan kelib chiqib, qonuniy vakillarga juda keng vakolat beradi, bu vakolat ular vakillik qilayotgan shaxslarning protsessual huquq va majburiyatlari majmuiga yaqinlashadi yoxud teng bo‘ladi.
Qonuniy vakilning huquqlari mazmunan u o‘zi vakillik qilayotgan shaxsning huquqlaridan kelib chiqqanligi sababli, shunga muvofiq ravishda u o‘zi vakillik qilayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining jinoyat sudlov ishlarini yuritish mobaynida ko‘rsatilgan huquqlaridan kelib chiqadi va Jinoyat-protsessual kodeksida ko‘rsatilgan barcha protsessual vositalar, rad qilish va arizalar berishdan shikoyat qilishgacha bo‘lgan vositalarning qo‘llanishiga asoslanadi.
Qonuniy vakil nafaqat huquqlarga ega, balki uning majburiyatlari ham bor. U jumladan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi, ko‘rsatuvlar berishi, tergov harakatlarini o‘tkazishda, sud majlisida ishtirok etishi, unda tartibga rioya qilishi, o‘zi vakillik qilayotgan shaxsga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik kabi majburiyatlarga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |