Himoyachi jinoyat protsessida qonunda ko‘rsatilgan tartibda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilish va ularga zarur yuridik yordam ko‘rsatish vakolatiga ega shaxsdir.
Jinoyat ishlari yurituvida himoyachining protsessual maqomini tahlil qilishda 2008-yil 31-dekabrdagi “Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining ahamiyatini e’tirof etib, mazkur qonun bilan advokatning protsessual vakolati va maqomi yanada oshirilganini alohida ta’kidlash lozim.
Xususan, hozirgi kunda advokatlik faoliyati bilan oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi O‘zbekiston Respublikasida advokat bo‘lishi mumkin.
Himoya huquqi bilan taminlashning mazmuni quyidagilardan iborat: gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi jinoyat protsessining ishtirokchisi sifatida protsessual huquqlar doirasiga ega bo‘lib, ularga qo‘yilgan ayblovdan himoyalanish uchun o‘zini-o‘zi, o‘z qonuniy manfaatlarini himoya etishga imkon beradi; gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi himoyachi yordamidan foydalanishi, himoyachining ishtiroki zarur bo‘lgan ba’zi hollarda bu yordamni qonun asosida bevosita olishi mumkin; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchiga uning protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntirishga majbur bo‘lib, ularga himoyalanish manfaatlarini, shaxsiy huquq va moddiy huquqini idora qilishi uchun sharoitlar yaratib berishlari lozim; gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi shaxsning shaxsiy va moddiy huquqlarini muhofaza qilish, ularni taminlash borasida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud zaruriyat bo‘lmasa, uning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni ovoza qilmaslik, ushbu shaxslarning qadr-qimmati va sha’niga qarshi, salomatligiga xavf tug‘diradigan harakatlar qilmaslik, ularning voyaga yetmagan va yolg‘iz qolgan bolalariga nisbatan homiylikni o‘rnatish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish, ushbu shaxslarning mulki va turar joyini saqlash choralarini, ushbu shaxslarning qarindoshlari bilan dastlabki tergov tamom bo‘lganda uchrashtirish yuklatilgan.
Odatda ishda himoyachi sifatida advokatlar ishtirok etadilar. Advokatning ishda ishtirok etishiga u advokat guvohnomasini ko‘rsatganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan birining advokat bilan bir qatorda himoyachi sifatida ishtirok etishiga gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosnomasi bo‘yicha surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sud ajrimiga binoan yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |