6.5. Ostsillograf yoyishlarini sinxronlash
Yuqorida (6.4-band) qayd etilganidek, qo’zg’almas ostsillogrammani hosil qilish uchun yoyishning bir davrida signalning butun sondagi davrlari aniq joylashishi lozim. Bu shartning bajarilishi yoyish generatorini tadqiq qilinayotgan signal bilan sinxronlash orqali ta’minlanadi. Bunda yoyish uzluksiz rejimda ishlaydi. Buning farqli xususiyati shundaki, yoyish generatori sinxronlash signali uzib qo’yilganidan keyin ham ishini davom ettiradi. Yoyishni sinxronizmga kiritilishi ikki bosqichda o’tkaziladi. Dastlab, yoyish generatorining xususiy tebranishlari davri (sinxronlash signalisiz), keyin esa sinxronlash signali toki ostsillogrammaning turg’un holati hosil bo’lguniga qadar, tanlanadi.
Odatda, razryadlovchi kaskad ishini boshqaruvchi qurilma sifatida avtotebranish rejimida ishlaydigan multivibratordan foydalaniladi. Bunday multivibrator sxemasi 6.12-a rasmda keltirilgan. Multivibrator T1 va T2 tranzistorlarda yig’ilgan. Teskari aloqa S1 va S2 kondensatorlar orqali amalga oshiriladi. Manfiy qutbli Tsinxr davrli sinxronlash impulslari T2 ning bazasiga kondensator S3 va diod D orqali keladi. Kuchlanish shakli 6.12-v rasmda ko’rsatilgan. tn uchastkada Ub2 kuchlanish eksponentsial qonun bo’yicha o’zgaradi. Sinxronlovchi signallar bo’lmaganida Ub2 kuchlanish eksponenta bo’yicha nolgacha kamayadi va momentda relaksatsion jarayon yuzaga keladi (shtrixli chiziq). Agar t2 momentda T2 ning bazasiga tik frontli manfiy qutbli impuls kelsa, u holda nol potentsialga t2 momentda erishiladi va multivibratorning tebranishlar davri qisqaradi va sinxronlovchi signallarning kelish davri Tsinxr ga teng bo’ladi. Shunday qilib, sinxronlanish hosil bo’lishi uchun multivibratorning xususiy tebranishlar davri sinxronlash impulslarining kelish davridan biroz ortiq bo’lishi zarur. Tsinxr va Txus davrlar orasidagi zaruriy farq multivibrator davri Txus ni eksperimental o’zgartirish yo’li bilan tanlanadi, shu bilan birga Txus ni to’g’ri tanlanganlik kriteriysi bo’lib, ENT ekranidagi ostsillogrammaning turg’unligi xizmat qiladi.
Tsinxr va Txus davrlar munosabatining sinxronlash turg’unligiga ta’siri 6.13-rasmda tushuntirilgan. Odatda, multivibrator sinxronlash impulslari ichki va tashqi sabablarga ko’ra kelib chiqadigan xalaqitlar bilan birga keladi. Bu xalaqitlar shovqin xarakterida ham, impuls xarakterida ham bo’lishi mumkin.
Agar multivibratorning xususiy tebranishlar davri Txus sinxroimpulslar kelish davri Tsinxr dan sezilarli katta bo’lsa, u holda sinxronlash impulsli kelish momentida ub2 hali etarlicha katta va relaksatsion jarayonni yuzaga kelishi uchun ∆U orttirma zarurdir. Bu holda xalaqit sinxronlashtirishni buzishga qodir emas. Txus endi Tsinxr ga yaqin bo’lganida (6.13-b rasm) sinxronlash impulsining kelish vaqti juda kichik Ub2 kuchlanishga to’g’ri keladi va multivibratorni relaksatsiya jarayoniga o’tkazilishi uchun ∆U' qulochli impuls etarlidir.
Agar T2 ning sinxronlash signalining kelishidan oldin, ∆U' dan ortiq miqdordagi manfiy qutbli xalaqit impulsli kelgan bo’lsa, multivibratorning vaqtidan oldin ishlab ketishi sodir bo’ladi. Xalaqit tasodifiy xarakterda bo’lganligi uchun relaksatsiya momentining boshlanishi tsikldan tsiklga fluktuatsiyalanadi va, demak, sinxronlash turg’un bo’lmaydi. Bu misol multivibratorning xususiy tebranishlari davrini to’g’ri tanlash qanchalik muhimligini ko’rsatib turibdi.
Txus ni tanlashdan tashqari, sinxronlash impulslari kuchlanishini ham to’g’ri tanlash zarur. 6.13-a rasmdan ko’rinib turibdiki, sinxroimpuls kuchlanishining ikki marta kamayishi sinxronlashning kamayishiga olib keladi. Sinxroimpulslar kuchlanishining ortiqcha orttirilishiga ham yo’l qo’yib bo’lmaydi, chunki multivibrator to’g’ri yo’lning istalgan momentida ishlab ketishi mumkin. Amaliyotda yaxshi natijani asta-sekin yaqinlashish metodi bilan hosil qilinadi. Dastlab, sinxronlash kuchlanishining minimal qiymatida yoyish davrini taqriban signal davriga teng qilib tanlanadi. Ostsillogramma harakati sekinlashganida sinxronlash signalini oshiriladi. Sinxroimpulslar kuchlanishini va Txus davrini navbatma-navbat tanlab, ostsillogramma tasvirining to’la qo’zg’almas bo’lishiga erishiladi.
S huni qayd etish kerakki, sinxronlash jarayonini Txus ning turli qiymatlarida (agar, albatta Txus davr Tsinxr ga yaqin bo’lganida) o’rnatish mumkin, ya’ni Txus qiymatlarning shunday diapazoni mavjudki, uning chegaralarida sinxronlashni o’rnatish mumkin, bu diapazon qamrash diapazoni deb ataladi. Agar sinxronlash o’rnatilgan bo’lsa, multivibratorning Txus davrini sinxronlash jarayonining buzilishiga olib kelmaydigan va saqlab qolish diapazoni deb ataladigan biror diapazonda o’zgartirish mumkin.
Odatda, saqlab qolish diapazoni qamrash diapazonidan katta bo’ladi. Sinxronlashga erishilganidan so’ng, multivibratorning Txus davri o’rnatiladigan dastasi o’rta vaziyatda turganiga ishonch hosil qilish foydalidir. Bunda kelayotgan signalning chastotasi ortish tomoniga ham, kamayish tomoniga ham og’ganida sinxronlash ta’minlanadi. Shunday qilib, sinxronlash rejimida turgan multivibrator tadqiq qilinayotgan signalga moslanadi.
Multivibrator tebranishlari davri signal davriga teng qilib olinadigan mazkur sinxronlash rejimi ENT ekranida signalning bor-yo’g’i bitta davri ostsillogrammasini hosil qilish imkonini beradi. Amaliyotda n ta davrni kuzatish zarurati uchrab turadi. Bu holda multivibrator chastotani bo’lish rejimida ishlaydi. 6.14-rasmda ENT ekranida signalning to’rtta davrini akslantirishda multivibratorning ishlashi ko’rsatilgan. 6.14-rasmdan ko’rinib turganidek, multivibratorda relaksatsiya jarayonining boshlanishi impuls 1 bilan qo’zg’aladi. Impulslar 2, 3 va 4 nol darajaga erishmaydi (6.14-b rasm) va, demak, multivibrator ishiga ta’sir ko’rsatmaydi. Impuls 5 relaksatsiya jarayonini qo’zg’atadi. Shunday qilib, qaralayotgan rejimda sinxronlash mavjud, lekin unda impulslarning hammasi ham ishtirok etavermaydi. Multivibratorning bir tebranish davriga tekshirilayotgan signalning 4 ta davri joylashadi. Sinxronlash impulslari kuchlanishini to’g’ri tanlash qanchalik muhimligi 6.14-b rasmdan ko’rinib turibdi. Agar bu kuchlanishni 1,5...2 marta oshirilsa, multivibratordagi relaksatsion jarayon impuls 4 bilan qo’zg’atilishi mumkin. Shunday qilib, bo’lish rejimida sinxronlashning turg’unligi kamroqdir. Bo’lish koeffitsienti qancha katta bo’lsa, sinxronlash impulslari bir-biriga shuncha yaqin joylashadi, saqlash polosasi shuncha tor bo’ladi.
Generator yoyish sxemasining tuzilish sxemasi 6.15-a rasmda keltirilgan. Sinxronlash va ishga tushirish qurilmasi ishga tushiruvchi impulslarni shakllantiradi. Aniq sinxronlash uchun multivibratorga o’sish fronti tik o’tkir uchli impulslar kelishi lozim. Amaliyotda ko’pincha ostsillografda silliq (ravon) o’zgaradigan (masalan, garmonik) signallarni kuzatishga to’g’ri keladi, bu holda ulardan o’tkir uchli shakldagi impulslarni shakllantirishga to’g’ri keladi. Buning uchun shakllantirish va ishga tushirish qurilmasidan foydalaniladi, U odatda, kuchaytirgich-cheklagich va differentsiallovchi zanjirlarni o’z ichiga oladi.
Mazkur sxema bo’yicha yasalgan yoyish generatori muhim kamchilikka ega. O’yish chastotasi o’zgarganida ham multivibratorning, ham arrasimon kuchlanishlar shakllantirgichining parametrlarini o’zgartirish lozim. Faqat mana shu holdagina arrasimon yoyish impulslarining yuqori chiziqli va ularning qulochi (razmax) doimiy bo’lishini saqlab qolish mumkin. Arrasimon impulslar qulochining va, demak, ostsillogramma gorizontal o’lchamining chastotaga bog’liq bo’lmasligi ostsillograf bilan ishlashda qulaylik yaratadi. Yoyish chastotasi qayta o’zgartirilganidan keyin ostsillogrammaning gorizontal o’lchamini rostlashga hojat qolmaydi va signalning vaqtga oid parametrlarini o’lchash ancha soddalashadi.
Zamonaviy ostsillograflarda kalibrlangan yoyishdan foydalaniladi, bunda nurning ma’lum gorizontal ko’chishiga ma’lum vaqt intervali to’g’ri keladi. Yuqorida qaralgan tipdagi yoyish generatori bu talabga javob bermaydi, chunki xaroratning nostabilligi, ta’minot kuchlanishining o’zgarishi oqibatida sxema elementlari parametrlarining o’zgarishi yoyilma kuchlanishi o’sish tezligining va uning qulochi muqarrar o’zgarishiga olib keladi. Hozirgi vaqtda bu tipdagi yoyish generatorlari sodda va arzon asboblardagina qo’llaniladi.
Kalibrlangan yoyish generatorining tuzilish sxemasi 6.15-b rasmda tasvirlangan. Boshqaruvchi qurilma bu yerda trigger bo’lib, u zaruriy davomiylikdagi to’g’ri burchakli boshqaruvchi signallar shakllanishini ta’minlaydi. Shunisi muhimki, shakllangan boshqaruvchi signalning davomiyligi trigger tarkibiga kiruvchi elementlarga bog’liq emas. Sinxroimpuls kelganidan so’ng trigger ishga tushadi va uning chiqish kuchlanishi arrasimon impulslar shakllantirgichning ishga tushirilishini ta’minlaydi. Chiziqli o’sayotgan kuchlanish qiyoslash va muxosaralash (blokirovkalash) qurilmasiga keladi, uning signali arrasimon kuchlanish ma’lum darajaga etganida shakllanadi. Bu momentda qiyoslash qurilmasi buyrug’i bo’yicha trigger boshlang’ich holatiga qaytadi. Shunday qilib, mazkur sxemadagi yoyish kuchlanishining maksimal qiymati qat’iy o’zgarmas bo’ladi. O’zgarmas qiyoslash darajasida arrasimon kuchlanish qulochi arrasimon impulslar shakllantirgichda vaqtni beruvchi elementlar qayta ulanganida o’zgarmaydi.
Trigger qo’llanilgan yoyish generatori kutish rejimida ishlaydi. Boshqaruvchi qurilma sinxronlash va ishga tushirish qurilmasidan ishga tushiruvchi impulsni «kutadi», shundan so’ng to’g’ri yoyish yo’lining shakllanishi boshlanadi. Agar ishga tushiruvchi impulslar bo’lmasa, yoyish bo’lmaydi.
Bu ko’rib chiqilgan yoyish sxemasini uzluksiz arrasimon tebranishlarni generatsiyalash rejimiga o’tkazish mumkin.
Buning uchun bitta turg’un muvozanat holatli triggerdan foydalanish lozim. To’g’ri yo’l shakllanishida trigger turg’un holatida bo’ladi va kerakli ruxsat etuvchi kuchlanish arrasimon impulslar shakllantirgichiga beriladi. Arrasimon kuchlanish berilgan qiymatga erishganida qiyoslash va muxosaralash qurilmasi maxsus impuls bilan triggerni noturg’un holatga o’tkazadi va uni bu holatda biror vaqt davomida ushlab turadi. Impuls ta’siri tugashi bilan trigger muvozanat holatiga mustaqil qaytadi va yana to’g’ri yoyish yo’li shakllanadi. Hozirgi vaqtdagi ostsillograflarida, odatda, ikkita turg’un holatli triggerni turg’unlik rostlagichi yordamida bitta turg’un holatli ish rejimiga o’tkazish imkoniyati ko’zda tutilgan. Rostlagichning bir holati uzluksiz ish rejimini, ikkinchi holati esa kutish rejimini ta’minlaydi. Yanada murakkab ostsillograflarda ishga tushiruvchi signal yo’q bo’lganida generatorning avtotebranishlar rejimini yoki ishga tushiruvchi impulslar mavjud bo’lganida kutish rejimini avtomatik o’rnatadigan qurilmalar ishlatiladi.
6.15-b rasmdagi sxemada qiyoslash va muxosaralash qurilmasi bajaradigan yoyishni muxosaralash vazifasiga (funksiyasiga) to’xtalish lozim. Arrasimon impulslar shakllantirgichiga yangi yoyish tsikliga tayyorlanish uchun vaqt kerak. Teskari yo’l va o’tish jarayonlari tugamagunigacha boshqaruvchi impulslar arrasimon impulslar shakllantirgichiga kelmasligi lozim. Bu vaqt ichida triggerni muxosaralash zaruriy signalni ishlab chiqaruvchi qiyoslash va muxosaralash qurilmasi tomonidan bajariladi.
Pirovardda kutuvchi yoyishning amaliy qo’llanish xususiyatlarini ko’rib chiqamiz. Impulsli signallarni kuzatishda bir-biridan nisbatan katta vaqt intervallaridan keyin keladigan qisqa impulslar bilan ish ko’rishga to’g’ri keladi. τ davomiylik impulslar kelish davri T dan ancha kam bo’lar ekan. Impulslar o’tkazishga moyillik (skvajnost) Q = T/τ > 100 bo’lganida uzluksiz yoyish metodi bilan olinadigan ostsilogramma kam axborotli bo’lar ekan. Haqiqatan, 6.16-b rasmdan ko’rinib turganidek, to’g’ri burchakli shakldagi qisqa impulslar ENT ekranining kichik qismini egallaydi. Shuning uchun impulslar shaklining uchining sinishi, tushib qolishi kabi mumkin bo’lgan buzilishlarini payqash va baholash qiyin. 6.16-a rasmdagi impulslar o’tkazishga moyillik Q = 30 bilan tavsiflanadi. O’tkazishga moyillikni yanada oshirish masalani yanada murakkablashtiradi, chunki uzluksiz yoyishda ENT ekranida signalning kamida bitta davrini akslantirish mumkin, aslida esa faqat uning bir qismigina qiziqish tug’diradi. Kutuvchi yoyish bu qiyinchilikni bartaraf etishga yordam beradi.
6.17-rasmda kutuvchi yoyishning ishlash printsipi ko’rsatilgan. Signaldan (6.17-a rasm) ishga tushiruvchi signallar (6.17-b rasm) shakllantiriladi. Impuls kelguniga qadar yoyish generatorining triggeri tormozlangan holatda bo’ladi. t1 momentda trigger ishga tushadi va to’g’ri yo’l boshlanadi. Tto’g’r vaqt ichida yoyish kuchlanishi 0 dan Uyomax gacha o’sadi (6.17-v rasm), keyin t2 momentda teskari yo’l boshlanadi. Tkut intervalida yoyish generatori navbatdagi ishga tushirish impulsini «kutib» tormozlangan holatda bo’ladi.
Yoyuvchi nur ENT ekranida Tto’g’ vaqt ichida gorizontal bo’yicha to’la o’lchamga og’adi. Impuls ostsillogrammasi ekranning ancha qismini egallaydi va kuzatish uchun qulaydir.
6.17-a, b-rasmlardan ko’rinib turibdiki, kutuvchi yoyishda ishga tushiruvchi impuls t1 momentda, ya’ni tadqiq qilinayotgan signalning kelishidan oldin paydo bo’lishi kerak. Amaliyotda ishga tushiruvchi impuls Ui.t. ning kerakli o’zishiga tadqiq qilinayotgan signalning sekinlashtirilishi bilan erishiladi, buning uchun vertikal og’dirish kanali tarkibiga sekinlashtirish liniyasi kiritiladi (6.8-rasm). 6.8-rasmdan ko’rinib turganidek, signal shakllantirgichga sekinlashtirish liniyasiga kirishidan oldin ajratib olinadi, demak, tadqiq qilinayotgan signaldan biror vaqtga o’zadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |