ChM va FM signal spektri kengligi qanday ifoda yordamida hisoblanadi?
ChM signallarni olish usullarini sanab o‘ting. FM signal olish usulini tushuntiring.
Chastota modulyatorida boshqariluvchi reaktiv element nima vazifani bajaradi?
Varikap yordamida ChM signal olish usulini tushuntiring.
FM va ChM signallarda ∆ωd yoki ∆φ ni qanday qurilma yordamida 2, 3 marta oshirish mumkin?
5. UZLUKSIZ (ANALOG) MODULYATSIYALANGAN SIGNALLARNI DETEKTORLASh
Detektorlash jarayoni modulyatsiyaga teskari jarayon bo‘lib, detektorlash natijasida modulyatsiyalangan signaldan uning modulyatsiyalangan informatsion parametri o‘zgarish qonuni ajratib olinadi, ya’ni xabar ajratib olinadi. Detektorlashni amalga oshiradigan qurilma detektor deb ataladi.
Detektorning asosiy xarakteristikasi uning detektorlash xarakteristikasi hisoblanadi:
Amplitudasi modulyatsiyalangan signallar detektori (AD) detektorlash xarakteristikasi deb, detektor chiqishidagi tok doimiy I0 qiymatini uning kirishidagi yuqori chastotali signal amplitudasi Uω ga bog‘liqligi, I0=F(Uω) ga aytiladi.
Chastotasi modulyatsiyalangan signallar detektori (ChD) detektorlash xarakteristikasi deb, uning chiqishidagi kuchlanish Uch ni signal chastotasi o‘zgarishi ∆ω ga bog‘liqligi Uch=F(∆ω) ga aytiladi.
Fazasi modulyatsiyalangan signallar detektori (FD) detektorlish xarakteristikasi deb, uning chiqishidagi kuchlanish Uch ni signal fazasi o‘zgarishi ∆φ ga bog‘liqligi Uch=F(∆φ) ga aytiladi.
Detektorlash jarayoni buzilishlarsiz bo‘lishi uchun detektorlash xarakteristikalari chiziqli bog‘lanishda bo‘lishi kerak. Agar chiziqlidan farq qilsa, detektorlash jarayoni buzilish bilan bo‘layotganini bildiradi. Buzilish kattaligi 3 va 5 ordinatalar usulidan foydalanib aniqlanadi [2].