Lingvistika (ingliz tilshunosligi) magistratura mutaxassisligi I bosqich magistranti Zaripova Azizaning “Toponimik iboralarning lingvomadaniy xususiyatlari” mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasi
Asosnomasi
Mavzuning dolzarbligi. Jahon tilshunosligida joy nomlarining til va nutqdagi onomastik birliklar tizimida tutgan o’rni, leksik-semantik xususiyatlari nominativ, kommunikativ, uslubiy vazifalari doimo tilshunoslar e’tiborida ekanligi bilan ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan toponimshunoslik tilshunoslikning onomastika sohasi tarkibida muhim yo’nalish sifatida takomillashib bormoqda.
Bugungi globallashuv davrida dunyo xalqlari o’rtasida o’zaro ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy aloqalar, sayyohlik munosabatlari keng rivojlanayotgan bir sharoitda o’ziga xos jihatlari bilan joy nomlarini o’rganish, ularni tadqiq etish muhim ahamiyatga ega.
Dunyo tilshunosligida muayyan mahalliy hudud joy nomlarini ifodalovchi toponimik birliklar onomastikaning mustaqil turi sifatida ma’lum darajada tadqiq etilgan. Ammo ularning genezisini, etimologik xususiyatlarini o’sha yerda yashovchi aholining milliy an’ana va qadriyatlari, turmush tarzi, e’tiqodiy qarashlari, dunyoqarashi, tarixiy-madaniy boyliklari to’g’risidagi ma’lumotlar bilan bog’liqlikda ularning leksik-semantik xususiyatlarini chog’ishtirma tadqiq asosida tahlil etilmaganligi, toponimik iboralarning qardosh bo’lmagan ingliz va o’zbek tillarida qiyosiy tahlil etish mavzuning dolzarbligini belgilaydi.
Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yo’nalishlariga mosligi.
Ushbu mavzu respublikada ustuvor yo’nalishlarga mos kelib, ingliz tilshunosligi kafedrasida olib borilayotgan “Tilning leksik-semantik tizimi, qiyosiy tipologik yo’nalishlar va adabiyotshunoslik muammolari” ilmiy yo’nalishining tarkibiy qismi sifatida universitet va xorijiy tillar fakulteti ilmiy rejalariga kiritilgan.
Muammoning o’rganilganlik darajasi. Toponimika onomastikaning bir sohasi sifatida o’rganilar ekan, shu sohada talaygina ilmiy ishlar yaratilgan. Jumladan, Yevropa va rus tilshunosligida A.V. Sugoranskaya, T.N.Melnikova, Y.M.Murzayev, O.A.Leonovich, V.D.Belenskaya, G.D.Tomahin, G.R.Smolitskaya, V.V.Kuzikov, I.V.Rozen kabi yetuk olimlar ishlarida ushbu lingvistik tushunchaning tabiati, ularning leksik-semantik xususiyatlari batafsil bayon etilgan.
O’zbek toponimshunosligining nazariy asoslari yaratilishida T.Nafasovning Qashqadaryo viloyati toponimlari, Sh.Qodirovaning Toshkent mikrotoponimlari, T.Rahmatovning Samarqand toponimlari etimologiyasi, J.Latipovning Marg’ilon shahri joy nomlari, L.Karimovaning o’zbek tilida toponimlarning o’rganilishi, S.Naimovning Buxoro viloyati oykonimlari, Z.Do’simovning Xorazm toponimlari, X.Xolmo’minovning Surxondaryo viloyati toponimlari, B.O’rinboyevning Jizzax va Samarqand viloyati toponimlarining izohi, A.Muhammadjonovning toponimlar ilmiy tasnifi, E.Begmatovning o’zbek antroponimlari hamda toponimikasi, A.Otajonovaning Xorazm etnotoponimlarining nazariy masalariga bag’ishlangan maqola, monografiya va dissertatsiyalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, toponimshunoslar A.S.Aslonova, T.J.Ernazarovlarning ilmiy tadqiqotlarida ham ushbu lingvistik tushunchaning bazi jihatlari talqin va tadqiq etilgan.
Toponim masalalari u yoki bu darajada o’rganilgan bo’lsa ham, ikki til – ingliz va o’zbek tillarida chog’ishtirma holatda maxsus monografik o’rganilgan emas.
Tadqiqotning asosiy maqsadi ingliz va o’zbek tillarida toponimik iboralarning leksik-semantik va onomastik-grammatik xususiyatlarini tahlil etish, linvomadaniy, etnolingvistik tamoyillar asosida aniqlashdan iborat. Ushbu maqsaddan kelib chiqib quyidagi vazifalar belgilandi:
Joy nomlari bilan bog’liq toponimlarni ingliz va o’zbek tillarida o’rganilishi bilan bog’liq ilmiy asarlarni o’rganish va ularga munosabat bildirish;
Har ikkala til misolida jahon tilshunosligidagi toponimshunoslik termini hamda tushunchalari, tadqiq tamoyillari va usullari asosida aniqlash;
Joy nomlari bilan bog’liq toponimik iboralarning semantik tabiatini belgilash, ularni leksik, semantik va grammatik jihatdan tasniflash;
Toponimik iboralarning ikki til misolida farqli va o’xshash jihatlarini ko’rsatish;
Toponimlarning kelib chiqish asos va omillarini, nomlanish xususiyatlarini yoritish;
Do'stlaringiz bilan baham: |