1.1.2-rasm. Dunyo aholisining bandlik taqsimoti.10
Axolining ish bilan ta’minlanganligi iqtisodiyotda doim dolzarb hisoblanadi. Ish bilan band aholining iqtisodiyotning qaysi sektorida ko‘proq faoliyat yuritishi esa asosiy ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Bugungi kundagi dunyo aholisining bandlik taqsimotiga e’tibor qaratsak, uning eng katta qismi ya’ni 69 foizini xizmatlar sohasi tashkil etadi. Aholining 27 foizi sanoat sektorida band bo‘lsa, qolgan 4 foizi qishloq xo‘jaligi sektorida foliyat yuritmoqda. Bu sanoat va qishloq xo‘jaligidagi jami band aholidan xizmatlar sohasida band aholining ikki baravar ko‘p ekanligini ko‘rsatadi (1.1.2-rasm).
Dunyo miqyosida ohirgi yigirma yillikda xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanishining asosiy omili bo‘lib, ilmiy texnikaviy taraqqiyot va tovar ishlab chiqarishning tarkibiy texnologik o‘zgarishi xizmat qilgan. Iktisodiy ko‘rsatkichlarni kuzatsak, bugungi kunda jahon yalpi ichki maxsulotining 70 foizi xizmatlar sohasi ulushiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, butun jahon iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha jahon savdosida xizmatlar eksport-import muomalalari doimiy o‘sayotganligi kuzatilmoqda. Hozirgi kunda bu umumiy savdo hajmida 30 foizni tashkil etmoqda.11
Iqtisodiyotning muhim bo‘g‘ini ekanligini inobatga olgan holda, mamlakatimizda ham xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun o‘tgan yillar mobaynida bir qator chora-tadbirlar olib borildi va kelgusi yillar uchun yanada rivojlantirish rejalari ishlab chiqilgan. Xususan, 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida 2006-2010 yillarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul kilingan bo‘lib, unga muvofiq xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish, uning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasi tarmoqlarida band bo‘lganlar sonini ko‘paytirish va shu asosda aholi daromadlarini oshirish hamda ichki iste’mol bozorini zamonaviy, sifatli turli-tuman xizmat turlari bilan to‘ldirish kabi vazifalar bajarildi. Bundan tashqari yuqoridagi loyihaning davomi sifatida 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining “2012-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Buning natijasida xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish, avvalambor qishloq joylarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning turini kengaytirish hamda sifatini yaxshilash va buning asnosida mamlakat iqtisodiyotini barqaror va shiddatli rivojlantirishda, aholining bandligini ta’minlash, daromadini ko‘paytirish va farovonligini yuksaltirishda xizmat ko‘rsatish sohasining roli hamda ahamiyatini oshirishga erishildi.
Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyot sohasida erkinlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy ustuvorliklarni bosqichma-bosqich amalga oshirish respublikamizda xizmat ko‘rsatish sohasini yuqori sur’atlarda rivojlantirishni ta’minlamoqda. Shu sababdan mamlakatimizda xizmatlar sohasi korxonalari faoliyatini balansli rivojlantirish va diversifikatsiyalashni ta’minlash, ular ko‘rsatadigan xizmatlarning raqobatbardoshliligi va sifatini oshirish maqsadida 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2016-2020 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va ijrosini ta’minlash uchun vazifalar belgilab olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |