Lavlagi pashshalarining entomofaglari.Lavlagi pashshalari tuxumlarida Trichogramma evanescens, T minutum parazitlik qilsa, ularning lichinkalarida Phygadeuan pegomyia, Opius spinaceae, O. carbonorium, O. fulvicollis va h., pupariylarida esa Aleochara bilineata va A. bipustulata parazitlik qilishi aniqlangan.
Barg kavaklaridan chiqqan pashshaning lichinka va pupariylari bilan oltinko’zlar lichinkalari, stafilinidlar, vizildoq qo’ng’izlar va boshqa ko’pchilik yirtqich bo’g’imoyoqlilar oziqlanadi.
Karam bitining entomofaglari. Karam biti hisobiga ko’pchilik hasharotlar – xonqizi qo’ng’izlari, oltinko’zlar, gallitsalar, sirfidlar yirtqichlar sifatida hayot kechirsa, afidiidlar parazitlik qiladi. Xonqizi qo’ng’izlaridan ayniqsa ikkinuqtali va ettinuqtali, oltinko’zlardan oddiy va yirtqich gallitsalar bit sonini muntazam ravishda kamaytirib turadi. D.B. Daminova (1992) Toshkent viloyati karam dalalarida o’tkazgan tadqiqotlari ko’rsatishicha, bu biotopda sirfid pashshalarining 10 avlodga taalluqli 22 turi karam biti bilan oziqlanib, ertagi karamni yig’ishtirish arafasida sirfidlardan Sphaerophoria scripta, S. rueppelli turlari dominantlik qiladi va ular barcha uchraydigan turlarning 96,4% ni tashkil qiladi.
O’rta muddatlarda ekilgan karamda esa S. scripta 28%, S. rueppelli 21%, Paragus quadrifasciatus 35% ga uchraydi. Kechki karamda sirfidlarning eng yuqori soni sentyabr oxiri-oktyabr boshiga to’g’ri keladi. Bu davrda dominant tur sifatida Metasyrhus corollae (65,3%) qayd qilingan.
Hisoblar ko’rsatishicha, mavsum davomida karamda tabiiy kushandalarning 0,2% ni oltinko’zlar, 0,8% ni leukopislar, 7,5% ni koksinellidlar, 37,5% ni gallitsalar va nihoyat 54% ni sirfidlar tashkil etgan. Karam bitining o’simliklarda kamayishi yirtqich:xo’jayin nisbati 1:30, 1:40 ga to’g’ri kelganda kuzatilgan (Daminova, 1992). Karam bitida parazitlik qiladigan 13-15 ta tur orasida juda samarali tur sifatida sholg’om dieretiellasi, O’zbekiston sharoitida esa dukkaksimon liziflebusni qayd qilish mumkin (Bondarenko, 1986).
Sholg’om dieretiellasi (Diaeritiella rapae, Hymenoptera turkumi, Aphidiidae oilasi). Parazitning g’umbagi xo’jayin tanasida o’simlik qoldiqlari orasida qishlaydi. Qishlovdan chiqqan parazitning erkak va urg’ochilari darhol jinsiy chatishib, o’simlik bitlari tanasiga tuxum qo’yishga kirishadi (12-rasm). Dieretiella 36 turdagi o’simlik bitlarida parazitlik qiladi, ammo uning asosiy xo’jayini karam va shaftoli bitlaridir. Karamda dieretiella karam biti bilan deyarli bir vaqtda paydo bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |