Ko‘k turk alifbosi va imlo prinsiplari
O‘tmishdan qolgan alifbo parchalari. Ko‘k turk alifbo tizimi va yozuv xususiyatlarini o‘rganishda bizgacha yetib kelgan alifbo namunalarining aіamiyati katta. Turkshunoslikda bunday alifbolardan uchtasi ma’lum:
I. Alifbolarning biri Berlin qo‘lyozmalar fondidagi Turfondan topilgan matnlar orasida TM 340 (Mz. 171) raqami ostida saqlanmoqda (Sertkaya 1995,284–285). Bu kichik bir qog‘oz parchasida ko‘k turk alifbosidagi ayrim harflar berilib, ularning ma’nosi ikkinchi satrda uyg‘ur harflari bilan izohlab chiqilgan. Alifbo parchasida jami to‘rt unli (ä, i, ö, u) va besh undoshni (b, b', r', m, y') ifodalovchi harf ikki yozuvda berilgan.
II. Berlinda saqlanayotgan Turfon matnlari orasida TM327 (MIK III 35a–b) raqamli bir yozuv parchasi (Sertkaya 1995,285; 2001,25–26) e’tiborni o‘ziga tortadi. Unda ko‘k turk alifbosidagi harflar berilib, har birining ostida moniy harflari bilan ularning nomi qayd etib qo‘yilgan. Mazkur alifbo parchasining tartibi shunday: 1) P(?) – up; 2) N – an; 3) Č – ič; 4) P – ip; 5) K – ag; 6) T' – it; 7) İ – iy; 8) D' – ad; 9) Ŋ – aŋ; 10) NY – iy; 11) Z – az; 12) G – ang; 13) ND – and; 14) LT – alt; 15) S – as; 16) N' – an; 17) L' – al; 18) Q – ïq; 19) Y – ay.
Mazkur alifbodan ko‘rinishicha, undagi ko‘k turk harflari eroniy tillardan birida izohlangan. Turkiy tilda bo‘lganida, u na, ča, pa, kä, tä, i, dä, ŋa … kabi tartibda izohlangan bo‘lar edi. Alifboda harfining [iy] deb qayd etilgani ham izohning eroniy tilda ekanini tasdiqlaydi. Chunki, eroniy tillarga mansub alifbolardagi harflar ana shu tartibda nomlangan. Shuningdek, matnlarda [i] bilan [y] tovushi yagona harf bilan ifoda etilgan. Arab alifbosidagi harfining vazifasi ham ana shunday.
Ma’lumki, moniy xati faqat moniy jamoalarida qo‘llangan. Basharti shu jihati nazarda tutiladigan bo‘lsa, mazkur alifbo parchasi moniylik muhitida bitilgani ayon bo‘ladi. Izohlarning eroniy tilda ekanligi esa uning o‘sha tilda so‘zlashuvchilarga turkiy xatni o‘rgatish uchun mo‘ljallanganidan dalolat beradi. Ehtimol, ushbu alifbo biror grammatik asarning uzindisi chiqar.
III. Yana bir alifbo parchasi Yaponiyadagi Ryukoku universiteti fondida 8129 raєami ostida saqlanmoqda (Sertkaya 1995,287–288). Ushbu qog‘ozda uch qatorga ko‘k turk alifbosidagi harflar yozib chiqilgan.
Birinchi qatorda 7 ta harf. Bular: t', i, a, y', ök, r, s'.
Ikkinchi qatorda 10 ta harf: t', i, a, y', ök, r, rt, oq, nč, s.
Uchinchi qatorda: 16 ta harf: k, t', i, a, y', ök, r, rt, l, oq, nč, s, o, s', d', ŋ.
E’tibor berilsa, birinchi va ikkinchi satrlardagi harflar uchinchi satrda aytarli takrorlanmoqda. Demak, alifbo tizimidagi harflarni uchinchi satr belgilaydi.
Moniy yozuvli alifbo bilan Ryukoku universitetida saqlanayotgan 8129- raqamli ko‘kturk alifbosini o‘zaro qiyoslaganda muhim bir xulosaga kelish mumkin. Har ikkovida jami 30 belgi bor. Muhimi, Ryukoku alifbosidagi belgilarning muayyan qismi ikkinchi alifbodagi belgilarning muayyan qismini takrorlaydi. Basharti, bu izchillik asosga olinadigan bo‘lsa, Ryukoku alifbo parchasidagi ishoratlarning davomi moniy alifbosining bosh tarafidan joy olmog‘i kerak. Shunday o‘lchov olinsa, moniy harfli alifboda taxminan o‘nta belgi uchramasligi ayon bo‘ladi. Shunga o‘xshash, Ryukoku alifbosida ham tushib qolgan belgilar o‘rni anglashiladi. Yana bir jihati, mavjud varaqlardagi harflar ketma-ketligi turk runiy xatida ham aniq alifbo qoidasi amal qilinganini ko‘rsatadi.
Alifbolarni o‘zaro qiyoslash turk runiy xatida hali biz bilmagan harflar tizimi bor ekanligidan dalolat beradi. Demak, ko‘kturk alifbosidagi harflar soni to‘rt unli va o‘ttiz to‘rt undosh (bari 38 ta) dangina iborat emas, balki ancha ortiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |