D. Anglanganlik qonuni. Idrok qilayotgan shaxs uchun figuraning anglanganlgi, uning zarurati va ma’nosi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Agar biz kuzatayotgan predmet, eshitayotgan nutq yoki his qilayotgan narsamiz ma’nosiz, tushunarsiz, noaniq bo‘lsa, biz juda tez charchaymiz va toliqamiz. Masalan, xitoy tilini bilmaydigan odam shu tilda so‘zlashuvchilar orasiga tushib qolsa, psixologik jihatdan juda qiynaladi. YA’ni, bizga barcha narsalarda biror ma’no va mazmun kerak. Odam odatda tushunadigan narsasinigina idrok qiladi. Hattoki, ma’ruzachining bugun tushuntirayotgan ma’ruzasidagi faktlar sizning tushunchalaringiz va bilim doirangizdan uzoq bo‘lsa, professorga qarab o‘tirgan bo‘lsangiz ham uning gaplari qulog‘ingizga kirmaydi. SHunday paytlarda «Nima deyapti o‘zi?» deb qo‘shnimizdan so‘rab qo‘yamiz ham, zero ma’ruzasi o‘sha biz uchun qadrdon bo‘lgan o‘zbek tilida gapirayotgan bo‘lsa ham. Sinab ko‘rish uchun o‘rtog‘ingizga bir nechta so‘zlardan iborat qatorni bering. Ular orasida mazmunan bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan so‘zlar, hattoki ma’nosiz (teskarisiga yozilgan so‘zlar) bo‘lsin. Oraga 2-4 ta tanish o‘zbek tilidagi so‘zlardan aralashtiring. Bir daqiqa mobaynida qarab, eslab qolganini qaytarishni so‘rasangiz, o‘sha 2-4 ta so‘zlardan boshqalarni deyarli «ko‘rmaganining» guvohi bo‘lasiz.
E. Taxminlarni tekshirish jarayonida idrok qilish. Biz idrok jarayonida ilgarigi tajribaga tayanganimiz bilan ko‘pincha adashamiz, ba’zan esa o‘zimiz uchun yangiliklar ochib, tajribani yanada boyitamiz. Ilgarigi tajriba va kelajakni bashorat qilish insonga xos xususiyat bo‘lib, bizning sezgi organlarimiz orqali keladigan ma’lumotlarning ko‘lami va imkoniyatlarini yanada oshiradi. SHu nuqtai nazardan olib qaralganda, idrok - tashqi muhit to‘g‘risidagi taxminlarimizni isbot qilishga qaratilgan faol jarayondir.
Odam ko‘rgan, his qilgan va eshitgan narsalarining juda oz miqdorinigina eslab qola oladi. Ma’lum bo‘lishicha, bir vaqtning o‘zida odam ongida 7 tadan ortiq belgiga ega bo‘lgan ma’lumotning qolishi qiyin ekan ekan. Bu ettita so‘z, son, belgi, narsaning shakli bo‘lishi mumkin. Agar telefon raqamlari 8 ta belgili bo‘lganda, uni yodda saqlash ancha qiyin bo‘larkan. Demak, ongning tanlovchanligi va ma’lumotlarni saralab, terib ishlatishi yana bir psixik jarayonni - xotirani bilishimiz lozimligini bildiradi.
Odatda biz biror bir materialni o‘qiydigan bo‘lsak, uni hech bir o‘zgarishsiz eslab qolishga harakat qilamiz. Lekin ajablanarlisi shundaki, borgan sari material ma’lum o‘zgarishlarga yuz to‘tib, xotirada dastlabki paytdagisidan boshqacharoq bo‘lib saqlanadi. Ba’zi bir material yoki ma’lumot xoxlasak ham xotiradan o‘chmaydi, boshqasi esa juda qattiq xoxlasak ham kerak paytda yodimizga tushirolmaymiz Bu kabi savollar, inson bilish jarayonlaridagi eng muhim savollar bo‘lib, ba’zan o‘z taraqqiyotimiz va kamolatimizni ham ana shunday omillarga bog‘lagimiz keladi.
Ma’lum bo‘lishicha, inson miyasi har qanday ma’lumotni saqlab qoladi. Agar shu ma’lumot biror sabab bilan odamga kerak bo‘lmasa, yoki o‘zgarmasa, u ongdan tabiiy tarzda yo‘qoladi. Lekin har doim ham bizning professional faoliyatimiz manfaatlariga mos ma’lumotlarni esda saqlash juda zarur va shuning uchun ham ko‘pchilik ataylab xotira tarbiyasi bilan shug‘ullanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |