Shu holatda jinoyat-protsessual qonun talablari buzilganmi? Bu tergov harakati natijasida olingan dalillarning maqbullik darajasini aniqlab, vaziyatga huquqiy baho bering. 2 – kazus 2013-yilning 24-aprel kuni Sergeli tuman DSI xodimlari tomonidan Sergeli tumanida joylashgan “Madinabonu” xususiy firmaga qarashli savdo shaxobchasida nazorat tartibida qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazilgan. O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida savdo shaxobchasida 70 turdagi jami 8.500.000 so‘mlik tegishli kirim hujjatlari va sifat sertifikatlari bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari mavjudligi aniqlangan. Bundan tashqari, do‘kon g‘aznasidagi savdodan tushgan naqd pul mablag‘lari sanalganda 1.500.000 so‘mni tashkil qilgan. Do‘konda o‘rnatilgan “Merkuriy 115 F” rusumli NKMdan kunlik hisoboti olinib, kunlik savdodan tushgan 1.500.000 so‘m miqdoridagi naqd pul mablag‘lari bilan solishtirilganda, ushbu kunlik savdodan tushgan naqd pul mablag‘lari do‘konda o‘rnatilgan NKM xotirasiga kiritilmaganligi aniqlangan. Bundan tashqari, do‘kon ko‘zdan kechirilganda, do‘kon sotuvchisi ish stolida 1 dona 48 varaqdan iborat bo‘lgan ikkilamchi qora buxgalteriya daftari mavjudligi aniqlangan va ushbu daftarda yil boshidan 40.000.000 so‘mlik qilingan xarajatlar aks ettirilganligi aniqlangan. Shunga asosan Sergeli tuman prokuraturasi tomonidan “Madinabonu” XF rahbari Xaydarov va firmaga qarashli do‘kon sotuvchisi Lazizovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 189-moddasi 2-qismi “b” bandi va 189-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida gumon qilinuvchi tariqasida so‘roq qilingan do‘kon sotuvchisi Lazizov o‘z ko‘rsatmalarida tekshiruv vaqtida do‘kondan olib qo‘yilgan 48 varaqdan iborat bo‘lgan ikkilamchi qora buxgalteriya hujjatlarining do‘konga aloqasi yo‘qligini, undagi ma’lumotlar o‘zi tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatilgan pul mablag‘lari ekanligi ma’lum qilgan bo‘lsa-da, tergovchi ushbu ikkilamchi buxgalteriya daftaridagi ma’lumotga asosan korxona rahbari Xaydarovga va do‘kon sotuvchi Lazizovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 189-moddasi 3-qismi bilan ayb e’lon qilgan. Chunki ushbu ikkilamchi qora buxgalteriya daftarida do‘konda sotish uchun olib kelingan tovarlar ro‘yxati, olingan narxi, sotilgan narxi yozilgan edi. Ushbu daftardagi pul mablag‘lari bilan firma hisob raqamiga kelib tushgan naqd pul mablag‘lari solishtirilganda, farq aniqlangan.