ΣMt.t=Mt.b.·O‘Hr.birl.+DX, (2.6)
Bunda:
Mt.b.-sotiladigan mahsulot miqdori;
O‘Hr.birl.-mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan rejadagi o‘zgaruvchan xarajatlar (to‘g‘ri doimiy xarajatlarni hisobga olib yoki olmasdan);
DX- doimiy xarajatlar (jami summasi yoki to‘g‘ri doimiy xarajatlarni qo‘shmasdan).
Ishlab chiqarish va sotish xarajatlarini prognozlashning keyingi varianti operatsion budjetlashtirish usuliga asoslanadi (2.4-rasm).
2.4-rasm. Ishlab chiqarish va davr xarajatlarini «operatsion budjetlashtirish» usuli31 Sotish budjeti ishlab chiqariladigan mahsulot hamda keyingi yilga o‘tadigan ishlab chiqarish zaxiralari va tovarlarning hajmini aniqlash, ishlab chiqarish budjeti esa – doimiy va o‘zgaruvchan ishlab chiqarish xarajatlarining umumiy summasini, so‘ngra mahsulotning to‘la (tijorat) tannarxini aniqlash imkonini beradi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida «sof tushumdan foiz» deb nomlanadigan budjetlashtirish usuli ham keng qo‘llanilish tavsiya etiladi. Bunda xo‘jalik yurituvchi sub’ekt hamma vaqt to‘la quvvat bilan va barcha resurslari balanslashgan holda ishlashi ko‘zda tutiladi. Bu usul boshqa usullarni qo‘llash uchun yetarli ma’lumotlar bo‘lmaganda keng qo‘llanilishi mumkin. O‘zgaruvchan xarajatlarning barcha turlari budjetlashtirilayotgan yildagi sotish hajmiga nisbatan foiz hisobida rejalashtiriladi. O‘zgaruvchan xarajatlarning har bir turi bo‘yicha foiz miqdorlari o‘tgan yillarning tajribasi bo‘yicha aniqlanadi. Bunda foiz miqdorlari o‘tgan yildagi o‘zgaruvchan xarajatlarning hisobot yilidagi sotilgan mahsulot qiymatiga nisbati shaklida hisoblab chiqariladi. Qat’iy belgilangan xarajatlar o‘tgan yillarning tajribasi bo‘yicha budjetlashtirilayotgan yildagi baza ko‘rsatkichlarining o‘zgarishini hisobga olgan holda aniqlanadi. Oy (chorak, yil) uchun xarajatlar budjetini butun xo‘jalik bo‘yicha (yoki mahsulot turlari bo‘yicha) hisob-kitob qilish uchun «sof tushumdan foiz» usulini tavsiya qilamiz (2.3-jadval).
Ushbu usul bo‘yicha budjet tuzish uchun o‘tgan yildagi tegishli buxgalteriya hisobi registrlari va moliyaviy hisobot shakllaridan foydalaniladi: butun xo‘jalik bo‘yicha o‘tgan yil uchun sotishdan olingan sof tushum summasi va davr xarajatlari to‘g‘risidagi haqiqiy ma’lumotlar moliyaviy hisobotning 2-shakli «Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot»dan, har bir mahsulot turi bo‘yicha sotishdan sof tushum– 9000-“Asosiy (operatsion) faoliyatning daromadlarini hisobga oluvchi schetlar” (9010, 9020, 9030) scheti bo‘yicha analitik hisob registrlaridan; doimiy va o‘zgaruvchan sarflar, xarajat elementlari bo‘yicha – o‘simlikchilik, chorvachilik, sanoat va yordamchi ishlab chiqarish bo‘yicha ishlab chiqarish hisobotlaridan; soliq to‘lovlari tegishli yig‘ma hisob-kitoblardan olinadi. Ta’kidlash joizki, “sof tushumdan foiz” usuli bo‘yicha tuzilgan budjet to‘g‘ri bo‘lishi uchun yuqorida keltirilgan ma’lumotlar haqqoniy, aniqrog‘i buxgalteriya hisobi to‘g‘ri tashkil etilgan va yuritilgan bo‘lishi lozim. Mahsulot sotishdan olinadigan rejadagi sof tushum «Mahsulotlar sotish, ish va xizmatlar bajarishning prognoz hisob-kitobi» jadvaliga asosan aniqlanadi.