Yalaŋ bodunuğ tonluğ qïltïm, čïğañ bodunuğ bay qïltïm, az bodunuğ öküš qïltïm (Yalang xalqni kiyimli qildim, qashshoq xalqni boy qildim, oz xalqni ko‘paytirdim) (X.23–24). Xoqonlar xalqqa qilgan yaxshiligi, el farovonligi yo‘lida olib borgan ishlarining ta’rifida, ularning qo‘l ostida xalq tinch-osoyishta, to‘q va boy yashagani, xalq ko‘payganini bildirib qo‘yish uchun ana shunday jumlalardan foydalangan. Yoki Bilga xoqon otasi Eltarish taxtda ekanligi chog‘ida mamlakatda yuz bergan o‘zgarishlar, xalqning to‘q va boy yashaganligini eslab “Ol ödkä qul qulluğ bolmïs (erti)” deb yozgan edi (qarang: K.21). Bu jumla “O‘sha chog‘lar qulning ham quli bor edi” degan ma’noni bildiradi.
Yoki milliy qahramonning xalq tinchligi, farovonligi yo‘lida tinib-tinchimagani “Turk xalqi uchun tun uxlamadim, kunduz o‘tirmadim” (Türük bodun üčün tün udïmadïm, küntüz olurmadïm) deya ta’riflanadi (K.27).
Boshqa bir misol: Qanïŋ subča yügürti, söŋüküŋ tağča yatdï, beglig urï oğluŋ qul boltï, silig qïz oğluŋ küŋ boltï (Qoning suvday oqdi, suyaging tog‘day (uyulib) yotdi, bek bo‘ladigan o‘g‘il bolang qul bo‘ldi, suluv qiz bolang cho‘ri bo‘ldi) (K.24). Ushbu jumlada Birinchi ko‘k turk xoqonlig‘i qulab, xalq yov qo‘lida qolgan chog‘lar ta’riflangan. Unda turk xalqining bosqinchilar siquvi ostida uqubatda qolgani, uning qirilib borayotgani ta’riflanib, kishilar qonining to‘kilishi daryoga, suyaklarning uyumi esa tog‘ga qiyos etiladi. Harakatning belgisi (gap bo‘lagiga ko‘ra hol) subča, tağča ravishlari yordamida berilgan. Keyingi jumladagi urï oğul – “o‘g‘il bola”, qïz oğul – “qiz bola”; erkaklarga nisbatan – qul, xotin-qizlarga nisbatan esa küŋ so‘zi qo‘llanilgan – u “joriya”ni bildiradi. Ushbu jumlada o‘sha kezlar turkning beglikka loyiq yigitlari qul, suluv qizlari esa joriyaga aylangani ta’kidlanmoqda.
Urxun bitiglarini tekshirgan olimlar matnlarning tuzilishi to‘g‘risida ikki xil qarashda: ayrimlar mazkur yodnomalarni she’riy asar desalar, boshqa birlari ularni nasriy asar sanaydilar. Bitiglarni nasrda yozilgan deb qarovchilarning fikricha, jumlalarning she’rga xos bir ohangda o‘qilishiga sabab, ularda sajdan keng foydalanganligidir.
Ta’kidlash kerak, urxun bitiglari, xususan, Kul tigin va Bilga xoqon yodnomalarining tuzilishi o‘ta murakkab. Qadimgi turk monumental matn tuzish an’anasi yuksak daraja takomil topganidan dalolat beradi. Matnning bayon shakliga kelsak, u, asosan, nasrda. Biroq, ora-orada she’riy bo‘laklar ham joy olgan. Muhim tarixiy hodisalarning kulminatsion nuqtalari, milliy qahramonlarning faoliyati, qiliqlariga oid chizgilar she’r bilan bayon etiladi (buni o‘zbek xalq dostonlariga qiyoslash mumkin). Yodnomalarning bu tarzda tuzilganligi ularning badiiyligini yanada oshirgan. Kul tigin bitigining so‘ngida Bilga xoqon tilidan aytilgan marsiya bunga o‘rnakdir:
Kül tigin yoq ersär, qop öltäči ertigiz.
İnim Kül tigin kärgäk boltï,
özüm saqïntïm:
körür közüm körmäz-täg,
bilir biligim bilmäz-täg boltï,
özüm saqïntïm.
Öd täŋri yasar,
kisi oğlï qop ölügli tirimis.
(Kul tigin bo‘lmaganda butunlay o‘lar edingiz. Inim Kul tigin vafot etdi, o‘zim alam chekdim: ko‘rar ko‘zim ko‘rmasdek, bilar bilimim bilmasdek bo‘ldi [ya’ni ko‘zimning nuri ketdi, es-xushim og‘di], o‘zim alam chekdim. Tiriglikni tangri belgilaydi, kishi o‘g‘li o‘lguchidir) (Kb.10). Bu she’r yenisey bitiglaridagi qayg‘uli yig‘i mazmunini eslatadi.
Turk monumental matnlari ichida yenisey bitiglarining tuzilishi va uslubi o‘ziga xos. Yenisey bitiglarining muhim belgilaridan biri ularda matn o‘likning o‘z tilidan so‘zlanadi. Mangutoshlarda marhumning o‘z yaqinlari, yorug‘ dunyodan ayriliq dardi, o‘kinchi bayon etiladi. Bu yig‘ilarni o‘liklar nidosi deyish mumkin. Bitiglarda undovlar, mungli bir mazmun yetakchi. Bitiglardan o‘rnak keltiramiz:
Yerimä, yïta, subuma, adïrïltïm. Buŋa, sizimä, yïta, bodunïma, künimä, qadašïma, adïrïltïm, bökmädim. Elimä, qanïma, bökmädim (E.11.4–5).
Matnda yerim, subum, sizim, bodunïm so‘zlariga qo‘shilayotgan -a, -ä qo‘shimchasi hayajon, undov, mung, qayg‘uni bildiradi. Mazkur undovlar matn ohangdorligini, ritmni ta’minlaydi. Shunga ko‘ra, yuqoridagi matn parchasini hozirgi o‘zbekchaga quyidagi tartibda o‘girish mumkin: “Yerim-a, esiz, suvim-a, (baridan) ayrildim. Musibat-a, siz yaqinlarim-a, esiz, xalqim-a, urug‘im-a, do‘st(lar)im-a, (sizdan) ayrildim, (diydoringizga) to‘ymadim. Elim-a, xonim-a, (sizga) to‘ymadim”. O‘zbek marsiyalarida, azada xotinlarning aytib yig‘lashida bu holat hozir ham bor. Masalan, og‘zaki uslubda: balam-a – “voy bolam, bolam-a”, anam-a – “voy onam, onam-a”, atam-a – “voy otam, otam-a” degani.
Shu o‘rinda Oznachennaya qishlog‘idan topilgan bitigni ham o‘qib ko‘raylik (Orkun 1987,573,575):
Qunčuyïm, qadašïm adïrïltïm. Bunta yağïqa kirdim.
2) Ökü, Čäkül tutuq sizimä adïrïltïm.
3) Elim, qanïm sizimä adïrïldïm. Altun keš adïrïltïm.
Mazmuni:
(1) Malikam, o‘rtog‘im (sizlarimdan) ayrildim. Bu yerda yovga (qarshi jangga) kirdim. (2) O‘ku, Chakul tutuq, sizlarimdan ayrildim (3). Elim, xonim, sizlarimdan ayrildim. Oltin kesh[o‘qdon]imdan ayrildim.
Xuddi shunday ohang qadimgi turklarning boshqa marsiyalarida ham kuzatiladi. Chunonchi, “Oltun tusli yorug‘” sutrasida og‘a-ini tiginlar (shahzodalar) qissasi berilgan. Qissada kenja tigin to‘qayda halok bo‘ladi. Bu mudhish voqeadan og‘alar faryod ko‘taradilar. Shu joyda bir marsiya berilgan. Mana o‘sha she’r:
... ulїdїlar sїğtadїlar, ulїyu sїğtayu їnča tip tidilär:
körklä köwsäk toğїlїğ inimiz / ertiŋ küwäzä!
ögkä qanqa / sewitmiš ertiŋ qadaš-a!
nečükin yana / birgärü
birläkiyä ünüp üčägü /
negülük tittiŋ özüŋin
bizni birlä / barmadїn.
ögümüz qaŋїmїz biziŋä /
utru körüp ayїtsar,
biz ikägü negü / tep
ötünälim sözlälim?
ol yig bolğay / ücägü
birläkiyä ölsärbiz.
näŋ / biziŋä kergäksiz
bu et-özümüz tirigi.
(Og‘alar) baland un bilan yig‘ladilar-siqtadilar, yig‘lab-siqtab shunday dedilar:
Chiroyli, odob-axloqli inimiz eding, oh g‘ururimiz,
Ota-onamizning orzuli bolasi eding-ku, qarindosh-a.
Nechunkim yana uchovimiz birga unib o‘ssak edi,
Sen nima sababdan o‘z joningdan kechding?
Biz bilan birga qaytmasang, otamiz, onamiz bizni ko‘rib seni so‘rasa, biz nima deb javob beramiz?
Undan ko‘ra uchovimiz birga o‘lsak bo‘lmasmidi? Endi bizga bu jonimiz tirikligining nima keragi bor? (AYar.277).
Og‘alar uylariga borib shum xabarni ota-onalariga aytganlarida, ota-onalari ham aytib yig‘ladilar. Ular aytgan marsiya mana bunday:
Ötrü iliglärin örü kötürüp ulïyu sïqtayu inčä tip taqšurtïlar:
Ne ada erti adayïm,
körkläkyä / ögüküm,
Ölmäk emgäk nečükin
öŋrä / kelip erttürti.
Sintidä öŋrä / ölmäkig
bulayïn i künkiäm.
/ Körmäyin erti munї-teg
uluğ ačїğ / emgäkig.
(Keyin (ona va otalari) qo‘llarini baland ko‘tarib, yig‘lab-siqtab shunday she’r aytdilar:
Ne balo erdi toychog‘im,
ushoqqina qo‘zim,
o‘lim azobi nima uchun
erta kelib, olib ketdi.
Sendan burun o‘lsam
bo‘lmasmidi, quyoshim?
Ko‘rmayin erdi muningdek
ulug‘ achchiq azobni) (AYar.281).
Muhim jihati shundaki, qadimgi she’riy matnlarning ayrimlari yozuvda misralarga ajratib emas, nasriy matn singari yozilgan. Buni qadimgi turk muhitida ko‘chirilgan boshqa matnlarda ham kuzatamiz. Jumladan, “O‘g‘uzxoqon” dostonida kechgan she’riy parchalar matnda misra va bandlarga ajratmay yozilgan. Toshga bitilgan urxun va yenisey matnlarini kuzatganda ham shunday holatga duch kelamiz.
Qadimgi turklardan qolgan dostonlar, she’riy asarlar, xalq ijodi namunalari badiiy uslubga misol.
“Irq bitigi”ning uslubi qadimgi turkiy tilda badiiy uslubning nihoyatda puxta ishlab chiqilganiga o‘rnak bo‘la oladi. Asarda yaxshilikka yo‘yiluvchi ta’birlar anča biliŋlär, edgü-ol / anča biliŋ, edgü-ol / anča bil, edgü-ol / edgü-ol; yomonlikka yo‘yiladiganlari esa anča biliŋlär, yablaq-ol / anča biliŋlär, yabïz-ol jumlalari bilan tugaydi. Jumlalar o‘ta aniq va lo‘nda; uzoq takomillashib qiyomiga yetgan ravon bir uslubda. Misollarga e’tibor bering:
Do'stlaringiz bilan baham: |