17-rasm. Zeys filtri:
a – filtrlanuvchi suyuqlikni quyish uchun voronka;
b – filtr; c – havoni tortib turish uchun Komovskiy nasosi.
18-rasm. Quritgich shkaflar:
a – zamonaviy shkaf; b – Paster pechkasi.
Nazorat savollari:
1. Kox qaynatgichida sterillash usuli qanday amalga oshiriladi?
2. Avtoklavda sterillash vaqtida avtoklav ichidagi haroratni qanday aniqlaymiz?
3. Sovuq sterillash usulida nimalardan foydalaniladi?
4. Sterillash usullari afzalliklari va kamchiliklari bormi?
5. Sovuq sterillashda qanday filtrlardan foydalaniladi?
9-laboratoriya ishi
Mavzu: Mikroorganizmlarni yigʻma kulturalari va toza kulturalarini olish usullari
Ishdan maqsad: oziq-ovqat sanoatida ishlatiladigan amalda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim mikroorganizmlarning, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini buzadigan ko‘p tarqalgan qo‘zg‘atuvchilarning elektiv kulturasidan namunalar olish usullari bilan tanishish.
1. Mikroorganizmlarning yig‘ma (elektiv) kulturasini olish usullari
Tarkibida mikroorganizmlar yaqin turlarining yoki hatto bir turining vakillari ko‘pchilikni tashkil etgan kulturalar yig‘ma yoki elektiv deb ataladi (lotincha eletus – tanlangan degani). Oziq-ovqat mahsuloti (yoki boshqa ob’ekt )ning mikroflorasi tarkibini o‘rganishda yig‘ma kulturadan toza kultura ajratib olinadi. Yig‘ma kultura olish uchun tekshiruvchini qiziqtiruvchi mikroorganizmlar ko‘plab rivojlanishini ta’minlovchi sharoit yaratiladi. Buning uchun eng avvalo o‘ziga xos tanlama muhitdan foydalaniladi; ular mikroorganizmlar muayyan guruhlarining oziq muhitiga bo‘lgan fiziologik talabini eng to‘liq ta’minlaydi. Bu muhitlar birga uchraydigan boshqa mikroorganizmlar uchun kam foydali yoki ular uchun umuman yaroqsiz bo‘lishi kerak.
Muhit reaksiyasi (pH), harorat, kislorod bor-yo‘qligi, antibiotiklarga va boshqa birikmalarga chidamligi yig‘ma kultura olishga ta’sir etadigan muhim omillardir. Masalan, muhitning kislotaliligini oshirib, bakteriyalarning rivojlanish imkoniyati yo‘qotiladi va achitqi hamda miseliyli zamburug‘larning o‘sishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Termofil organizmlarning yig‘ma kulturasi 45-65oC, ba’zan hatto 70-75oC haroratda olinadi. Muhitga ma’lum konsentrasiyada penisillin qo‘shilsa, gram-manfiy bakteriyalarning yoki achitqilarning rivojlanishiga ta’sir etadi. Neomisin yoki penisillin streptomisin bilan birgalikda bakterial mikroflorani nobud qiladi va achitqilarning rivojlanishiga sharoit yaratadi. Nistatin esa aksincha, bakteriyalarga ta’sir etmay, achitqilarning hayot faoliyatiga to‘sqinlik qiladi. Aeroblarning yig‘ma kulturasini olish uchun oziq muhitni kolbalarga yupqa qilib (1,5-2 sm) quyib, tebratma uskunada (kachalkada) o‘stiriladi. Anaerob mikroorganizmlar bilan boyitish uchun muhit uzun probirkalarga yoki flakonchalarga to‘ldirib quyiladi.
Bitta elektiv muhitning o‘ziga yana ikkinchi marta qayta ekish va ma’lum turlar uchun qulay bo‘lgan sharoit yaratilishi natijasida kultura asta-sekin kerakli xossaga ega bo‘lgan mikroorganizmlar bilan boyib boradi, birga uchraydigan formalar kamayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |