3. Vakil bilan vakolat beruvchi oʻrtasida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar.
Vakillik munosabatlarida vakolat beruvchi va vakilning huquq va majburiyatlari alohida ahamiyat kasb etadi. vakillik munosabatlaridagi huquq va majburiyatlar vakillikning turlariga bog‘liq holda ham har xil hisoblanadi va ayni shu mezonlardan, ya’ni huquq va majburiyatlar kimga nisbatan vujudga kelganligiga, ularning vakillikning qaysi turiga mansubligidan kelib chiqqan holda vakillik munosabatlaridagi huquq va majburiyatlarning mohiyati yoritiladi. Vakilning shaxsan oʻzi esa bitimlar yuzasidan hech qanday huquq va majburiyatlar olmaydi. Kishining shaxsi bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan bitimlarni vakil orqali tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi. Masalan, nikoh shartnomasi tuzish, alimentlarni undirish yoki toʻlash bilan bogʻliq majburiyatlar.
Fuqarolik huquqining eng muhim kichik sohalaridan biri majburiyat huquqi hisoblanadi. Majburiyat deb shunday fuqarolik huquqiy munosabatga aytiladiki, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pul to‘lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o‘zini saqlashga majbur bo‘ladi, kreditor esa – qarzdordan o‘zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Yuridik adabiyotlarda majburiyat atamasi bilan birgalikda burch atamasi borasida ham so‘z yuritiladi12. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida huquq va burchlar borasida so‘z boradi. Ushbu atamalar teng ma’noli bo‘lib, fuqarolik huquqiy munosabatlarda har doim majburiyat atamasi qo‘llaniladi.
Majburiyat subyektlari, obyektlari, uning mazmuni majburiyatning eng muhim elementi hisoblanadi. Majburiyat subyektlari bu muayyan huquqlarga ega bo‘lgan va zimmasiga muayyan majburyatlar yuklangan shaxslardir. Odatda har bir majburiyatda kamida ikki taraf ishtirok etadi. Muayyan harakat qilinishini va muayyan harakatdan tiyilishni talab qilish ga haqli bo‘lgan taraf – kreditor (haqdor) deb ataladi. Muayyan harakatni qilishga yoki harakat qilishdan saqlanishga majbur bo‘lgan taraf esa – qarzdor (burchdor) shaxs bo‘lib hisoblanadi.
Majburiyat huquqi jamiyatda mulkiy munosabatlarning eng muhim va keng sohasini, oʻzining fuqarolik-huquqiy tusidagi qoidalari bilan tartibga soladi. Jamiyatdagi majburiyatga oid huquqiy munosabatlar fuqarolar va tashkilotlarning xilma-xil ehtiyojlarini qondirish, ta’minlash maqsadlarida oʻrnatiladi. Majburiyatlar toʻgʻrisidagi normalar mulkning bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtishini, ishlab chiqarish va maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari orqali xilma-xil xizmatlar koʻrsatilishini tartibga soladi. Majburiyatlar vositasida mulk va mulkiy huquqlar qoʻriqlanishi ta’minlanadi, fuqaroning sogʻligʻiga zarar yetkazilganda koʻrilgan zararlar qoplanadi va hokazo.
Majburiyat huquqi tizimi ikki asosiy bo‘limdan, ya’ni majburiyatlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar va majburiyatlarning alohida turlariga oid maxsus qoidalardan iboratdir. Shartnomali majburiyatlarga oid huquqiy institutlar asosan shartnomaviy munosabatlardan vujudga keladi va uning asosiy xususiyati majburiyat taraflarining erk-irodasini namoyon etish orqali yuzaga keladi. Shartnomasiz majburiyatlar shaxsning erk-irodasidan tashqarida yuz beradi yoki bir tomonlama harakat natijasida kelib chiqadi.
Vakillik huquqida sud jarayonida ishlashda ham ma’lum bir vakolatlar bilan bir qatorda majburiyatlarni ham har ikki tomon o’z bo’yniga oladi. Buni quyidagi O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi plenumi qarorida ham ko’rishimiz mumkin.
Qonuniy vakillik belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan, bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki o‘lgan deb e’lon qilingan shaxslar huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga daxldor fuqarolik ishlarini sudda ko‘rishda majburiydir. Qonuniy vakillik kelib chiqishi uchun huquq va manfaatlari himoya qilinayotgan shaxs roziligi talab etilmaydi.
Sudda vakillik boshqa barcha hollarda shartnomaga asoslangan bo‘ladi va faqat ishonch bildiruvchining bunga xohishi mavjud bo‘lganda yuzaga keladi. Sudda qonuniy vakil sifatida ota-onalar, vasiylar, homiylar va FPK 51-moddasida ko‘rsatilgan boshqa shaxslar ishtirok etadi.
Sudda shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakil sifatida quyidagilar ishtirok etishlari mumkin:
1) advokatlar, ya’ni qonunda belgilangan tartibda advokatlik maqomini olgan shaxslar;
2) to‘g‘ri va yon shajara bo‘yicha qarindoshlar, shuningdek er(xotin) yoki uning qarindoshlari;
3) yuridik shaxslarning xodimlari-mazkur yuridik shaxslar ishlari bo‘yicha;
4) notijorat tashkilotlar vakolatli vakillari-mazkur tashkilotlar a’zolarining ishlari bo‘yicha;
5) qonunga binoan boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqi berilgan notijorat tashkilotlar vakolatli vakillari;
6) ishtirokchilardan biri boshqa ishtirokchilarning topshirig‘i bo‘yicha;
7) jismoniy shaxslar vakili sifatida sud tomonidan ishda qatnashishga ruxsat berilgan boshqa shaxslar, basharti ular vakil sifatida sudda kasb tariqasida (haq evaziga yoki haq olmay) faoliyat olib borishmasa.13
Qonuniy vakillar ham, shartnoma bo‘yicha vakillar ham voyaga yetgan va muomalaga layoqatli bo‘lishlari kerak.
6. Ishonch bildiruvchiga qarindosh shaxslar doirasini aniqlashda sud FPK 52-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi va Oila kodeksining 57, 58-moddalariga amal qilishi lozim bo‘lib, ularga ko‘ra quyidagilar qarindoshlar hisoblanadi:
ota-ona, bolalar, nevaralar, bobo, buvi, evaralar, katta bobo, katta buvi;
aka-uka, opa-singillar, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka, opa-singillari, ularning bolalari, bobo, buvilarning aka-uka, opa-singillari, ularning bolalari va h.k.;
o‘gay aka-uka, opa-singillar.
7. Yuridik shaxs xodimi deganda, mazkur tashkilotda mehnat shartnomasi (kontrakt)ga asosan ishlayotgan shaxs tushuniladi.
8. Sudda notijorat tashkilotlar vakolatli vakillari sifatida mazkur notijorat tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt)ga asosan ishlayotgan va uning shtatida turgan shaxslar bo‘lishi mumkin.
Sudda vakil sifatida, shuningdek, notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari ham ishtirok etishlari mumkin, basharti boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi mazkur tashkilotlarga bevosita qonunga binoan berilgan bo‘lsa (masalan, “O‘zbekiston Respublikasining savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasi, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasi va boshqalar).
9. Davlat va fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan davlat organlari sudda notijorat tashkilot vakili sifatida emas, balki protsessning boshqa ishtirokchisi-davlat boshqaruv organlari sifatida qatnashadilar14 .
10. Fuqarolik protsessual kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, protsessda bir necha da’vogar yoki javobgar, shuningdek uchinchi shaxslar qatnashganda, vakillik boshqa ishtirokchilar topshirig‘iga binoan sherik ishtirokchilardan biri tomonidan, basharti ulardan hech birining manfaatlari bir-biriga zid bo‘lmasa, amalga oshirilishi mumkin.
11. Vakillarning ishga kirishishi masalasi sudya tomonidan ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida hal etilib, bu haqda FPK 160-moddasiga muvofiq chiqarilgan ajrimda ko‘rsatiladi. Agar vakilni ishga kiritish to‘g‘risidagi iltimosnoma sud majlisida bildirilgan bo‘lsa, masala ishda qatnashuvchi boshqa shaxslar fikri eshitilgandan so‘ng bayonnomada qayd etiladigan ajrim chiqarish yo‘li bilan hal etiladi.
Shaxsni sudda vakil sifatida qatnashishiga ijozat berish (qatnashishini rad etish) to‘g‘risidagi ajrim ustidan, u ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaganligi sababli, apellatsiya (kassatsiya) shikoyatidan alohida tarzda shikoyat qilish mumkin emas.
12. Qonuniy vakillar ishga kirishishi uchun huquq beruvchi hujjatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
bolaning tegishli ota-onadan paydo bo‘lganligi, bolalikka olinganlik faktlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
vasiy yoki homiyni, meros mulkini asrovchini tayinlash to‘g‘risida qarorlar.
13. Shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakillar ishga kirishishi uchun huquq beruvchi hujjatlar FPK 53-moddasiga muvofiq berilgan ishonchnomalar hisoblanadi, advokatlar, yuridik shaxs rahbari, shuningdek, ishonch bildiruvchi sud majlisida bergan arizaga (og‘zaki yoki yozma) binoan shartnoma bo‘yicha vakil sifatida ishda qatnashishi uchun FPK 53-moddasi uchinchi qismiga muvofiq ijozat berilgan jismoniy shaxsning qarindoshlari va boshqa vakillari bundan mustasno.
Shartnoma bo‘yicha ayrim vakillar ishga kirishishiga ijozat berilishi uchun qonun sudga, ishonchnomadan tashqari, yana boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qiladi, jumladan: ishonch bildiruvchining qarindoshlari uchun — ishonch bildiruvchi va vakil orasida qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatlar;
yuridik shaxsning rahbari uchun — uning mansab mavqeini tasdiqlovchi hujjat.
Advokat ishga kirishishi uchun advokatlik guvohnomasi va advokatlar tuzilmasi tomonidan berilgan order taqdim etilishi kifoya bo‘lib, u advokatga yuridik yordam so‘rab murojaat etgan shaxs manfaatlarini sudda himoya qilish huquqini beradi. 15
14. Sudlarga tushuntirilsinki, ishga kirishish uchun huquq beruvchi hujjatlar shartnoma bo‘yicha vakillarga protsess ishtirokchisining faqat umumiy huquqlarini (FPK 34-moddasi) berib, ularga quyidagilar kiradi: ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish, nusxalar ko‘chirish, raddiya berish to‘g‘risida arz qilish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashayotgan shaxslarga savollar berish, arizalar berish, iltimosnomalar taqdim etish, sudga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni sudda ko‘rish davomida tug‘iladigan hamma masalalar bo‘yicha o‘zlarining vajlarini bayon qilish, boshqa shaxslarning arzlari, iltimosnomalari, vajlariga qarshi e’tiroz bildirish, sudning hal qiluv qarori, ajrimi, qarori va buyrug‘i ustidan shikoyat qilish, sud chiqargan hal qiluv qarori, ajrim, qaror va buyruqning majburiy ijrosini talab qilish, sud ijrochisining harakatlari vaqtida hozir bo‘lish va o‘z huquqlarini amalga oshirish16.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa protsessual huquqlardan ham foydalanadilar.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
15. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, ayrim protsessual harakatlarni sodir etish uchun qonun maxsus vakolatlar mavjud bo‘lishini talab etib, shartnoma bo‘yicha vakil, shu jumladan advokat va ishga sud majlisida ishonch bildiruvchining arizasiga binoan kirishgan shaxs ham bu harakatlarni faqat ulardan har biri qonunga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnomada qayd etilgan holdagina sodir etishga haqlidir. FPK 54-moddasiga ko‘ra, bunday huquqlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
da’vo talablaridan butunlay yoki qisman voz kechish;
da’vo asosi yoki predmetini o‘zgartirish;
da’vo miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirish;
da’vogar talablarini tan olish;
kelishuv bitimi tuzish;
vakolatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (boshqa shaxsga ishonib topshirish);
sudning hal qiluv qarori (ajrimi) ustidan shikoyat berish;
ijro varaqasini undiruvga qaratish;
undirilgan mol-mulk yoki pulni olish.
Faoliyati ustav bilan tartibga solinadigan yuridik shaxslar rahbarlari uchun ham maxsus vakolatlari borligi to‘g‘risida hujjat taqdim etishi talab etiladi, basharti ustavda tegishli huquqlarni amalga oshirish korporativ boshqaruv organlari (umumiy yig‘ilish yoki boshqaruv) vakolatiga tegishli bo‘lsa.
Shuni nazarda tutish lozimki, qonuniy vakillar, shartnoma bo‘yicha vakillardan farqli ravishda, FPK 54-moddasida ko‘rsatilgan barcha protsessual harakatlarni maxsus vakolat olmagan holda mustaqil sodir etishga haqlidirlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |