1. To’lov balansi, uning mohiyati va tarkibi
Har bir mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi dunyoda mavjud bo’lgan ilg’or
an’analarni o’zida
joriy qilishga, mamlakat iqtisodiyotini
jahon iqtisodiyotiga
integratsiyalashtirishga, umumjahon xo’jalik komplekslarini yuzaga keltirishda faol ishtirok
etishga bog’liq. Natijada umumiy erkin savdo hududlari yuzaga keladi. Kapital, xizmatlar
va boshqa moliyaviy resurslar harakati bo’yicha xalqaro bitimlar tuziladi.
Tovarlar,
xizmatlar, kapital va pul mablag’lari harakati bo’yicha yagona jahon bozori yuzaga keladi
hamda bu hol xalqaro mehnat taqsimoti va raqobatga asos soladi.
Mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish darajasi, ijobiy va salbiy jihatlari, kamchiliklari va
uning ochiqligi davlatlarning to’lov balansida yaqqol o’z ifodasini topadi.
To’lov balansi
– bu mamlakatning turli tashqi iqtisodiy munosabatlar bo’yicha chetga
to’laydigan valuta va chetdan kelib tushadigan valyutalarning haqiqiy nisbatini o’zida
ifodalovchi, jamlovchi balans hujjatidir.
To’lov balansi mamlakat rezidentlarining boshqa mamlakat rezidentlari bilan ma’lum bir
davrda amalga oshiradigan iqtisodiy bitimlarining natijalarini o’zida mujassamlashtiradi.
Odatda, to’lov balansi bir yilga tuziladi va shu muddat ichida mamlakatga haqiqatga kelib
tushgan barcha valuta tushumlari va barcha valuta chiqimlarini ifodalaydi.
To’lov balansi mamlakatning boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy munosabatlar holatini,
milliy iqtisodiyotning holatini belgilab beradi. To’lov balansining
holati mamlakatning
xalqaro iqtisodiy
munosabatlari ishonchliligi, mamlakat iqtisodiyotining
barqarorligi va
sifat darajasini ko’rsatadi va mamlakat iqtisodiyotida mavjud muammolar va ularning oldini
olish bo’yicha choralar ishlab chiqishga asos soladi.
To’lov balansini tuzish uslubi Xalqaro Valuta Fondi tomonidan ishlab chiqilgan va har
bir bitim bo’yicha ikkiyoqlama yozuv (transaksiya) tamoyili asosida olib boriladi. To’lov
balansi bo’yicha hisob raqamining kredit tomonida eksport, olingan daromad, passivlarning
oshishi va aktivlarning kamayishi, debet tomonida import, to’langan valuta, passivlarning
kamayishi va aktivlarning oshishi (ko’payishi) aks ettiriladi. To’lov
balansida chetga
to’lovlar summasi va – chetdan tushumlar summasi ko’rsatiladi. To’lov
balansining
umumiy qismlarini quyidagi chizmada ta’riflash mumkin.