ISLOM BILAN BOG‘LIQ ATAMALAR
Turkiy tildagi islomga tegishli diniy atamalar tizimini ulug‘ adib Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida qo‘llanilgan so‘zlar misolida ko‘rib chiqamiz.
Asarda Allāh so‘zi faqat bir o‘rinda – arabiy basmalada kelgan. Matn davomida muallif uning o‘rnida idi (yoki idi), bayat, täŋri, rabb so‘zlarini qo‘llaydi va bularning bari islom tushunchasidagi Ollohni anglatadi.
Bayat so‘zi erklig bayat (erkli, qodir xudo), etigli bayat (yashnatuvchi xudo), uğan bir bayat (qodir va vohid xudo); erklig uğan meŋü muŋsuz bayat (erkli, qodir, mangu, mungsiz xudo) shakllarida, täŋri so‘zi uğan täŋri (qodir tangri), täŋri ’azza vä jall(a) (eng aziz va ulug‘ tangri), idi so‘zi esa törütkän idi (yaratgan ega), igidgän idi (parvarishlagan ega), kečürgän idi (rahmdil, kechiruvchi ega), muŋsuz idi (mungsiz ega), bağïrsaq idi (mehribon ega) shakllarida qo‘llanilgan.
Qadimgi turkiy tilda Ollohning sifatlari at deyilgan. “Qutadg‘u bilig”da Ollohning sifatlari shunday ataladi: uğan (qodir), bir (vohid), zuljalal, ’azza vä jall(a) (eng aziz va ulug‘), qadir kamal (qodir kamol), uluğluğ idisi (ulug‘lik sohibi), yer kök idisi (Yer va ko‘kning egasi), erklig (erkli, qodir), yaratqan (yaratgan), törütkän (yaratgan), igidgän (parvarishlagan), karim, kečürgän (rahmdil, kechiruvchi), bağïrsaq (mehribon), etigli (yashnatuvchi), mäŋü muŋsuz (mangu mungsiz), muŋsuz (mungsiz), mäŋü tutčï tirig (mangu, doim tirig), čergüči (olampanoh), biliglig (bilimli), köšüš (aziz), ğafir (g‘ofir), yaratïğlï (yaratuvchi), yarağsïznï yïratïğlï (yaroqsizni yiratuvchi).
Muallifning ta’kidlashicha, Ollohning mingta oti bor. Tavg‘ach Bug‘raxon ta’rifiga bag‘ishlangan baytlarning birida shunday yozilgan:
Bayat berdi davlat, ey türkän qutï,
Anïŋ šukrï qïlğu oqïp miŋ atï. –
Ey turklarning baxti, xudo senga davlat berdi; (buning haqiga Ollohning) mingta otini yod etib, uning shukrini qilmoq kerak (QB.106).
Asarda idi qahramonlar tilidan bağïrsaq idim (mehribon egam), bağïrsaq ïnanğu idim (mehribon, inonadigan egam), qatïğlïq yerindä sïğïnğu idim (og‘irlik paytlarida sig‘inadigan egam) deya ta’rif etilgan (QB.3013). Ollohning birligi seniŋdä adïn yoq sïğïnğu idim (sendan o‘zga sig‘inadgan egam yo‘q) singari ta’riflar bilan berilgan (QB.5017).
idi so‘zi “ega, sohib” ma’nosida insonni ham bildirgan:
Biliglig bilig berdi tïlqa bïšïğ,
Aya til idisi, ködäzgil bašïğ. –
Bilimli (ya’ni xudo) tilga pishiq bilim bergan. Ey til egasi (ya’ni inson) boshingni asragin (QB.165).
Xudoning yorlig‘i bayat yarlïğï / idi yarlïqï, xudoning rahmati bayat rahmatï / bayat fazlï / idi fazlï deyilgan. Xudoning fazliga erishmaklik esa bulmïš fe’li bilan ifoda etilgan: Bayat fazlï barča özüŋ bulmïš-a. – O‘zing xudoning bari ehsonlariga muyassar bo‘libsan (QB.4993). Allohning inoyat aylashi ’inayat qïl- fe’lida o‘z ifodasini topgan:
Bayat kimkä qïlsa ’inayat ülüg,
Tiläkkä tegip, boldï atlïğ, külüg. –
Xudo kimga yetarlicha inoyat qilsa, tilagiga yetib, nomdor, mashhur bo‘ldi.
Asarda “payg‘ambar” ma’nosida yalawač, sawčï, oqïtčï so‘zlari qo‘llangan. Yalawač asli “elchi” degani. O‘rni bilan, u “tangrining elchisi, payg‘ambar” ni ham bildiradi. Sawčï – saw (“xabar, so‘z”) dan yasalgan, sawčï – “xabarchi, tangrining xabarchisi” degan ma’noni anglatadi. Hozir qo‘llayotgan sawčï so‘zimizda ham “xabarchi” ma’nosi bor, biroq u “quda-andalar orasida xabar yetkazuvchi” ma’nosidadir.
“Hibatu-l-haqoyiq”da “payg‘ambar” – rasul, uning sifatlari esa habib, xalq talusï (xalqning sarasi), kiši qutluğï (kishilarning qutlug‘i) deya ta’riflangan.
Sahobalarning turkiy oti tört eš dir.
Ollohning bandasi qul atalgan: Kimiŋ atï qul bolsa qïlğu tapuğ. – Kimning oti banda bo‘lsa, toat-ibodat qilishi kerak (QB.3615). Xudoning bandalari bayat qullarï deyilgan.
Asarda musulman va kafir tushunchalari bir-biriga zid qo‘yiladi. Musulman / mo'min atamalarida Ollohning sobit e’tiqodli bandalari, kafir deyilganda esa buddistlar nazarda tutiladi:
Ewin, barqïn örtä, sïğïl burxanïn,
Anïŋ ornï masjid, jama’at qïlïn. –
Uy-joyini yondir, butlarini sindir, uning o‘rniga masjid, jamoatga yo‘l ber (QB.5372).
Ma’lumki, islom tushunchasida kafir so‘zi Ollohga shirk keltiruvchilarni anglatadi. Qayd etilgan baytda bu so‘z bilan buddistlarga ishora etilmoqda.
Musulmonlikda bo‘lish musulmanlïq, musulmon jamoasi jama'at deyilgan. Islom yo‘sunlari šari’at atalgan.
Qur’on ilmi ’ilm-u Qur’an deb atalgan.
Yusuf Xos Hojib so‘zning ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritar ekan “So‘z bo‘z yerga moviy ko‘kdan indi” (Yašïl kökdin indi yağïz yerkä söz) degan jumlani ishlatadi (QB.207). Buning bilan u ko‘kdan ingan (nozil bo‘lgan) muqaddas kitoblarga ishora qiladi.
Asarda “yorug‘ dunyo” dünya, “oxirat” esa ’uqba, bar atalgan:
Bayat berdi qulqa iki köz qulaq,
Biri dünya baqsa, biri ’uqba baq.
Elig berdi eki sunup tutğuqa,
Biri dünyakä tut, biri ’uqbaqa.
Ayaq berdi eki yurïtğu üčün,
Biri baru maŋsa, biri bar üčün. –
Xudo bandasiga ikki ko‘z, quloq berdi: biri bilan dunyoga boqsang, biri bilan oxiratga boq.
Uzatib ushlash uchun ikki qo‘l berdi: birini dunyoga tut, birini oxiratga.
Yurish uchun ikki oyoq berdi: biri bunda odimlasa, biri bor (u dunyo) uchun (QB.3598–3600).
Dunyo va oxirat tushunchasi törütmiš eki (yaratgan ikki narsasi) birikmasida ham o‘z belgisi ega: Törütmiš eki bir tanuqï anuq. – Yaratgan ikki narsasida (ya’ni dunyo va oxiratda) vohidning belgisi aniqdir (QB.14).
“Qiyomat kuni” uluğ kün / köni kün / qiyamat atalgan.
Asarda “jannat” tushunchasi učmaq, “do‘zah” esa tamuğ atalgan:
Eki ew yarattï bu halqqa qamuğ,
Biri atï učmaq, biriniŋ tamuğ. –
Bu jami xalqqa xudo ikki uy yaratdi: birining oti jannat, biriniki do‘zah (QB.3597).
“Qutadg‘u bilig”da islom farzlariga bag‘ishlangan atamalar ham mavjud.
Islomning besh farzi (farz-i ’ayn) “Qutadg‘u bilig”da shunday atalgan: iyman / ïnanč, namaz, roza, haj.
“Ibodat” ma’nosini asarda ta’at hamda tapuğ so‘zlari ifoda etadi [qiyoslang, Mahmud Koshg‘ariy devonida: tapuğ – toat-ibodat qilish. Teŋri tapuğï – xudoga toat qilish (MK.I.354)].
“Qutadg‘u bilig”da ta’at va tapuğ so‘zlari ba’zan juft holda kelib “toat-ibodat” ma’nosini anglatgan:
Nekü-teg qïlur-men bu ta’at tapuğ. –
Bu toat-ibodatni qanaqasiga qilaman (QB.4584);
Seniŋdä bar erkän yigitlik küči
Yawa qïlma, ta’at, tapuğ qïl tučï. –
Senda yigitlik kuchi bor ekan, uni behuda ketkazma, doim toat-ibodat qil (QB.356).
“Ibodat qilmoq” ma’nosi ta’at qïl-, tapuğ qïl-, tapïn-, sïğïn- fe’llari bilan ifoda etilgan. “Xudoga toat qilmoq” tushunchasi bayatqa tapïn / bayatqa tapuğ qïl deyilgan. “Sengagina sig‘indim” degani seŋär-oq sïğïndïm bo‘lgan [qiyoslang, Mahmud Koshg‘ariy devonida: tapïndïm – bo‘ysundim; Men teŋrigä tapïndïm – Men xudoga bo‘ysundim (MK.II.161). Yoki: sïğïndï – tangriga sig‘indi; Men teŋrigä sïğïndïm – Men xudoga sig‘indim (MK.II.177)].
Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, qipchoqlar “namoz”ni yükünč deganlar. Bunga u quyidagi gapni ham misol keltiradi: teŋrigä yükünč yükündi – xudo uchun nomoz o‘qidi (MK.III.385)
“Xudodan tilamoq” tushunchasi bayatdïn qul- birikmasida o‘z ifodasini topgan.
“Xudoga shukur qilmoq” tushunchasi bayatqa / rabbqa šukur qïldï deyilgan: Šukur qïldï rabbqa, atadï atïn. – Rabbga shukur qildi, otini tilga oldi (QB.5327).
Asarda nomoz bilan bog‘liq atamalar ham bor. Chunonchi, “tahorat” ma’nosida yundï so‘zi qo‘llangan: Turup yundï, qïldï bu yatğu namaz. – Turib, tahorat oldi, xufton nomozini o‘qidi (QB.3246).
Farz namozi fariza namaz, jum’a namozi – adina namaz, bomdod namozi taŋ namaz, xufton namozi yatğu namaz deyilgan. “Namoz o‘qidi” ma’nosida namaz qïldï, namaz ötädi, namaz yetürdi birikmalari qo‘llanilgan. Niyat bilan namoz o‘qish edgü fal yorup namaz qïldï (yaxshi niyatlar bilan nomoz o‘qidi), namaz qïldï, virdin oqïdï arïğ (namoz o‘qidi, kundalik hamdni takrorladi) singari iboralar bilan ta’riflangan. Namaz, roza birlä yurïğlï kiši birikmasida namozxon, ro‘za tutuvchi solih ko‘zda tutilgan.
“Duo qildi” ma’nosida du’a qïldï ishlatilgan. Duo bilan fotiha o‘qish rabbqa du’a qïldï / rabbqa sana qïldï deyilgan: Du’a qïldï rabbqa, kötürdi elig. – Rabbga duo qildi, fotihaga qo‘l ko‘tardi (QB.3012); Sana qïldï rabbqa, kötürdi elig. – Rabbga sano aytdi, fotihaga qo‘l ko‘tardi (QB.3077).
Do'stlaringiz bilan baham: |