Goʻsht-pepton bulyonini tayyorlash. Goʻsht (mol goʻshti va hokazo) yogʻ, suyak, paydan tozalanib, mayda qilib toʻgʻraladi yoki goʻsht maydalagich (myasorubka) dan oʻtkaziladi, soʻngra tortiladi. Qiymaga ikki hissa ortiq vodoprovod suvi yoki distillangan suv quyiladi (masalan, 500 g goʻshtga 1 l suv olinadi) va salqin joyda 12-24 soat saqlanadi. Soʻngra aralashma qaynab chiqquncha avaylab isitiladi, goʻsht surp latta yoki dokaga oʻrab siqiladi, suyuq qismini esa paxtadan oʻtkazib filtrlanadi va dastlabki hajmiga qadar suv qoʻshiladi. Natijada goʻsht suvi hosil boʻladi, unda goʻshtdan chiqqan eritma (ekstraktiv) moddalar, eriydigan oqsil moddalar va tuzlar boʻladi. Goʻsht suviga 1% pepton va 0,5% osh tuzi qoʻshiladi (pepton oqsilning parchalanishidan hosil boʻladi, uni aksari mikroblar yaxshi oʻzlashtiradi). Goʻsht suvi odatda kislotali reaksiyada boʻlganidan, lakmus bilan tekshirishda kuchsiz ishqoriy reaksiya vujudga kelguncha natriy karbonatning toʻyingan eritmasi yoki natriy gidroksid (NaOH) ning normal eritmasi qoʻshiladi. Bu moddalarning hammasi eriguncha isitiladi va shisha tayoqcha bilan muttasil aralashtirib turiladi. Soʻng goʻsht suvi 30 minut qaynatib sovitiladi, nam qogʻoz filtrda suziladi (filtrlanadi), dastlabki hajmiga qadar suv qoʻshiladi, shundan soʻng muhit reaksiyasi yana tekshiriladi (pH aniqlanadi).
Oziqli muhitlarning vodorod ionlari konsentratsiyasi (pH) turli usullar bilan aniqlanadi. Bakteriologik laboratoriyalarda kolorimetrik usul koʻproq qoʻllaniladi, u indikatorlar deb ataladigan ba’zi moddalarning eritmadagi pH oʻzgarishi bilan oʻz rangini oʻzgartish xossasiga asoslangan. Buning uchun vodorod ionlari konsentratsiyasi (pH) elektrometrik usulda aniqlab qoʻyilgan (pH=5,4 dan pH=8,4 gacha) muayyan indikatorli ishqor va kislota eritmalari (standart eritmalar) toʻplami, shuningdek Uolpol-Mixaelis komparatori (5-rasm) boʻlishi kerak. Muhitdagi pH=6,8 dan 8,4 gacha boʻlganda metanitrofenol indikatori, pH=5,4 dan 7,0 gacha boʻlganda esa paranitrofenol ishlatiladi. Probirkaga tekshirilayotgan muhitdan 2 ml, distillangan suvdan 4 ml va indikatordan 1 ml quyib, komparatorning 2-uyasiga qoʻyiladi, yonidagi 1 va 3-uyalarga joylanuvchi probirkalarga esa tekshiriladigan muhitdan 2 ml va distillangan suvdan 5 ml quyiladi, orqa tomondagi 4 va 6-uyalarga yaqin pH li standartlar, 5-uyaga distillangan suvli probirka qoʻyiladi.
Shu tariqa, yorugʻlik oʻtib turishi uchun birday sharoit vujudga keltiriladi. Soʻngra 2-probirka rangi pH aniqlangan standart rangga mos kelguncha unga (2-probirkaga) ishqor yoki kislota tomchilab qoʻshiladi. 2 ml muhitni titrlashga ketgan ishqor yoki kislota miqdorini nazarda tutib, vodorod ionlari konsentratsiyasini aniqlamoq uchun muhitning hammasiga qancha ishqor yoki kislota qoʻshish kerakligini hisoblab topiladi.
Tayyorlangan goʻsht-pepton bulyoni somon rang-sariq va tiniq boʻlishi kerak. Bulyon probirkalarga yoki kolbalarga quyilib, paxta tiqinlar bilan yopiladi va avtoklavda 120°C haroratda 15-20 minut sterillanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |