2.2-rasm. Fermer xo‘jaligida budjetlar bajarilishini nazorat qilish tizimi28 Fermer xo‘jaligi ichida aloqa jarayonlarining yaxshilanishi. Budjetlar yordamida rejalar haqidagi axborot o‘z faoliyatlarini tegishli darajada yo‘naltira olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun tarmoq(bo‘linma)lar boshqaruvchilariga yetkaziladi. Bundan tashqari, javobgarlik markazlari va buxgalteriya o‘rtasida axborot almashinuvi yaxshilanadi.
Xodimlarni rag‘batlantirishning yaxshilanishi. Xodimlar, birinchi navbatda javobgarlik markazlari mas’ullarini rag‘batlantirish boshqaruvchilar faoliyatining natijaliligini baholashga olib keladi. Rag‘batlantirish tizimi bilan mustahkamlangan budjetlashtirish mana shunday imkoniyatni yuzaga keltiradi. Budjetning reja ko‘rsatkichlari boshqaruvchilar faoliyatini o‘z maqsadlariga erisha olishiga ko‘mak beradigan qilib tashkil etishga undaydi. Ayni vaqtda budjet maqsadlari aniq, jozibador va erishish mumkin bo‘lgandagina qiziqtiruvchi omil sifatida xizmat qiladi. Budjet ko‘lami ijrochilarga shunday bo‘lib ko‘rinishi uchun uni ishlab chiqishda ijrochilar ham ishtirok etishlari zarur.
Budjetlashtirishning joriy etilishi har xil tarmoqlari va bo‘linmalari ko‘p bo‘lgan yirik fermer xo‘jaliklarida eng yuqori samara berishi mumkin. Budjetlashtirish rejalashtirish, tarmoq darajasidagi boshqaruvchilarga budjet ko‘rsatkichlari doirasida harakat qilishda erkinlik berishi) va boshqaruvchilarning budjet jarayonida faol qatnashishi, moliya-xo‘jalik faoliyatining muvofiqlashtirilishini yaxshilash, axborot almashinuvi jarayonining samaradorligini oshirish, shuningdek, javobgarlik markazlari mas’ullari va barcha xodimlarni qiziqtirish darajasini ko‘tarishga imkon beradi.
Budjetlarning ko‘rib chiqilgan funksiyalari (muvofiqlashtirish, aloqa bog‘lash va qiziqtirish) budjetlashtirishga taalluqli ayrim tadqiqotlar mualliflari tomonidan ajratib ko‘rsatilgan. Lekin ulardan hech biri ushbu vazifalar bir turdagi faoliyat bilan shug‘ullanadigan va javobgarlik markazlarini ajratishning iloji bo‘lmaydigan kichik fermer va dehqon xo‘jaliklarida kuchsiz namoyon bo‘lishini qayd qilmaydi. Shunday qilib, ularda budjetlashtirishning to‘la tizimlaridan foydalanishning maqsadga muvofiqligi yirik ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklaridagiga nisbatan past darajada. Chunki kichik fermer va dehqon xo‘jaliklarida budjetlashtirishni qo‘llash imkoniyati cheklangan. Budjetlashtirish tizimini ishlab chiqish va joriy qilish murakkab jarayon hisoblanadi. Shu bois, kichik fermer va dehqon xo‘jaliklari to‘liq miqyosli budjetlashtirish tizimini joriy qilishdan keladigan foyda mana shunday tizimlarni yaratish xarajatlarini qoplamaslik ehtimoli ham mavjud.
Budjetlashtirish tizimini muvaffaqiyatli tashkil etish va joriy qilish, uning biron-bir korxonada samarali ishlashi uchun u ma’lum bir tamoyillarga muvofiq kelishi zarur. Budjetlar tuzish joriy rejalashtirishning ko‘rinishi bo‘lgani uchun budjetlashtirish tizimi avvalo umumiy rejalashtirish tamoyillariga mos kelishi lozim. A.Fayol birlik, uzluksizlik, moslashuvchanlik va aniqlik kabi tamoyillarni ajratib ko‘rsatadi, R.Akoff ishtirok etish tamoyilini asoslaydi. Rejalashtirish sohasining mutaxassislaridan biri D.Xan rejalashtirish va nazorat tizimiga bo‘lgan talablarning biroz boshqacha tasnifini taklif qiladi. Shunday bo‘lsa-da, mazmun jihatidan u yuqorida keltirilganlar bilan deyarli bir xil (ba’zi tamoyillar ajratilgan va aniqlashtirilgan, samaralilik tamoyili qo‘shilgan):
maqsadga yo‘naltirilganlik;
yaxlitlik va to‘liqlik;
reja (xususiy rejalar) bo‘limlarining maqsadga yo‘naltirilgan uyg‘unlashuvi: mazmunli uyg‘unlashuv; vaqt bo‘yicha uyg‘unlashuv; mazmunan va vaqt bo‘yicha uyg‘unlashuv;
Bir qancha iqtisodchilarning budjetlashtirish tizimi ustuvorlik tamoyili; sababiyat tamoyili; javobgarlik tamoyili kabi tamoyillarga muvofiq kelishi kerak, degan fikrlariga qo‘shilish mumkin.