Mazkur ikkilamchi qora buxgalteriya daftari jinoyat ishi yuzasidan dalil hisoblanadimi, agar hisoblansa, qanday dalil hisoblanadi, tergovchining harakatlariga huquqiy baho bering.
Dalillar maqbulligi shartlarini bayon qiling. Mazkur jinoyat ishi materiallari bo‘yicha isbotlash doirasi nimadan iborat?
MUSTAQIL ISH UCHUN TOPSHIRIQLAR
1. MDH davlatlarida va boshqa xorijiy davlatlarda jinoyat ishlari bo‘yicha dalillar va isbotlash jarayonining o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qiling. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
2. Xorijiy davlatlarda jinoyat ishlari bo‘yicha dalillarga qo‘yilgan talablarni ko‘rib chiqing. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
3. Xorijiy davlatlarda isbotlash majburiyati yuklatilgan subyektlar faoliyatiga to‘xtalib o‘ting. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
VII BOB. DALILLARINI TO`PLASH USULLARI
Annotatsiya: mazkur mavzuni talabalar tomonidan o‘zlashtirilishi jinoyat ishlari bo‘yicha ish yurituvni amalga oshirish jarayonida dalillarni to‘plashning usullari bo‘lgan tergov va sud harakatlarining tushunchasi, turlari, shakllari, ularni o‘tkazishning asoslari va protsessual tartibi, ularni o‘tkazishda ishtirok etuvchi shaxslar, natijalari bo‘yicha tuziladigan protsessual hujjatlarning shakli va mazmuniga oid xususiyatlarini bevosita o‘rganib, tergov va sud harakatlarini o‘tkazish va rasmiylashtirishga yo‘naltirilgan bilimlarni olish va zaruriy ko‘nikmalar shakllantirish imkonini beradi.
7.1. Dalillarni to‘plash usullari tushunchasi va turlari
(Mualliflar –yuridik fanlar nomzodi N.M.Qo‘shaev,
o‘qituvchi A.R.Matmurotov)
Dalillarni to‘plash usullari jinoyat protsessining g‘oyat munozarali, dolzarb masalalaridan biridir. Jinoyat ishlarini yuritishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri jinoyatlarni tez va to‘la ochish va aybdorlarni fosh etish ekan, bu maqsadga erishishda asosiy vazifalardan biri dalillarni to‘plash hisoblanadi.
Dalillarni to‘plashning usullari turlicha bo‘lib, ular Jinoyat–protsessual kodeksi normalari bilan tartibga solingan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan qator tezkor-qidiruv tadbirlari mavjudki, ular yordamida to‘plangan ma’lumotlar Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq tekshirilganidan va baholanganidan so‘ng dalil sifatida e’tirof etilishi mumkin (mazkur qonunning 19-moddasining uchinchi qismi).
Nazariyada jinoyat protsessual qonunchiligi bilan tartibga solinadigan dalillarni to‘plash usullari “tergov harakatlari” ham deb yuritiladi. Ayrim vaqtlarda “tergov harakatlari” atamasi keng ma’noda ham qo‘llanilib, dastlabki tergovda vakolatli organlar va mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan jinoyatni tergov qilish bilan bog‘liq barcha protsessual harakatlar ham tushuniladi. Shuning uchun tergov yoki sud harakatlari atamalariga duch kelganda ularning aynan dalillarni to‘plash usullari sifatida yoki keng ma'noda qo‘llanganligini aniqlab olish zarur.
Ushbu bob (mavzu) doirasida “tergov harakatlari” atamasini jinoyat-protsessual qonunchiligi bilan tartibga solinadigan dalillarni to‘plash usullari ma’nosida qo‘llash maqsadga muvofiq. Bunday tergov harakatlari doirasini Jinoyat-protsessual kodeksi 87-moddasi birinchi qismida keltirilgan dalil to‘plash usullari tashkil qiladi.
Ushbu normada isbot qilish majburiyatiga ega shaxslar (ya'ni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud) tomonidan dalillarni to‘plashning quyidagi usullari qo‘llanilishi belgilangan:
1) so‘roq qilish;
2) yuzlashtirish;
3) tanib olish uchun ko‘rsatish;
4) ko‘rsatuvni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish;
5) olib qo‘yish;
6) tintuv;
7) ko‘zdan kechirish;
8) guvohlantirish;
9) murdani eksgumatsiya qilish;
10) eksperiment o‘tkazish;
11) ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun namunalar olish;
12) ekspertiza va taftish tayinlash;
13) taqdim etilgan ashyolar va hujjatlarni qabul qilish;
14) telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib borilgan so‘zlashuvlarni eshitib turish yo‘li bilan to‘planadi.
Yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari, himoyachi ham isbotlash jarayonida faol ishtirok etib, dalillar sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni, ya’ni:
1) ishga taalluqli axborotga ega bo‘lgan shaxslarni so‘rovdan o‘tkazish hamda ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish;
2) davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar muassasalar va tashkilotlarga so‘rov yuborish hamda ulardan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar (ya’ni holat yuzasidan batafsil ma’lumot yoki qoidaning sharhi) va boshqa hujjatlarni olishga haqlidir. Lekin, himoyachining himoya pozitsiyasini shakllantirish uchun foydalanadigan dalil to‘plash usullarini “tergov harakati” deb baholab bo‘lmaydi.
Barcha tergov harakatlari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, ularning barchasiga xos bo‘lgan umumiylik mavjud.
Odatda, tergov harakatlari jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan keyin o‘tkaziladi.
Quyidagi tergov harakatlarigina jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar o‘tkazilishi mumkin: hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, ekspertiza tayinlash, (Jinoyat-protsessual kodeksi 329-moddasi 2-qismi) shuningdek ushlangan shaxsni shaxsiy tintuv va ashyolarni olib qo‘yish (Jinoyat-protsessual kodeksi 224-moddasi 2-qismi).
Tergov harakatlari turli mezonlarga ko‘ra tavsiflanadi.
Tergov harakatlari bilish usuliga ko‘ra:
1) so‘rov shaklidagi tergov harakatlari;
2) kuzatuv shaklidagi tergov harakatlari;
3) kuzatuv va so‘rov shaklidagi tergov harakatlariga bo‘linadi.
So‘rov shaklidagi tergov harakatlarida shaxsdan dalil bo‘la oladigan ma’lumotlar muloqot yoki so‘zlashuv (so‘rov) yo‘li bilan olinadi. Bunga misol qilib, so‘roq qilish, yuzlashtirish tergov harakatlarini ko‘rsatish mumkin.
Kuzatuv shaklidagi tergov harakatlari muayyan obyekt yoki jarayonning tashqi belgilarini yoki ulardagi o‘zgarishlarni kuzatish orqali o‘tkaziladi. Misol tariqasida, guvohlantirish, olib qo‘yish va eksperiment tergov harakatlarini ko‘rsatish mumkin.
Kuzatuv va so‘rov shaklidagi tergov harakatlari bir vaqtda bilishning ikkala usuli: ham kuzatuv, ham so‘rov bilan o‘tkaziladigan tergov harakatlari hisoblanadi. Bunga ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirishni misol qilsa bo‘ladi.
Bilish usullari jinoyat izlariga bog‘liq va ular tergov harakatlarining protsessual shakliga sezilarli ta’sir etadi. Masalan, kuzatuv usuli qo‘llaniladigan vaqtda xolislarning ishtiroki obyektivlik garovi sifatida talab qilinadi.
Ma’lumotni olish usuliga ko‘ra tergov harakatlari:
1) ma’lumotlarni bevosita olishga asoslangan tergov harakatlari;
2) yashirin ma’lumotlarni maxsus mutaxassislar yordamida, ya’ni bilvosita olishga asoslangan tergov harakatlari.
Ma’lumotlarni bevosita olishga asoslangan tergov harakatlarida tergovchi (yoki tergov harakatini o‘tkazayotgan boshqa shaxs) ma’lumotlarni shaxsan o‘zi bevosita qabul qiladi va qayd qiladi.
Yashirin axborotni mutaxassislar yordamida bilvosita olishga asoslangan tergov harakatlarida dalil sifatida olinadigan ma’lumotni olish uchun maxsus bilim talab qilinadi. Ekspertiza tayinlanishi lozim bo‘lgan hollarda, faqatgina ekspertiza orqali dalillar olinadi. Amaldagi jinoyat-protsessual qonunining mazmuniga ko‘ra ekspertiza tayinlanishi lozim bo‘ladigan holatlarda tergovchining tadqiqotni o‘tkazish va ma’lumotni olish qobiliyati borligidan qat’iy nazar ekspertiza tayinlanishi shart.
Tergov harakatlarining fanda mazkur mezon asosida tasniflanishi tartibi, ma’lumotni olish usuliga ko‘ra bir-biriga o‘xshash tergov harakatlarining qanday holatda o‘tkazilishini aniqlashga yordam beradi. Misol uchun, bir holat yuzasidan tergov eksperimenti yo guvohlantirish o‘tkazish yoki ekspertiza tayinlash kerakmi?, – degan savollarga ma’lumotni olish usuliga ko‘ra tergov harakatlari turlarga ajratish orqali javob olish mumkin. Chunki mazkur tasniflash yuqorida sanab o‘tilgan tergov harakatlari o‘tkaziladigan holatlarning chegarasini belgilab beradi.
Obyektlarining murakkabligiga ko‘ra tergov harakatlari ikki guruhga bo‘linadi. Bular:
1) bir obyektga qaratilgan tergov harakatlari;
2) bir necha obyektga qaratilgan tergov harakatlari.
Bir obyektga qaratilgan tergov harakatlarida ma’lumot manbasi bo‘lib bitta obyekt xizmat qiladi va bir mazmundagi harakatlar amalga oshiriladi. Misol uchun, so‘roq qilishda faqat bir shaxs so‘roq qilinadi. Ko‘zdan kechirishda faqat kuzatilib, ma’lumotlar olinadi. Tintuv va olib qo‘yishda esa daliliy ashyolar topiladi.
Bir necha obyektga qaratilgan tergov harakatlarida ma’lumot manbalari yoki olish usullari bir nechta bo‘ladi. Yuzlashtirish tergov harakatida ma’lumot manbasi sifatida ikki shaxsning ko‘rsatuvlari taqqoslanadi. Ko‘rsatuvlarni hodisa joyida tekshirishda ham shaxs so‘roq qilingan bo‘ladi, ham uning ko‘rsatuvlari obyektiv holat bilan tekshiriladi.
Tergov harakatlari o‘zining maqsadiga ko‘ra:
1) dalillarni to‘plashga qaratilgan tergov harakatlari;
2) dalilarni tekshirishga qaratilgan tergov harakatlariga bo‘linadi.
Dalillarni to‘plashga qaratilgan tergov harakatlarida hali o‘rganilmagan obyekt xususida ma’lumot olinadi. So‘roq qilish (takroran, qo‘shimcha va qayta so‘roq qilishlar bundan mustasno), olib qo‘yish, tintuv va b.
Dalillarni tekshirishga qaratilgan tergov harakatlarida oldin tergov harakatlari orqali boshqa bir tergov harakatida yig‘ilgan dalilning haqiqiy holatga mos kelishi tekshiriladi. Bular yuzlashtirish, eksperiment o‘tkazish, tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatlaridir. Shuning uchun bunday tergov harakatlarini amalga oshirishdan oldin dastlabki kerakli dalillarni to‘plash zarur bo‘ladi.
Bulardan tashqari, fanda tergov harakatlarini tasniflashda ularni o‘tkazish paytiga ko‘ra (boshqa protsessual harakatlarga nisbatan) kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari turi ajratilib ko‘rsatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |