2.8. Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipi
Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipi shaxsning daxlsizligi davlat tomonidan kafolatlanishining ifodasidir. Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish jinoyat ishini yuritishda ishtirok etayotgan barcha organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.
Mazkur prinsip O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13
va 26-moddalari normalariga asoslangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplariga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi, xuddi shuningdek hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsiplarni jinoyat protsessining asosiy prinsiplaridan biri sifatida mustahkamlaydi.
Zo‘ravonlik, qo‘rqituv, haqoratga asoslangan, shuningdek insonni teng huquqli subyekt sifatida o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkoniyatidan mahrum qiluvchi harakat va qarorlar shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakat va qarorlar deb e’tirof etiladi.
Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi Konvensiyada (1984-yil 10-dekabr) qiynoqning ta’rifi berilgan. Unga ko‘ra “qiynoqning ta’rifi shunday istalgan harakatni anglatadiki, u bilan qandaydir shaxsga undan yoki uchinchi shaxsdan ma’lumotlar yoki e’tirof olish, uni u yoki uchinchi shaxs sodir etgan yoki sodir etishda u gumon qilinadigan harakat uchun jazolash, shuningdek uni yoki uchinchi shaxsni qo‘rqitish yoki zo‘rlash maqsadida, yoki bunday og‘riq yoki azob davlatning mansabdor shaxsi yoki rasmiy sifatdagi boshqa shaxs, yoki ularning gijgijlashi bilan yoki ularning xabardorligida yoki indamay roziligi bilan har qanday tusdagi kamsitish asoslangan istalgan sabab bo‘yicha ataylab kuchli og‘riq va azob beriladi. Bu ta’rifga qonuniy sanksiyalar natijasida paydo bo‘ladigan shu sanksiyalardan ajralmas yoki ulardan tasofidan chiqqan og‘riq yoki azoblar kirmaydi”. Ushbu Konvensiyaning 2-moddasiga ko‘ra “har qanday ishtirokchi davlat uning yurisdiksiyasidagi istalgan hududda qiynoq harakatlarining oldini olish uchun samarali qonun chiqarish, ma’muriy, sudlov va boshqa choralarni ko‘radi. Hech qanday favqulodda holatlar, ular qanday bo‘lmasin: xoh, urush holatimi yoki urush xavfimi, ichki siyosiy barqarorlikmi yoki boshqa istalgan favqulodda holatmi ekanligidan qat’iy nazar, qiynoqni oqlashga xizmat qilolmaydi. Yuqori turgan boshliq yoki davlat hokimiyatining buyrug‘i qiynoqni oqlashga xizmat qilolmaydi”.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida mustahkamlangan shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipi inson huquqlariga doir asosiy xalqaro hujjatlarning talablariga to‘liq javob beradi hamda jinoyat protsessiga jalb qilingan har bir shaxsning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur prinsip birinchi navbatda jinoyat protsessida boshqa ishtirokchilarga nisbatan protsessual majburlov choralarini va fuqarolarning huquq va erkinliklarini chegaralash bilan bog‘liq boshqa harakatlarni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan suiiste’molchiliklardan shaxsni, uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga qaratilgan.
Ko‘rib chiqilayotgan prinsip davlat organlari bilan ishda ishtirok etadigan shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni shunday belgilaydiki, davlat organlari ishda ishtirok etadigan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini muhofaza qilishi shart, ishda ishtirok etadiganlar esa inson qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlardan himoyalanish vositalari majmuiga egadirlar. Jumladan, ularning manfaatlarini cheklash yoki buzishga olib keladigan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat berishlari mumkin. Mazkur prinsip shaxsga jismoniy va ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish uchun to‘siq bo‘lib xizmat qiladi. Eksperiment, guvohlantirish, shaxsiy tintuv o‘tkazilganda ishtirok etadigan shaxslarning sha’ni, qadr-qimmatini kamsituvchi, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Sud muhokamasida ishtirok etadigan biron-bir shaxs ustida, xususan, dalillar olish uchun uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas. Agar ish yuritilishida protsessda ishtirok etadigan shaxslarning shaxsiy hayotiga, farzandlikka olish, tibbiy sirlar va boshqalarga taalluqli ma’lumotlar aniqlansa, davlat organlari mazkur ma’lumotlarni tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishlari shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |