Buxgalteriya hisobi tizimi bilan bog‘liqligi
|
Budjet ko‘rsatkichlari boshqaruv hisobotlari ko‘rsatkichlari bilan mos bo‘lishi, budjet ko‘rsatkichlarining tafsiloti analitik hisob ma’lumotlari bilan mos bo‘lishi lozim. Umumlashtiruvchi balans ma’lumotlari esa moliyaviy hisobotning asosiy shakllari (buxgalteriya balansi, moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot, pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot) ko‘rsatkichlari bilan mos bo‘lishi kerak. Budjet ko‘rsatkichlaridan chetlanishlar joriy buxgalteriya hisobida aks ettirilib, budjetlar bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarga kiritiladi va tahlil qilib boriladi.
|
Rasmiylashtirilishi va bajarilishi
|
Yozma hujjat shaklida fermer tomonidan rasmiy ravishda tasdiqlanadi. Budjetlarni tuzish va ularning bajarilishi ustidan nazorat fermer (yoki uning boshqaruvchilari) tomonidan amalga oshiriladi.
|
Aksariyat mutaxassislar korxonaning umumiy budjeti tarkibidagi budjetlarni ikkita asosiy qismga: operatsion va moliyaviy budjetlarga ajratadilar. Fermer xo‘jaliklari uchun umumiy budjetining tarkibini quyidagicha tavsiflash mumkin.
2.1 rasm. Fermer xo‘jaliklari umumiy budjetining tarkibi25
Fermer xo‘jaligining operatsion budjetlari alohida tarmoq(bo‘linma)larning rejalashtirayotgan operatsiyalari yoki alohida vazifalarini aks ettiradi va keyinchalik har bir tarmoq (bo‘linma)ning daromadlari va xarajatlarini baholash uchun asos bo‘ladi. Operatsion budjet sotish budjeti, ishlab chiqarish dasturi (ishlab chiqarish budjeti), moddiy va mehnat xarajatlari budjeti, davr xarajatlari budjetlari, shuningdek, ushbu budjetlar asosida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar budjeti (moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi prognoz hisobot) kabi qator funksional budjetlarni o‘z ichiga oladi (2.1-rasm).
Moliyaviy budjet rejalashtirilayotgan mablag‘larning manbalari va ulardan foydalanish yo‘nalishlarini aks ettirar ekan, kapital xarajatlar budjeti(investitsiya budjeti)ni, moliyalashtirish manbalari budjetini, pul oqimlari budjetini va prognoz balansini o‘z ichiga oladi.
G‘arb moliyaviy adabiyotida bosh (operatsion va moliyaviy) budjetlar bilan bir qatorda ularning boshqa turlari ham keltiriladi: qo‘shimcha budjetlarda asosiy budjetga kiritilmagan tadbirlarni moliyalashtirish ko‘zda tutiladi; o‘sib boruvchi budjet avvalgi budjetning moddalarini qayta ko‘rib chiqmasdan oddiy indeksatsiya yo‘li bilan (foizlarda) shakllantiriladi; qo‘shimcha budjet avvalgi budjetlarni o‘rganish va ularni joriy parametrlar: sur’at, inflyatsiya, shtat ro‘yxatidagi o‘zgarishlarga qarab to‘g‘rilashni nazarda tutadi; maqsadli budjet mablag‘larning asosiy sarflanish yo‘nalishlarini ifodalaydi va ularni kompaniya bo‘linmalarining (filiallarining) muhim vazifalari bilan bog‘laydi; strategik budjet uzoq muddatli moliyaviy rejalashtirish va nazorat elementlarini uyg‘unlashtiradi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, budjetlar standartlashtirilgan shaklga ega emas. Chunki bu hujjat aynan boshqaruv hisobida asosiy nazorat vositasi bo‘lib, faqat fermer xo‘jaligi ichida foydalanishga mo‘ljallangan va uning ma’lumotlari tijorat siri hisoblanadi. Boshqaruv hisobi ma’lumotlari fermer (yoki uning menejeri) tomonidan faoliyatni rejalashtirish, nazorat qilish va boshqarish maqsadida foydalanilgani uchun boshqaruv hisobining tuzilishi biron-bir me’yoriy hujjat bilan tartibga solinmaydi. Ma’lumotlar fermerning ehtiyoji, har bir xo‘jalikning o‘ziga xos xususiyatlari, faoliyat ko‘lami, qaysi tarmoqqa tegishli ekanligi, joriy va istiqboldagi maqsadlari bilan belgilanadi. Har bir fermerning boshqaruv uchun qanday axborotlar, qanaqa tahliliy kesimda zarurligini, ularni olish usullarini va taqdim etish davrini o‘zi belgilashi, shu jumladan, budjetlashtirishni joriy qilish zarur yoki zarur emasligini, agar shunga zaruriyat bo‘lsa, to‘liq miqyosdagi budjetlashtirish tizimi kerak yoki kerak emasligini, yoki xo‘jalik faoliyatining o‘ziga xos sharoitlari uchun muhim bo‘lgan budjetlar bilan kifoyalanib qo‘ya qolishni hal qilishi lozim. Tadqiq qilingan ilmiy-nazariy manbalar, o‘quv-uslubiy adabiyotlar va amaliyot ma’lumotlariga asoslanib, fermer xo‘jaligi boshqaruvining turli darajalarida tuzilishi mumkin bo‘lgan budjetlarning namunaviy tarkibini tavsiya qilamiz(2.2-jadval).
Umumiy budjetning tuzilishi va budjet tarkibiy qismlarini batafsillashtirish darajasi ishlab chiqarish jarayoni (shu jumladan, mahsulot yoki xizmat turlari, ishlab chiqarish va marketing usullari); tashkiliy tuzilma; buxgalteriya hisobi, ishlab chiqarish hamda moliyaviy nazoratning tashkil etilishi; fermerning axborotga bo‘lgan ehtiyoji; xo‘jalikning hajmi; budjet predmeti bo‘lgan narsa; fermer va budjet ishlab chiquvchilarning malakasi bilan tavsiflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |