Qiyoslash sxemasi – birlik o’lchamini etalondan yoki dastlabki namunali o’lchash vositasidan ishchi o’lchash vositalariga uzatish vositalari, uslublari va aniqligini ko’rsatuvchi belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjat. Qiyoslash sxemalari to’g’risidagi asosiy ma’lumot GOST 8.061-80 da keltirilgan.
Qiyoslash sxemalari davlat sxemalari va lokal sxemalarga bo’linadi. Davlat qiyoslash sxemalari konkret fizik kattalikni mamlakatda bor o’lchash vositalariga tarqatadi. Davlat qiyoslash sxemalari davlat standartlari sifatida tasdiqlanadi.
1.6. O’zbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish sohasida metrologik ta’minotning me’yoriy-huquqiy asoslari Aloqa va axborotlashtirish sohasida metrologik ta’minotni (MT) shakllantirishning qonunchilik asoslari O’zbekiston Respublikasining «Metrologiya to’g’risidagi» qonuni orqali aniqlangan.
O’zbekiston Respublikasida o’lchashlarning birligini ta’minlash davlat tizimi o’lchashlar aniqligini baholash va ta’minlash bo’yicha ishlarni tashkil qilish hamda o’tkazish metodikasini belgilaydigan standartlar bilan o’rnatilgan qoidalar, talablar va me’yorlar majmuidir.
Davlat standartlari o’lchash vositalarini ishlab chiqarish va metrologik ta’minot sohasiga taalluqli tarmoqlararo qo’llashlar hamda talablarni o’rnatadi. O’lchashlar birliligini ta’minlash tizimini standartlashtirishning asosiy ob’ektlari quyidagilardan iborat:
– fizik kattaliklar birliklari;
– atamalar va ta’riflar;
– o’lchash vositalarini qiyoslash va kalibrlash;
– o’lchash vositalari tiplarini sinash va tasdiqlash;
– fizik kattaliklar etalonlari;
– o’lchashlarni bajarish metodikalari va boshqa normativ hujjatlar.
Standartlar aloqa va axborotlashtirish sohasining metrologik ta’minoti doirasida ko’rsatiladigan xizmatlarga qo’yiladigan talablarni, shuningdek, qoidalar, me’yorlar (normalar), talablarni o’rnatadi.
Metrologik xizmatlarning faoliyatini reglamentlovchi (tartibga soluvchi) tarmoq standartlariga quyidagilar taalluqlidir:
– loyihaviy konstruktsiyalik va texnologik hujjatlarning metrologik ekspertizasi;
– o’lchashlarni bajarish metodikalari;
– xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning metrologik ta’minotini takomillashtirish bo’yicha ishlarning iqtisodiy samaradorligini aniqlash metodlari;
– xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda metrologik ta’minotning holati va metrologik xizmatlarning faoliyati ustidagi idoraviy nazorat hamda kuzatib borish;
– o’lchashlar turlari bo’yicha lokal qiyoslash sxemalari;
– aloqa va axborotlash sohasida o’lchash vositalarini hisobga olish tizimi;
– o’lchash vositalarini metrologik attestatsiyalash, qiyoslash va ta’mirlashga doir vaqt me’yorlari va boshqalar.
Tarmoq standartlari O’zbekiston Respublikasi va davlatlararo standartlarning majburiy talablarini o’z ichiga oladi. Bu talablarning tarmoq standartlaridagi qiymati (ahamiyati) davlat standartlarida o’rnatilgan qiymatlaridan past bo’lmasligi lozim.
Davlat va tarmoq standartlarini xalqaro standartlar bilan uyg’unlashtirish texnik vositalar, xizmatlar ko’rsatish jarayonlarining o’zaro almashinuvchanligini ta’minlash hamda o’lchashlar natijalarini o’zaro tan olish talablari asosida qurilishi lozim.
Aloqa va axborotlashtirish sohasining o’lchash vositalaridan foydalanadigan xo’jalik yurituvchi sub’ektlari uchun axborot olishning mufassal manbai texnik shartlardir.
Korxonalarning standartlari faqat shu standart ishlab chiqilayotgan xo’jalik yurituvchi sub’ektda qo’llaniladi.
Korxonalarning mahsulot, o’lchashlar, xizmatga oid standartlari va texnik shartlari talablari xalqaro standartlar, davlatlararo va O’zbekiston davlat standartlari talablariga zid bo’lmasligi lozim.