Ekologik tahlil.
Loyihani ekologik nuqtai nazardan baholash, yuqorida tilga olingan jihatlaridan tashqari, o’z masalalari,
usullari va qoidalariga ega.
Yuqorida ta'kidlaganimizdek, ekologik baholash majmuaviy xarakterga ega bo’lishi va uning natijalari
loyiha qabul qilinishi yoki rad etilishiga ta'sir ko’rsatuvchi asosiy mezonlardan biri bo’lishi lozim. Bir
vaqtning o’zida, amaliyotga nazar tashlaydigan bo’lsak, xo’jalik rahbarlari faqatgina boshqaruv
organlaridan tegishli buyruq kelgandagina ekologik ekspertizani amalga oshiradilar.
Bunda ekologik oqibatlar naqadar muhimligi va ularni bartaraf etish lozimligi hamma uchun ravshan,
ammo moliyaviy resurslarning yetishmovchiligi loyihani ekologik nuqtai nazardan majmuaviy tarzda
baholash imkonini bermaydi.
Ekologik tahlilning maqsadi – loyihani amalga oshirish va ob'ektning keyinchalik faoliyat yuritishi
davomida atrof muhitga ko’rsatilishi mumkin bo’lgan zararni oldindan aniqlash, va yo’qotishlarni
minimumga olib kelish yoki umuman bartaraf etish bo’yicha qaror qabul qilishdan iborat.
Loyihani ishlab chiqish jarayonida faqatgina atrof muhit uchun mumkin bo’lgan oqibatlar bo’yicha
ma'lumotlar bazasi va monitoring tizimi emas, balki loyihani ekologiyaga ta'siri bo’yicha muayyan
me'yorlarni o’rnatish, hamda ularga rioya qilinishi ustidan nazorat tizimi talab qilinadi.
Mamlakat hukumatlari va (yoki) xalqaro ekologik tashkilotlar tomonidan tasdiqlanadigan havfsizlikning
minimal me'yorlari tushunchasi mavjud. Bunday me'yorlar sog`liqni saqlash, hayvonot va o’simlik
dunyosini asrash va boshqa sohalarda mavjud. Loyihani ishlab chiqish jarayonida shuni hisobga olish
lozimki, qabul qilinayotgan havfsizlik parametrlari ushbu minimal me'yorlardan past bo’lmasligi lozim.
Investitsiyaviy loyihalashtirishda, ayrim hollarda, atrof muhitga muayyan darajada zarar yetkazishga
yo’l qo’yiladi. Misol uchun, loyiha tufayli yuzaga kelgan zararli oqibatlar uchun tegishli insonlarga
kompensatsiyaviy to’lovlarni amalga oshirish, ushbu oqibatlarni bartaraf etish yoki kamaytirishdan ko’ra
foydaliroq bo’lishi mumkin. Ammo, har qanday holatda ham, esda tutish lozimki, loyihaning atrof muhitga
zararli ta'sirini kamaytirish yoki bartaraf etish bo’yicha barcha xarajatlar, hamda kompensatsiyaviy to’lovlar
va jarimalar, loyihaning umumiy xarajatlariga kiritilishi va pul oqimlariga qo’shilishi lozim.
Ekologik qismi muhim rol o’ynaydigan loyihalarda, xarajat va daromadlarning to’g`ridan-to’g`ri
tahlilini o’tkazib bo’lmaydi. Muammo shundaki, ekologik loyihalardagi daromad va xarajatlarni aniq ko’rib
bo’lmaydi va (yoki) ular vaqt bo’yicha ancha surilgan.
Tabiat nafaqat insonga resurslarni taqdim etadi, balki boshqa tabiiy xizmatlarni ham ko’rsatadi
(suvlarning tabiiy tozalanishi, tuproqning himoyasi, chiqindilarni qayta ishlash va h.). Tabiatning bunday
takrorlanmas o’ziga xos qobiliyatiga yetkazilgan zararni qiymat bilan ifodalash juda ham qiyin, ayrim
hollarda esa umuman mumkin emas.
Ekologik o’zgarishlarning darajasi va xarakterini oldindan bilish mumkin bo’lgan holatlarda, mavjud
bozorlar va ulardagi narxlar bunday baho berish imkoniyatini tug`diradi. Misol uchun, sug`orish tizimidagi
suv sifatining yomonlashuvi tufayli, hosil hajmi yoki sifatidagi yo’qotishlar yuqori darajali aniqlik bilan
hisoblangan bo’lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |