1.Vakillik tushunchasi.
Vakillik deb, bir shaxsning ikkinchi shaxs nomidan yuridik harakatlarni amalga oshirishiga aytiladi. Ishonchnomaga, qonunga, sud qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan vakolat bilan bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi) nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi 4.
Vakillikning mohiyati shundaki, bunga asoslanib tuzilgan bitimlar faqat vakolat beruvchi uchungina muayyan huquq va majburiyatlarni tugʻdiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi. Vakilning shaxsan oʻzi esa bitimlar yuzasidan hech qanday huquq va majburiyatlar olmaydi. Kishining shaxsi bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan bitimlarni vakil orqali tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi. Masalan, nikoh shartnomasi tuzish, alimentlarni undirish yoki toʻlash bilan bogʻliq majburiyatlar. Vakillik orqali huquq layoqatini amalga oshirish, yaʼni huquqlar olish va majburiyatlarni bajarish mumkin boʻlmaganligi sababli vakillarning xizmatiga fuqarolar ham, yuridik shaxslar ham muhtoj boʻladilar. Chunonchi, fuqaro oʻziga qarashli uy-joynivakil orqali boshqarishi yoki sotishi, tashkilotlar esa vakillar orqali bir-birlari bilan har xil shartnomalar tuzishlari mumkin.
Shunday paytlar boʻladiki, shaxslar oʻz huquq va majburiyatlarini bevosita oʻzlari amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmay qoladilar. Bunday hollarda ularga fuqarolik huquqidagi vakillik instituti haqidagi tushunchalari yordam beradi. Vakillarning xizmatiga fuqarolar ham, yuridik shaxslar ham muhtoj boʻladilar. Shu sababli ishonchnoma, qonun, sud qarori yoki davlat organining hujjati asosan vujudga keluvchi vakillik institutining vazifasi vakolat beruvchi nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltirish, oʻzgartirish va bekor qilishdan iboratdir
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasida shaxslarning huquq va erkinliklari davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan. Zero qonunchikning eng asosiy vaziflaridan biri ham aynan shaxslarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, ularning daxlsizligini kafolatlashdir. Fuqarolik qonun hujjatlari ham shaxslarning subyektiv huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning fuqarolik-huquqiy munosabatlarda tengligi va o‘z huquqlarini amalga oshirishda hech qanday to‘siqlarsiz, erkin harakat qilishni ta’minlashga qaratilgandir. Bunda fuqarolik huquqi subyektlari har qanday holatdan qat’i nazar huquq layoqatiga ega ekanligi etirof etiladi. Qolaversa, shaxslar ayrim subyektiv va obyektiv sabablar bilan o‘z huquqlarini o‘zi amalga oshira olmasalar boshqa shaxslar yordamida, ya’ni o‘z vakillari orqali bu huquqlarini amalga oshirishlari mumkin.
Hozirgi bozor munosabatlari sharoitida vakillik instituti shaxslarning huquq va burchlarini amalga oshirishlari va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rnini quyidagi holatlarda ko‘rinadi:
jamiyatdagi subyektlarning huquq va majburiyatlarini o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlaydi;
shaxslarning o‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirishga yordamlashadi;
shaxslarning qonuniy huquq va erkinliklari buzilishining oldini
oladi;
subyektlar o‘rtasida o‘zaro huquqiy munosabatlarining barqarorligini ta’minlash va boshqa vazifalarni bajarishi bilan jamiyat taraqqiyotida muhim hisoblanadi.
Vakillik bu kecha yoki bugun vujudga kelgan institut emas, balki insoniyat rivojlanishining barcha davrlarida muayyan shaklda rivojlanib kelgan, ayniqsa, qadimgi Misr, Chin, Yunon va Rim davlatlarida savdo va hunarmandchilik faoliyatida undan keng foydalanilgan. Qadimgi Rimda vakillik asosan topshiriq shartnomasi ko‘rinishida yuzaga kelgan. Bunda bir taraf (mandant) topshiriq berishi va ikkinchi tomon (mandatariy) uning vakili sifatida topshiriqni bajarishni o‘z zimmasiga olishi lozim bo‘lgan. Vakillik predmeti sifatida yuridik harakatlar ham, faktik tusdagi xizmatlar ham e’tirof etilgan. Vakillik keyinchalik XVIII-XIX asrlarga kelib ancha takomillashtirildi va ayrim o‘zgarishlar bilan huquqiy jihatdan hozirgi kundagi shaklga keltirildi. Vakillik so‘zining o‘zi (ingliz. representation) - bir shaxs o‘zida mavjud bo‘lgan vakolat asosida boshqa shaxs nomidan, uning uchun bevosita huquqlarni vujudga keltirish (o‘zgartirish, tugatish) yo‘li bilan harakat qiladigan munosabatdir.5
Vakillik institutidagi munosabatlar insoniylik, o‘zaro yordam, fuqarolik munosabatlarda barchaning teng ishtirokini ta’minlash g‘oyalariga asoslanadi. Vakillik fuqarolik, oila, xo‘jalik, ma’muriy huquqiy munosabatlarni o‘zida jamlagan kompleks huquqiy institut hisoblanadi. Vakillikda vakolatlar huquqiy hujjatlar va shartnomalar bilan aniq tarzda belgilanadi. Vakillikning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi har xil obyektiv va subyektiv yuridik faktlarga bog‘liq hisoblanadi; vakillik instituti shaxslarga fuqarolik huquq va majburiyatlarini amalga oshirishdagi yuridik yordamning huquqiy asosidir.
FKning 129-moddasining mazmunidan kelib chiqsak, vakillikni amalga oshirishda vakilga nisbatan hech qanday yuridik oqibat kelib chiqmaydi, ya’ni unda huquq va majburiyat hamda undan kelib chiqadigan javobgarlik ham bo‘lmaydi. Masalan, A. o‘z vakili B. orqali o‘z mol-mulkini S. ga ijaraga beradigan bo‘lsa, bu munosabatlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar A. va S. o‘rtasida bo‘ladi, ijara haqini olish, uni tasarruf etish huquqi yoki mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish majburiyatlari A. ga nisbatan vujudga keladi. Bunda vakil B. da bunday huquq va majburiyatlar, undan kelib chiqadigan javobgarlik bo‘lmaydi.
Ammo agar shaxs 14 yoshga to‘lmagan yoki muomalaga layoqatsiz bo‘lsa, unga nisbatan vasiylik belgilanadi. Vasiy barcha munosabatlarda o‘z vasiyligi ostidagi shaxslar nomidan harakat qiladi va nafaqat ularga nisbatan huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, o‘zgartiradi, bekor qiladi, balki amalda ularni shaxsan o‘zi amalga oshiradi va ulardan kelib chiqadigan oqibatlar uchun ham shaxsan o‘zi javob beradi. Muomalaga layoqatli fuqarolargina vakil boʻlishlari, vakillik qilishlari mumkin. Istisno sifatida ayrim hollarda oʻn olti yoshga toʻlib, pasport olgan fuqaro ham vakil boʻlishi mumkin. Fuqarolarning faqat bir-birlari uchungina emas, baʼzi hollarda tashkilotlar uchun ham vakil boʻlishlariga qonun yoʻl qoʻyadi6. Masalan, savdo va taʼminot boʻlimlarining agentlari, mahsulot tayyorlovchi vakil va boshqa xodimlar tashkilotlarning vakillari sifatida ish bajaradilar.
Vakillik qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra vujudga kelgan holda, quyidagi shaxslar o‘rtasida amalga oshiriladi:
- jismoniy shaxsning jismoniy shaxsga yoki yuridik shaxsga nisbatan vakilligi;
- yuridik shaxsning jismoniy shaxsga yoki yuridik shaxsga nisbatan vakilligi;
- davlatning jismoniy shaxsga yoki yuridik shaxsga nisbatan vakilligi.
Bu vakillikning mazmun-mohiyati, amalga oshirilishi usuli, shakli, uning turlarga bo‘linishida va vakillik subyektlarining huquqiy maqomini belgilashda katta ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun vakillik institutining eng muhim jihatlaridan biri - uning subyektlari hisoblanib, ular vakolat beruvchi – bu har qanday shaxs, ayni vaqtda davlat ham bo‘lishi mumkin. Masalan, davlat shartnoma asosida ma’lum bir shaxslarga davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarining direktorlar kengashida davlat manfaatlarini ifoda etish uchun o‘z vakilini tayinlashi mumkin yoki ayrim hollarda fuqarolik munosabatlarda davlat nomidan maxsus vakil qilingan yuridik shaxslar ham ishtirok etishi nazarda tutilgan. Vakil – bu faqat muomalaga layoqatli shaxslar bo‘lishi mumkin. Qonunchilikda vakil bo‘lishi taqiqlangan shaxslar bundan mustasno.
Vakillikning quyidagicha o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin:
1) vakillik munosabatlarining subyektlari har qanday shaxs bo‘lishi mumkin;
2) vakillikdan kelib chiqadigan munosabatlarda uchdan ortiq taraflar ishtirok etadi;
3) vakillik instituti munosabatlari insoniylik, o‘zaro yordam, fuqarolik munosabatlarda barchaning teng ishtirokini ta’minlash g‘oyalariga asoslanadi;
4) vakillik haq evaziga ham, tekinga ham amalga oshirilishi
mumkin;
5) vakillik fuqarolik, oila, xo‘jalik, ma’muriy huquqiy munosabatlarni o‘zida jamlagan;
6) vakillik instituti mavjudligining asosi bo‘lgan vakolatlar huquqiy hujjatlar va shartnomalar bilan aniq tarzda belgilanadi;
7) vakillikning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi har xil obyektiv va subyektiv yuridik faktlarga bog‘liq hisoblanadi;
8) vakillik instituti shaxslarga fuqarolik huquq va majburiyatlarini amalga oshirishdagi yuridik yordamning huquqiy asosidir. qonun hujjatlarida belgilangan asoslardan kelib chiqqan holda, vakolat beruvchi vakilga muayyan vakolat beradi, vakil esa shu vakolat doirasida harakat qilgan holda nafaqat vakolat beruvchiga nisbatan, balki uchinchi shaxslar uchun ham huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi.
Har qanday munosabatlarda bo‘lgani kabi vakillik munosabatlarining ham eng asosiy elementlaridan biri - bu taraflarning huquq va majburiyatlaridir. Vakillik munosabatlaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar ikkiga bo‘linadi:
1) vakolat beruvchi va vakil o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar;
2) uchinchi shaxslarga nisbatan vujudga keladigan huquq va majburiyatlar.
Yuridik shaxs faqat oʻz ustavida nazarda tutilgan hollarda yoki oʻz faoliyatining xarakteriga muvofiq boʻlgandagina, fuqarolarning vakil yoki boshqa yuridik shaxs vakili sifatida harakat qilishi mumkin. Tashkilotlarning mulkiy huquqlarini, shuningdek fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini qoʻriqlash maqsadida qonun kimlarning vakil sifatida harakat qila olmasligini belgilaydi. Jumladan, tashkilotning bosh buxgalteriga oʻzi ishlab turgan tashkilot uchun bankdan va moliya organlaridan naqd pul, shuningdek boshqa tovar, moddiy boyliklar olishga yoʻl qoʻyilmaydi. Savdo korxonalari va boshqa tashkilotlar oʻzlaridan olingan vakolatnomalar yuzasidan hisobot bermagan mansabdor shaxslarni tovar va boshqa ashyolarni olish uchun vakil qila olamaydi. Sudda voyaga yetmagan shaxslar, vasiylik va homiylik ostidagi shaxslar fuqarolarning vakillari sifatida qatnasha olmaydilar. Sudyalar, tergovchilar, prokurorlar qonuniy vakil sifatida (ota- onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar) shuningdek tegishli sud yoki prokuraturaning vakili sifatida qatnashish hollaridan tashqari, sudda vakil boʻla olmaydilar 7. Vakolat beruvchi har qanday shaxs muomalaga layoqatli va muomalaga layoqatsiz fuqarolar ham, shuningdek yuridik shaxslar ham boʻlishi mumkin.
Shu bilan birga, vakillik munosabatlaridagi huquq va majburiyatlar vakillikning turlariga bog‘liq holda ham har xil hisoblanadi va ayni shu mezonlardan, ya’ni huquq va majburiyatlar kimga nisbatan vujudga kelganligiga, ularning vakillikning qaysi turiga mansubligidan kelib chiqqan holda vakillik munosabatlaridagi huquq va majburiyatlarning mohiyati yoritiladi.
Vakillik munosabatlarida vakolat beruvchi va vakilning huquq va majburiyatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Ularning mazmun-mohiyati vakillikning turlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |