Bitiruv malakaviy ishining tarkibi. Bitiruv malakaviy ishi kirish, uch bob, xulosa, foydalanilgan manba va adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I BOB. ILK O‘RTA ASRLARGA OID XITOY MANBALARIDA TURKIY QABILALAR MANBASHUNOSLIGI VA TARIXSHUNOSLIGI
I.1. Ilk o‘rta asrlarga oid xitoy manbalarida turkiy qabilalar manbashunosligi
Milodiy 618—907-yillarda Xitoyda hukmron boʻlgan Tang sulolasi davrida tarixiy voqealarni yozish siyosat darajasiga koʻtarilib, bu ish hukumat monopoliyasiga olingan edi. Oʻtmishda bitilgan tarixiy asarlarga rasmiy baho berish maqsadida ularni tartibga solish, toʻldirish, tuzatish ishlari ham olib borilgan. Sulolalar tarixini yozish davlat nazorati ostiga olingan.
Rasmiy - tarixiy asarlar sulola tarixi, ayrim viloyatlar, bosib olingan hududlar, hodisalar tazkirasi, voqealarga bagʻishlangan hujjatlar majmuasi, kundalik tafsilotlar bayoni va jugʻrofiy asarlardan iborat boʻlgan. Shu bilan birga ikki ming yillik davrni oʻz ichiga olgan sulolalar bilan bir qatorda Xitoy hududida hukmronlik qilgan boshqa xalqlar vakillari tarixi ham jamlangan. Mazkur avlodlar tarixi 24 ta boʻlganligi sababli ularga «Ershi si shi» («24 tarix») deb nom berildi. Mazkur tarixiy asarlar majmuasining birinchi jildi yuqorida tilga olingan Sima Chiyan qalamiga mansub «Tarixiy xotiralar» (Shi Ji) boʻlsa, oxirgi jildi Ming sulolasi (1368—1644) tarixidan iborat. Xronologik jihatdan mazkur 24 ta tarixiy asar 3,5 ming yillik tarixiy voqealarni oʻz ichiga olgan. Turkiston tarixi uchun mazkur sulolalar tarixi, ayniqsa uning X asrgacha yozilgan qismi katta ahamiyatga ega ekanligi hech kimda shubha uygʻotmaydi. Ayniqsa, «Tarixiy xotiralar» (shi ji), Avvalgi Xan sulolasi (miloddan avvalgi 206-yildan — 8 yilgacha) tarixi (Sian Xan shu)4, Keyingi Xan sulolasi (25—220) tarixi (Xou Xan shu)5, Vey sulolalari (386—557) tarixi (Vey shu)6, Bey sulolalari (686—581) tarixi (Bey shu)7, Suy sulolasi (581–618) tarixi (Suy shu)8, Tang sulolasi (618—907) tarixi (Tang shu)9 kabi yirik xitoy sulolalari va Xitoyda hukmronlik qilgan boshqa xalqlar vakillari tarixida, shuningdek, Lyao sulolasi (916—1125) tarixi (Lyao shu)10 kabi asarlarda Turkiston tarixiga oid maʼlumotlar koʻp keltirilgan. Zero, birinchi Xitoy davlati tashkil topgan davrlardan boshlab xitoylar oʻzlarining shimoliy va gʻarbiy taraflarida yashagan turkiy xalqlar bilan muloqotda boʻlgan, ular bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalar oʻrnatgan. Xitoy hukmdorlari turkiy xalqlardan muhofazalanish uchun devor qurib mudofaaga oʻtganlar, harbiy qudrati kuchayganda esa ularga oʻz taʼsirini oʻtkazishga intilib, mamlakat hududlarini kengaytirganlar. Bu borada xitoy hukmdorlari turkiy xalqlarning ichki ziddiyatlari va oʻzaro kurashlaridan toʻla foydalanish maqsadida ularning yashash tarzini yaxshi oʻrganganlar, Xitoy bilan boʻlgan munosabatlariga alohida eʼtibor berganlar.
«Veyshu» (“Vey sulolasi tarixi”)11 ni saroy tarixchilaridan biri Vey Shou (506-572) yozgan. Asar 130 bobdan iborat. Uning ayrim qismlari yoʻqolganidan soʻng, manba «Beyshi» maʼlumotlari hisobidan toʻldirilgan. Mazmunan u 386-534-yillarda mavjud boʻlgan Shimoliy Vey va 534-550-yillarda hukmronlik qilgan Sharqiy Vey sulolalarining tarixi hisoblanadi. Maʼlumki, ushbu sulolaning asoschisi sharqiy tuzlar tarkibiga kirgan shyanbi (syanbi)larning sardori Tobaguy hisoblanadi. Avvaliga mazkur sulolaning nomi Day boʻlgan. Ammo sulola tashkil topgan yilning oʻzidayok uning nomi Voyga oʻzgarti rilgan. 398-yilda Pingcheng (hozirgi Ichki Mongoliyadagi Datung) shahri uning poytaxti qilib belgilangan. Shimoliy Vey davlati kuchayganida, uning xududiga Xuangxe daryosining qirgʻoqlari, xozirgi Ichki Mongoliya va Xitoy Xalq Respublikasining Gansu oʻlkasi (Xoshi yoʻlagi) ning yerlari kirgan. Markaziy Osiyo davlatlari bilan faol diplomatik va savdo aloqalarini olib borgan. Shuning uchun Vey sulolasiga kiritilgan maʼlumotlarni aniq va asosli, deb xisoblash mumkin. Odatda, «Vey sulolasi tarixi» ning ayrim yoʻqolgan qismlari «Beyshi» asosida toʻldirib borilgan, deyiladi. Lekin ikkinchi asarni yozishda uning muallifi oʻzidan oldin yozilgan asarlardan, jumladan, «Veyshu» dagi maʼlumotlardan foydalangan. Shunga koʻra, bu toʻldirishni asardan olingan maʼlumotni yana joyiga qaytarish, deb bilish toʻgʻri boʻladi. Bu mulohaza «Veyshuning mavqeini tushirmaydi. Ushbu manbadagi maʼlumotlar N.Ya. Bichurin tarjimalarida keltirilmaydi. «Vey shu» «24 tarix» ning 8 - jildini tashkil etadi12.
«Suy shu» («Suy sulolasi tarixi»)13 – Suy davlati (581-618) tarixiga bagʻishlangan tarixiy asar boʻlib, ushbu sulola yoʻqotilib, uning oʻrniga tashkil topgan Tang davlatining dastlabki yillarida (629-656) Yan Shigu, Kun Inda, Syuy Jinzung kabi bir guruh saroy tarixchilari tomonidan bitilgan. 1024-yilda asar ilk bor chop etilgan. Ammo ushbu nusxa saqlanmagan. 1208-1224-yillarda asar ikkinchi marta toshbosmadan chiqarilgan. Uning ayrim qismlari saqlanib qolgan. Asarning 1297-1307-yillarda uchinchi marta yaxshi bosmadan chiqarilgan nusxasi saqlangan. XVII - XX asrlarda qayta chop etilgan «Suyshu» mana shu nusxaga asoslangan. Asarning hajmi 85 bobdan iborat boʻlib, shundan 5 bobi imperatorlar hayoti va faoliyatini tasvirlash, 30 bobi tarixiy voqealar, urf - odatlarga, geografiya va falakiyot punoslik kabi sohalarga oid maʼlumotlarni bayon etish va qolgan 50 bobi yirik shaxslar, gʻayri etnoslar va mamlakat larga oid xabarlarni bayon etishga bagʻishlangan. Suy va Tang imperiyalari Turk xoqonligi bilan jiddiy munosabatda boʻlganligi tufayli ushbu asarda turklarga oid maʼlumotlar salmoqli oʻrin egallagan. Asarning uchinchi qismidan joy olgan «Shiyuy» («Gʻarbiy mamlakatlar») bobida Turkiston tarixiga, jumladan Fargʻonaga oid maʼlumotlar ham keltiriladi14.
«Beyshi» (“Shimoliy sulolalar tarixi”)15 – VII asrning birinchi yarmida yozilgan shimoliy sulolalar tarixidir. Uning umumiy hajmi 100 bobdan iborat boʻlib, unda 386-618-yillardagi tarixiy vokealar bayon etilgan. Shu davrda qadimiy Xitoyning shimoli va shimoli - gʻarbida «Shimoliy Vey» («Bey Vey» — 386-534), «Sharqiy Vey» («Dung - Vey» - 534-550), «Gʻarbiy Vey» («Shi - Vey» — 535-555), «Shimoliy Chi» («Beychi» — 550-577) va «Shimoliy Chjou» («Beychjou» – 557-583) kabi 5 ta mayda davlat mavjud boʻlgan. Ular etnik kelib chiqishi xitoy boʻlmagan va qadimiy Xitoyning shimoliy va gʻarb tomonidagi qoʻshni xalqlar tomonidan tashkil etilgan. Jumladan, Shimoliy Chi va Vey nomlari bilan atalgan 3 ta davlatning kelib chiqishi turklar bilan bogʻliq boʻlgan syanbilar tomonidan tashkil etilgan. Shuning uchun ham ular xitoy sulolalari hisoblanmaydi. Sharqiy Vey va Gʻarbiy Vey sulolalari esa Shimoliy Vey sulolasining boʻlinib ketishi natijasida tashkil topgan. «Beyshi» 643-yilda mazkur 5 ta davlat tarixini va 581-618-yillarda mavjud boʻlgan hamda xitoylar tashkil etgan Suy sulolasi tarixini jamlash va umumlashtirish asosida yozib tugatilgan. Uning muallifi Li Yanshou (tugʻilgan va oʻlgan yillari nomaʼlum) Tang sulolasi saroyida hizmat qilgan yirik tarixchilardan hisoblanadi. U «Jin» va «Suy» sulolalari tarixi (« Suyshu », « Jingu ») va « 5 davlat tarixi» («Sanguo chji») kabi bir qancha tarixiy asarlar yozishda qatnashgan. «Beyshi» «24 tarix» ning 9 - jildidan joy olgan16.
“Sin Tang shu” (“Tang sulolasining yangi tarixi”)17 – 941-945-yillarda Tang sulolasi saroyida Lyu Xu rahbarligidagi tarixchilar guruhi ushbu sulola tarixini yozib tugatdi, u «Tangshu» («Tang sulolasi tarixi») deb nomlandi. Bir asrdan soʻng, yaʼni 1044-1060-yillarda Ou Yangshyu va Sung Si «Tangshu» ning ayrim qismlarini qisqartirish, tuzatish, toʻldirish va yangi boblar qoʻshish asosida Tang sulolasining tarixini qaytadan yozib chiqdilar. Mazkur tarixga turklarga oid maʼlumotlar koʻproq kiritilgan. Shundan keyin oldin yozilgan Tang sulolasi tarixi «Jyu Tangu» («Tang sulolasining avvalgi tarixi»), sulolaning keyin bitilgan tarixi esa «Shin Tangshu» («Tang sulolasining yangi tarixi») deb nomlandi. Har ikki tarixiy asar hozirgi davrgacha yetib kelgan va ular «24 tarix» tarkibiga kiritilgan. «Jyu Tangshu» ning hajmi 200 bobdan, «Shin Tangshu» hajmi esa 225 bobdan iborat18.
«Tung dyan» («Qonun - qoidalar va urf - odatlar bayoni») – Tang imperiyasi davrida yashagan saroy tarixchisi Du yu (734-812) tomonidan yozilgan. U koʻhna Xitoyning barcha sohalarida joriy etilgan qonun qoidalar va mamlakatdagi urf - odatlarni umumlashtirilgan hamda qoʻshni xalklarga bagʻishlangan birinchi yirik asar hisoblanadi. Uni yozish uchun muallif 36 yil (766-801) sarflagan. Asarning umumiy hajmi 200 bobdan iborat boʻlib, 189-200 boblari Xitoyning shimoliy va gʻarb tomonida yashagan xalqlar va mavjud boʻlgan davlatlarga bagʻishlangan. Asar koʻp marta chop etilganligi tufayli, uning nusxalari koʻp. Bizning qoʻlimizdagi 3 jilddan iborat «Tungdyan» 1988-yilda Chjeszyang (Chjeszyan) oʻlkasidagi «Chjungxua mujyuy» («Xitoy kitob idorasi») nashriyoti chop etgan nusxa asosida 1995-yilda Pekinda qayta nashr qilingan19.
I.2. Ilk o‘rta asrlarga oid xitoy manbalarida turkiy qabilalar tarixshunosligi
Yuqorida tilga olingan Xitoy yozma manbalarining Turkiston tarixi uchun benihoya ahamiyatliligi bulardan boshqa manbalarda uchramaydigan maʼlumotlarning mavjudligidir. Shuning uchun ham dunyo olimlari xitoy manbalariga katta eʼtibor berib kelmoqda va koʻp maʼlumotlarni ilmiy muomalaga kiritmoqda.
Faqatgina keyingi yillardagi izlanishlardan rus olimlari R.S. Vyatkin va V.S. Taskinalarning Moskvada nashr qilingan (1975—1990) «Shi ji» («Tarixiy xotira lar») ning ruscha tarjimasi (oxirigacha tarjima qilishga ulgurilmagan) va Sharqiy Turkistonning Urumchi shahrida 1996-yilda uygʻur tilida chop etilgan «Tarixiy xotiralar», «Xannoma», «Keyingi xannoma» nomli tanlanma tarjimalarni koʻzda tutish mumkin. Ammo hozirgacha xitoy manbalaridan olingan Turkiston tarixiga oid maʼlumotlarni dengizdan bir tomchi, deb aytsak xato qilmaymiz.
Turkiston tarixi bilan bogʻliq xitoy manbalarini oʻrganishda va tarjima qilishda Rossiya olimlari ichida N.Ya. Bichurinning xizmati benihoya katta20. Xitoy manbalarida turkiy xalqlarga oid batafsil ma’lumotlar mashhur xitoyshunos olim N.Ya. Bichurin21ning mehnatlari orqali aniq bo'ldi. 1828-yili uning birinchi kitobi “Записки о Монголии” va “Описание Тибета в нынешнем его состоянии” nomlari ostida nashr qilindi. U umumiy hisobda turli davrlarda yozilgan xitoy manbalari asosida Xitoy va Markaziy Osiyo tarixining qadimiyatdan to hozirigacha bo'lgan davriga oid 15 ta kitob chop ettirgan. Biroq, olimning 1851-yili e’lon qilingan “Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена” asari ko'proq mashhur bo'ldi. Olim unda birinchi marta ilmiy jamoatchilikga nafaqat Markaziy Osiyo balki, Sharqiy Turkiston xalqlarining mil.avv II asridan VII asrgacha gacha bo'lgan batafsil tarixini taqdim qildi. Uning ishlari 1950-1953 yillar yana qayta chop etildi.
N.Ya. Bichurin o'zining tarjimalariga qisqacha izohlardan tashqari, “tarixiy to'ldirishlar” bergan, shuningdek, bir qancha xalqlarning etnik kelib chiqishga doir kichik tadqiqotlar olib borgan. Bundan tashqari, u “Карту к истории народав, обитавших в Средней Азии в древние времена” va “Географический указатель мест на карте к истории среднеазиатских народов” asarlarini tuzdi.
Olimning asarlariga tayanib aytish mumkinki, mashhur rus xitoyshunosi N.Ya. Bichurin xunn, turk va uyg‘urlarning mog‘ullardan kelib chiqqanllik farazi tarafdori bo'lsada, uning xitoy matnlaridagi Xitoy bilan qadimda va o'rta asrlarda qo'shnichilikda yashagan xalqlar tog‘risidagi ma’lumotlarni o'rganishdagi hissasi juda qadrli. Yuqorida aytib o'tganimizdek, o'z davrida uning «Собрание сведений о народах, обитавших в древности в Средней Азии»(1851у.) kitobi ilmiy xitoyshunoslik uchun katta ahamiyat kasb etdi. N.Ya. Bichurin o'zining kitobida, xitoy ma’lumotlarida qadimgi xalqlar, jumladan, Markaziy Osiyoning o'troq va ko'chmanchi xalqlari to'g‘risidagi ma’lumotlari juda ahamiyatli.
Ushbu olim tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan maʼlumotlar qadimgi Xitoy tilini bilmaydigan koʻpgina tadqiqotchilar uchun yagona va original material boʻlib xizmat qilib kelmoqda. Ammo N.Ya. Bichurin asarlarida ham faktlardagi noaniqliklar, maʼlum sabablarga koʻra tushib qolgan joylar mavjud boʻlib, kerakli sharhlar yetishmaydi. Ayrim tarjima qilinmay qolgan joylar va kam koʻstlar esa tarix uchun gʻoyat ahamiyatlidir. Fikrimizning isboti uchun quyidagi misollarni keltirish mumkin.
Masalan, Vey sulolasi (386—534) tarixida (Vey shu) keltirilgan qadimiy turkiy xalqlar, aniqrogʻi telelar haqidagi maʼlumotlarning tarjimasini solishtirganimizda asl matnning boshi, oxiri va oʻrtasida jumlalar tushib qolgan. N.Ya. Bichurin birinchi tashlab ketgan joyda — shimolda garchelar (gaoguy, baland aravaliklar) tele, deb atal ganligi haqida soʻz yuritiladi. Ikkinchi bir qoldirib ketilgan joyda xitoylar garchelarni dinglinglar, deb ataganligi haqida soʻz yuritiladi. Uchinchi bir tilga olinmagan joyda esa garchelarning birinchi hukmdori hunlar podshosining jiyani ekanligi va ular dastlab 6 qabiladan iboratligi hamda ularning nomlari yozilgan. Matnning tushirib qoldirilgan yana bir qismida shimolda yashagan garchelarning bir qismi gʻarbga, aniqrogʻi Zaysan koʻli va Irtish daryosi atrofiga koʻchib borganligi koʻrsatilgan. Asl matnda garchelar (turolar) 2 guruhga boʻlingan boʻlib, ularning bir qismi 6 ta katta qabiladan, ikkinchi bir qismi 12 ta qabiladan iboratligi aytilgan va ularning nomlari berilgan. Lekin N.Ya. Bichurinning tarjimasida garchelar faqatgina 12 ta qabiladan iborat, deb yoziladi va bu 12 ta qabilaning nomi keltiriladi. Albatta bunday hollar tadqiqotchilar faoliyatiga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatgan va tarixiy adabiyotlarda baʼzi bir noaniq yoki xato fikrlarning shaklla nishiga sabab boʻlgan.
«Tang sulolasining yangi tarixi» da keltirilgan maʼ lumotlarni tarjima qilgan N.Ya. Bichurin uning koʻhna tarixiga murojaat qilmagan yoki ushbu asar unda boʻlmagan. Ehtimol, N.Ya. Bichurin tarjima qilishga ulgurmagandir. Ikkita tarixiy asarni solishtirish orqali, «Tang sulolasining koʻhna tarixi» 144 - bobning birinchi boʻlimi «Tang sulolasining yangi tarixi» ga kirmay qolganligi aniqlandi. Mazkur boʻlim aynan telelarga bagʻishlangan22.
«Tang sulolasi koʻhna tarixi» ning 144 - bobida keltirilgan maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, 612—626-yillarda telelar oʻzining oldingi qudratini yoʻqotib, bir necha guruhlarga boʻlinib ketgan. Bulardan sirtordush (seyan to), chibni (chibi), uygʻur (veyxe), tuva (dubu), quvurqon (Guligan), tilangʻut (dulange), buku (pugu), bayirgʻu (boye gu), tungro (tunglo), hun (hun), izgil (sije), xosheug (xushe), chigil (shije), adiz (ode), boʻlsar (baysi) kabi qabilalar gʻarbdan Moʻgʻulistondagi choʻlning shimoliga koʻchib bor ganligi koʻrsatiladi. Shu bilan birga sirtordush qabilasi ilgari mavjud boʻlgan sir va tordush nomli ikki qabilaning birlashtirilishi asosida shakllanganligi bayon etiladi. Keyinchalik Oltoyda shakllangan turk (hozirgi xitoy tilida tujyue, qadimgi Xitoy tilida tukyu) urugʻi kuchayganidan soʻng barcha tele qabilalari ular bi lan birlashib, oʻzlarini ham turk, deb ataganligi taʼ kidlab oʻtiladi.
Bizning fikrimizcha, N.Ya. Bichurin tarjima qilmagan va rus olimlarining tadqiqotlarida ham uchramaydigan, lekin tarix uchun ahamiyatli boʻlgan muhim maʼlumotlar Shimoliy sulolalar tarixida keltirilgan. Bu maʼlumotlarda miloddan oldingi asrlarda telelar hunlar tarkibida boʻlganligi, hunlar davlati barbod boʻlganidan keyin ular tele nomi bilan bir necha asrlar davomida mavjud boʻlganligi aytiladi23.
N.Ya. Bichurinning ayrim tarjimalarini asl manba lar matni bilan solishtirish jarayonida yana bir narsa aniqlandiki, ruscha matn uning kitobida koʻrsatil gan asosiy manba matniga toʻgʻri kelmaydi. Masalan, N.Ya. Bichurinning kitobida24 turklar haqida axborot «Tang sulolasi yangi tarixi» ning 215a va 2156 boblari dan olingan, bu maʼlumot «Chjou sulolasi tarixi» ning 50 va «Suy sulolasi tarixi» ning 84 - boblarida qaytariladi, deb koʻrsatilgan. Aslida esa N.Ya. Bichurin tarjima qilgan turklar haqidagi ushbu maʼlumotlar «Shimoliy sulolalar tarixi» ning 99 - bobidan olingandir. N.Ya. Bichurin oʻz tarjimasida «Turklar xonadonining ajdodlari G‘arbiy dengizning gʻarbida yashaganlar va oʻzlari alohida bir aymoqni tashkil qilishgan», deb soʻz yuritadi25. Asarda koʻrsatilgan «Tang sulolasining yangi tarixi» dagi turklarga taalluqli maʼlumot matnda «Turklar Ashina urugʻiga mansub boʻlib, ular hunlarning shimolida yashaganlar»26, deb koʻrsatilganligining guvohi boʻlamiz.
Bunday misollar N.Ya. Bichurin asarlarida koʻp boʻlib, hammasini aytib oʻtirishga hojat yoʻq. Keltirilganlarning oʻzi ham fikrimizga yetarlicha asos boʻla oladi. Lekin bunday kamchiliklar qoʻlyozmani nashrga tayyorlashda yuzaga kelganligi ham ehtimoldan xoli emas. Matnda turklarning ajdodi «Farbiy dengizning (Shixay) oʻng tomonida yashagan», deb yozilgan. Avvalo bu yerda Kaspiy dengizi Farbiy dengiz deb aytilyapti. Ikkinchidan, oʻng tomon deganda, ushbu dengizning gʻarbiy tomoni koʻzda tutilyapti. Zero, qadimgi Xitoylar «szo» chap qoʻl tomonni 1-, oʻng qoʻl tomonni 2-, deb bilganlar. Toʻrt tomonni belgilashda ular albatta kun chiqish tomonga chap qoʻlni, kun botish tomonga esa oʻng qoʻlni roʻpara qilib koʻrsatishni odat qilganlar27.
Matnni tarjima qilgan N.Ya. Bichurin «oʻng tomon» soʻzini gʻarb deb toʻgʻri tushungan. Ammo G‘arbiy dengiz qaysi dengiz ekanligini bilmagan. Buning ustiga «G‘arbiy dengiz» dengiz deganda, Mongoliyaning gʻarbiy hududidagi katta koʻl koʻzda tutilgan boʻlsa kerak», degan sharh yozilgan. Shuning uchun asar toʻgʻri tarjima qilinmagan. Xitoy manbalarini solishtirish asosida maʼlum boʻldiki, turkiy xalqlarga tobe boʻlgan Ashina avlodi bir zamonlarda Kaspiy dengizi gʻarbida yashab, keyinroq sharq tomonga koʻchgan.
Xitoy manbalarini tarjima va tahlil qilish ishlari bilan Ovroʻpa mamlakatlari olimlari, jumladan oʻtgan asrning mashhur tadqiqotchilaridan boʻlgan fransuz olimi Ye. Shavanni28 (Chavannes E.) ham keng shugʻullangan.
Yapon olimlari qadimgi xitoy manbalarida uchraydigan «tele» va «tukyuet» (hozirgi xitoy tilida «tujyue») kabi atamalar aslida turkiy xalqlar tilida aytiladigan «turk» atamasining turli davrlardagi xitoy tili shevalaridagi talaffuzidir, deb hisoblaydilar. Ilk bor shunday xulosaga kelgan olim mashhur turkshunos Xatakyo hisoblanadi. Yaponiyaning ikkinchi bir yirik turkshunos olimi Matsuda Xisov Xatakyoning xulosasini toʻgʻri, deb topadi. U oʻzining xitoy tiliga tarjima qilingan «Guday Tyanshan lishi dili shyue yanjyu» nomli asarida Xatakyoning «tele» atamasi «turk» soʻzining xitoycha transkripsiyasidir, degan xulosasi nihoyatda asosli va katta ilmiy ahamiyat kasb etadi, deb yozadi29. Ushbu olimlar oʻz tadqiqotlarida masalani chuqur oʻrganishgan va bizning imkoniyatimiz doirasida boʻlmagan manbalardan foydalangan holda ilmiy muomalaga muhim maʼlumotlar kiritgan. Shu bois ularning asarlari biz uchun maʼlum darajada asos sifatida xizmat qilishi mumkin. Yapon olimlarining mazkur tadqiqotlari asosida va qadimgi Xitoy tili xususiyatlarini hisobga olgan holda aytish mumkinki, biz yuqorida keltirgan di, dili, ding ling, chile, tele kabi atamalar «turk» etnonimining turli davrlardagi xitoycha talaffuzidir30.
Turk bilan tur atamalari faqatgina bitta «k» tovushi bilan farqlanadi. Turk atamasi eronliklar tilida bir oz oʻzgarib, undagi «k» tovushi tu shib qolgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun, xitoy manbalaridagi tele, chile, ding ling, dili, di kabi etnonimlar «turk» atamasining turli davrlardagi xitoycha transkripsiyasi boʻlsa, turo ushbu atamaning forscha talaffuzi boʻlib chiqishi mumkin. Xitoy olimlari «tele» nufuzli va bir toifadagi qar dosh xalqlarning umumiy nomi ekanligini bir ovozdan tasdiqlaydilar. Qolaversa, Turo (Tura) deb atalgan topo Nimlar, jumladan daryo nomlari ham mavjud. Masalan, Gʻarbiy Sibirdagi Tobol daryosining bir irmogʻi Tura deb ataladi. Shu bois ham ishimizda tele, turk va turo bir Toifadagi xalqlarning turli tilda aytilgan nomi boʻlib, ular sinonimlardan iborat, degan fikrga kelmoqdamiz. Ammo mazkur turk atamasini tarixiy sahnaga milodiy V — VI asrlarda kirib kelgan turk qabilasi nomi bilan aralashtirib qoʻymaslik lozim. Xitoy olimlari bir ovozdan eʼtirof etadilarki, Turk xoqonligi barcha tele qabilalarini birlashtirishi asosida tashkil topgan, shu bois mazkur xoqonlik davrida unga fuqaro boʻlganlarning hammasi turk deb ataldi. Shundan soʻng turk atamasi tor maʼnoda qabila nomi, keng maʼnoda barcha tele qabilalarining umumiy nomiga aylandi. Chunonchi, Xitoy tarixi ensiklopediyasida «tujyue (turk) VI asrdan keyin Xitoyning shimoliy va gʻarbiy tomonlarida yashagan va turkiy tillarda soʻzlashgan xalqlarning nomidir. Ular VI — VIII asrlarda tashkil qilgan xonlik ham Tujyue deb atalgan... Suy va Tang davridagi xitoy tili ta laffuzida ushbu atama tʻuet kiuet deb oʻqilgan. Soʻnggi paytda olimlar tujyuz va tele atamalari turk soʻzining transkripsiyasidir, deb aytmoqda», deb yozilgan31. Katta bir guruh olimlar tomonidan yozilgan «XXR xalqlari tari xi» («Chjungto minzu shi») nomli kitobda «Tujyue atamasining keng maʼnosi tele va tujyue tarkibiga kirgan va turkiy tillarda soʻzlashgan barcha qabilalarning umumiy nomidir», deb taʼkidlangan32.
N.A Aristov “Труды по истории и этническому составу тюркских племен” asarida xalqlarning etnik masalasi, tarixiy-jo'g‘rofiy hududlar yechimlarini o'zida aks ettirgan jiddiy tadqiqot hisoblanadi. U mazkur tadqiqotni Bichurinning “Shi szi”, “Xan shu” va “Xou xan shu”, va boshqalarning jo'g‘rofiy hududlariga oid bo'lgan tarjimalariga asoslangan holda, uni g‘oyatda sinchkovlik bilan tadqiq qildi. Uning kuzatuvlari va ba’zi xulosalari hozirgacha o'z ahamiyatini yo'qotmagan.
Keyingi yillarda ham bunday tadqiqotlar ko'plab amalga oshirildi. A.G Malyavkinning 1989-yilda chop etilgan “Танские хроники о государствах Центральной Азии: Тексти и исследования” monografiyasi Markaziy Osiyoning VII- VIII asrlar tarixi va tarixiy geografiyasiga bag‘ishlangan. Tadqiqot ishida mavzuga taalluqli sulolaviy yilnomalar va matnlarni tarjima qiladi va foydalanadi. Bu esa Tan imperiyasining g‘arbiy hududlardagi qo'shnilari bilan aloqalari, g‘arbga bo'lgan ta’sirini aniqlashtirishga va u yerdagi turkiy xalqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ilmiy muomalga kiritishiga sabab bo‘ladi. Malyavkinning ishlari ham juda sezilarli iz qoldirgan.
L. A. Borovkova tomonidan xitoy sulolaviy yilnomalariga asoslanib, 1989 yil chop etilgan tadqiqot ishidagi ma’lumotlar, mil.avv II - milodiy VII asrlarda Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkistonda, shuningdek Amur bo'yidagi turli davrlarda mavjud bo'lgan davlatlar lokalizatsiyasiga bag‘ishlangan va shu bilan birgalikda turkiy qabilalarga oid ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Ushbu tadqiqoti natijasi o‘laroq 2001-yilda Moskvada Царства «западнога края» во II-I веках до н.э (Восточный Туркестан и Средняя Азия по сведениям из «Ши цзи» и «Хань шу» asari bosmadan chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |