4.Ishoqxon Ibrat (1862—1937)
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan yirik allomalardan
biri Ishoqxon Ibratdir. U ma’rifatparvar shoir, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk o‘zbek
matbaachilaridan biri, sayyox, kalligraf, naqqosh, otashin publisist va ilg‘or pedagogdir.
Ibratning asli ismi Ishoqxon, otasining ismi Junaydulladir. Ibrat uning adabiy taxallusidir.
Ishoqxonning o‘ziga “Ibrat” taxallusini olishning boisi shundaki, u ijodining dastlabki yillaridan boshlab
ma’rifatparvar shoir, olim sifatida nom chiqardi va kishilarni zamon ilmidan, ilg‘or madaniyatdan, ta’lim-
tarbiyadan o‘rnak olishga chaqirdi. Shuning uchun ham o‘ziga “Ibrat” taxallusini tanladi.
Ishoqxon 1279 hijriy (1862 milodiy) yilda Namangan yaqinidagi To‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ildi.
Uning otasi Junaydullaxo‘ja Sunnatillaxo‘ja o‘g‘li ancha bilimli sohibkor bog‘bonlardan edi. U adabiyotga,
she’riyatga ancha ixlos qo‘ygan va “Xodim” taxallusi bilan birmuncha she’rlar bitgan kishi bo‘lgan. Onasi
Huribibi, o‘z davrining o‘qimishli, oqila ayollaridan bo‘lib, o‘z uyida qishloq qizlarini o‘qitardi. Huribibi
ham adabiyot ixlosmandi bo‘lib, u ham she’r yozgan. Lutfiy, Alisher Navoiy, Jomiy, Bedil, Mashrab kabi
buyuk shoirlarning asarlarini mutolaa qilish bu xonadon uchun sevimli mashg‘ulot hisoblanardi. Oiladagi
bunday hayotiy vaziyat Ishoqxonda adabiyotga muhabbatning erta paydo bo‘lishi uchun asosiy omil bo‘ldi.
Ishoqxon Sharq mamlakatlari bo‘ylab sayohatni davom ettirdi va Yevropaning Istambul, Sofiya,
Afina hamda Rim singari markaziy shaharlarida bo‘ldi. Ancha vaqt Afg‘onistonning Kobul, Arabistonning
Jidda kabi yirik shaharlarida istiqomat qildi. Arabistonning Makka shahridan Qizil va Hind dengizlari
orqali Hindistonga keldi. 1892—1896 yillarda Hindistonning eng katta port shaharlari Bombay va
kalkuttada yashadi. Ishoqxon Ibrat u yerlarda ko‘p ishlatiladigan arbail lisonni, ya’ni to‘rt tilni: arab, fors,
hind-urdu va ingliz tillarini mukammal o‘rgandi. U chet ellarda o‘sha yerlik xalq hayotini, madaniyati va
san’atini o‘rgandi. Sharq mamlakatlariga yevropaliklar orqali kirib kelgan Yevropa madaniyati, tili va
san’ati bilan yaqindan tanishdi. “Lug‘ati sitta-al-sina”, “Jome’ xutut”, “Tarixi Farg‘ona” kabi ilmiy asarlari
uchun materiallar to‘pladi. U bu davrda Sharq xalqlari tillari bilan bir qatorda G‘arb xalqlari tillarini ham
bilish zarur deb hisobladi va Arabistonda fransuz tilini, Hindistonda ingliz tilini, shu bilan birga, eng
qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o‘rgandi.
Rus tili bilan bir qatorda yaqin sharq va g‘arb tillarini ancha mukammal bilgan Ishoqxon Ibrat bu
muhim masalada ham o‘z xalqiga yordam qo‘lini cho‘zdi. U olti tildagi: arabcha, forscha, hindcha,
turkcha, sartcha (o‘zbekcha) va ruscha so‘zlarni o‘z ichiga olgan “Lug‘ati sitta-al-sina” nomli mukammal
lug‘at kitobini yaratdi. Muallif ruscha yozuv tizimini bilmaydiganlarga ham qulay bo‘lsin uchun rus
so‘zlarini arab yozuvi bilan beradi. Ma’lumki, rus va Yevropa so‘zlarini arab yozuvida ifodalash ancha
murakkab ish, lekin Ishoqxon Ibrat bu murakkab ishni muvaffaqiyatli hal qildi.
Ishoqxon Ibratning mazkur “Lug‘ati sitta-an-sina” asari bir necha yillik sarguzashtlardan so‘ng
1901 yilda Toshkentda nashrdan chiqdi.
Mazkur lug‘at ilg‘or pedagoglar tomonidan ochilgan usuli savtiya maktablarida ham rus tilini
o‘rganishda birdan-bir darslik qo‘llanma sifatida foydalanib kelindi.
Tilshunoslik fanining bu murakkab sohasida Ishoqxon Ibrat ancha mukammal “Jome’ul xutut”
(“Yozuvlar majmuasi”) nomli ilmiy asar yaratdi. Bu asarda muallif yozuvlarning eng ibtidoiysi piktografik
yozuvlardan, to so‘nggi davr eng mukammal yozuvlarigacha bosib o‘tilgan tarixiy taraqqiyotni yoritib
berishga harakat qildi. Olimning mazkur asari anchagina katta hajmda — 132 betdan iborat bo‘lib, 1912
yilda o‘zining bosmaxonasi “Matbaai Ishoqiya”da nashr qilindi.
Ishoqxon Ibratning jahon xalqlari tarixiga bag‘ishlangan mazkur “Jome’ul xutut” asarining nashr
etilishi, o‘zbek matbaachiligi madaniyati tarixida, yozuvlar tarixini o‘rganishda katta ahamiyatga ega
bo‘ldi.
U o‘zining “Tarixi madaniyat” asarida xabar berishicha, keyingi 20 yil ichida 14 ta ilmiy tarixiy,
lingvistik, pedagogik asarlar va 30 yillik poetik ijodining majmui bo‘lmish “Devoni Ibrat” she’rlar
to‘plamini yaratdi. Ishoqxonning tilshunoslikka oid “Lug‘ati sitta-al-sina”, “Jome’ul xutut” asarlaridan
tashqari tarixshunoslikka oid “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat” va “Mezonul zamon” ilmiy asarlari
bizgacha yetib kelgan.
Ishoqxon Ibrat “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezonul zamon” asarlarida ham o‘zining
pedagogik-ma’rifatparvarlik qarashlarini ilgari surdi. Ishoqxon o‘zining chet el sayohatida texnika va
madaniyat rivojlangan ulkan shaharlarda bo‘ldi. U Turkiston shaharlari ham vaqti soati yetib madaniy
shahar qatoridan o‘rin olishiga ishondi. Buni amalga oshirishning birdan-bir yo‘li ilm-fandan, o‘qish-
o‘rganishdan deb bildi.
Ishoqxon Ibrat 1886 yilda eski maktablarga nisbatan birmuncha ilg‘or bo‘lgan maktabni ochdi.
1907 yilda esa ikkinchi marta qishloq bolalari uchun eski maktablardan butunlay farq qiluvchi bepul yangi
usuli savtiya maktabi ochdi. Bu maktabda o‘z farzandlari Abbosxon, Vaqqosxon, Fayozxonlarni ham 25
nafar qishloq bolalarini o‘qitdi. Maktab o‘z uyida, yorug‘ derazali xonaga joylashgan bo‘lib, u yangicha
o‘quv qurollari — parta, stol, stul, yangi kitoblar, darsliklar, daftar, doska kabilar bilan jihozlangandi,
o‘qish-o‘qitish ishlarini bo‘lsa, u o‘zi tuzgan dasturi asosida olib bordi. Ishoqxon o‘z maktabida o‘zining
“Lug‘ati-sita-al-sina”, “San’ati Ibrat qalami Mirrajab Bandiy” asarlaridan, Turkistonda rus-tuzem
maktablarining asoschisi va bunday maktablar darsliklarining birinchi avtori S.M.Gramenisskiy uch
qismdan iborat “Kniga dlya chteniya” (O‘qish kitobi), rus-tuzem maktablarining birinchi o‘zbek
o‘qituvchisi va bu maktablar uchun o‘zbek tilida darslik yaratgan Saidrasul Saidazizovning “Ustod avval”,
Ali Asqar ibn Bayramali Kalininning “Ta’limus soniy”, Namangan rus-tuzem maktabining o‘qituvchisi
M.M.Oraqulovning 1887 yilda nashr qilingan “Samouchitel” russkogo yazo‘ka dlya russko-musulmanskix
shkol” kabi darslik va qo‘llanmalaridan foydalandi.
Ishoqxon yangicha ta’lim-tarbiya tizimining nihoyatda katta afzalliklarini isbotlashda ko‘proq o‘zi
erishgan yutuqlarga, o‘zi amaliyotga tatbiq qilgan yangi metodlariga tayanadi. Ishoqxon o‘z maktabiga
haftalik dars jadvalini joriy qildi.
Ishoqxon ilg‘or o‘qituvchi sifatida bolalarni maktabdan bezdiruvchi, ularda o‘qituvchiga nisbatan
nafrat uyg‘otuvchi tan jazosiga birinchilardan bo‘lib barham berdi. Ishoqxon faqat maktabda emas oilada
ham bolani kaltaklab tarbiyalash o‘ta noto‘g‘ri usul ekanligini alohida ta’kidlaydi.
Ishoqxon Ibrat ilg‘or pedagoglar orasida birinchi “qaldirg‘ochlardan” bo‘lib, 1914 yilda
To‘raqo‘rg‘onda rus maktabi ochdi va uni “Uchitel” nomi bilan atadi. Bu maktabda 1916 yilgacha
To‘raqo‘rg‘on va qo‘shni qishloqlardan 30 nafar o‘quvchi tahsil ko‘rdi. Ibrat bu maktabiga rus
o‘qituvchilarni ham jalb qildi, o‘zi ham o‘qituvchilik qildi. Maktab 1916 yilda yopildi.
Ishoqxonning husnixatga, xat-savod chiqarishga bag‘ishlangan “San’ati Ibrat”, “Qalami Mirrajab
Bandiy” risolasi, “Ilmi Ibrat” nomli she’rlar to‘plami, yozuvlar tarixiga bag‘ishlangan “Jome’ul xutut” kabi
ma’rifatparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan risola va kitoblari o‘zi tashkil qilgan matbaada nashr etildi.
Namangan matbaasi mahsulotining kun sayin ortib borishi shahar va qishloqlarda kitob do‘konlari
va kitob bozorlarining birmuncha ko‘payishiga sabab bo‘ladi. 1910 yildan boshlab Namangan shahrida 13
ta, Chustda 2 ta, Popda 2 ta, Yangiqo‘rg‘onda 1 ta kitob do‘koni ochildi. Bu do‘konlarda asosan “Matbaai
Ishoqiya”da nashr qilingan kitoblar juda arzon narxlarda sotilar edi.
Ma’rifatparvar Ishoqxon xalqning bilim saviyasini yanada oshirish niyatida kutubxona tashkil
qilishga kirishadi, u yana tashabbusni o‘z qo‘liga olib o‘z uyida anchagina boy kutubxona tashkil qildi va
uni “Kutubxonai Ishoqiya” deb ataydi. Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanuvchi Yusuf Xos
Hojibga tegishli “Qutadg‘u bilig” asarining Namangan nusxasi, deb nom olgan nodir qo‘lyozmasi
“Kutubxonai Ishoqiya”ga mansubdir.
Ibratning ma’rifatparvarlikka oid faoliyatining tub mohiyati shundaki, uning xoh ilm-ma’rifatga
chorlovchi she’rlarida, xoh publisistik, xoh ilmiy asarlarida, xoh amaliy faoliyatida bo‘lsin, inson taqdiri
birinchi o‘ringa olib chiqiladi. U o‘z ijodida xalqning iqtisodiy-madaniy hayotiga xizmat qiluvchi ilm-
fanni, texnikani kuylaydi. Shu nuqtai nazardan uning “Tarixi chofxona”, “Madaniyat haqida masnaviy”,
“Turkiston ahliga xitob”, “Gazeta xususida”, “Tabrik Namangandin”, “Qalam”, “Tarixi manzumai vagon
Ibratdin yodgor”, “Muhammasi Ibrat” kabi she’rlari ayniqsa diqqatga sazovordir. Shoir bu she’rlarida
ilg‘or fan-texnika, madaniyatning otashin kuychisi sifatida maydonga chiqib, mamlakatni, xalqni
qoloqlikka yetaklovchi amaldagi qonun-qoidalarni keskin fosh qiladi.
Ishoqxon xotin-qizlar ozodligi, ularning erkaklar bilan bir qatorda ilm olishlari, mehnat qilishlari
uchun kurash olib bordi. 1919 yilda uning tashabbusi bilan Namanganda o‘zbek ayollari uchun birinchi
marta yangi maktab ochildi va Ishoqxonning taklifi bilan Husain Makaevning raviqasi Fotima Makayeva
o‘zbek ayollariga dars bera boshladi.
Ishoqxon Ibrat ayollar, yoshlar o‘rtasida maktabning ahamiyati, ilm-fan yutuqlari haqida suhbatlar,
ma’ruzalar uyushtirib turdi.
Ishoqxon Ibrat bu davrda ijodiy ish bilan bir qatorda jamoat ishlari ham olib bordi. U qishloqni
obodonlashtirish, maorif, madaniyat, ta’lim-tarbiya ishlarini tubdan yaxshilashda faol qatnashdi. Maktablar
ochish, malakali o‘qituvchi kadrlar tarbiyalab yetishtirish, yoppasiga savodsizlikni tugatish, xalq
farzandlarini maktablarga tortish ishlarida faol ishtirok etdi.
Ishoqxon Ibrat 1937 yilda 75 yoshida vafot etdi. Ijodkor xalqimiz fan, texnika, madaniyat, adabiyot
hamda pedagogikamiz taraqqiyoti tarixidagi ulkan xizmatlari uchun To‘raqo‘rg‘on tumani markazidagi 44-
o‘rta maktabni uning nomi bilan atashga qaror qildi. Ma’rifat darg‘asi, otashin shoir, olim va mohir
o‘qituvchi, shubhasiz, ana shunday tahsinga loyiqdir, albatta.
Do'stlaringiz bilan baham: |