Ko’plik kategoriyasi stilistikasi.
O’zbek tilida birlik, ortiqlik-ko’plik ma’nosi morfologik, leksik va sintaktik yo’llar bilan ifodalanadi. Ba’zi so’zlar hech qanday morfologik ko’rsatkichsiz, boshqa miqdor bildiruvchi so’zlar bilan birgalikda kelmagan holda ham o’z leksik ma’nosi bilan ko’plik tushunchasini ifodalaydi. Xalq, el, qo’shin, armiya, jamoa kabi. Bu so’zlarda jamlik ma’nosi kuchli. Bu ham o’zining leksik ma’nosidan sezilib turadi.
Bu jihatdan ko’pchilik, ozchilik kabi so’zlar ham shu ma’noga yaqinlashadi. Ammo bu so’zlar grammatik jihatdan shakllangan jamlikni ko’rsatadi. Masalan: Yo’lchi chetroqdan biroz qarab, so’ng olomon ichiga kirdi. Ba’zan so’z grammatik jihatdan birlik formasida bo’ladi-yu, ammo u kontekst bilan bog’liq ravishda ko’plikni ifodalaydi: Masalan: U o’z uyiga ketdi. Bolalar o’z uyiga ketdilar. Birinchi gapda o’z so’zi birlikda, ikkinchi gapdagi o’z so’zi esa bolalarning ko’pligini anglatadi. Shuning uchun u mantiqan ko’plikda deb qaraladi va bolalar o’zlarining uylariga ketdilar tarzida tushuniladi.
Hozirgi o’zbek tilida ko’plik tushunchasi sintaktik yo’l bilan ham ifodalanadi. Bunday forma ko’plik affiksini sintaktik forma bilan sinonimik munosabatiga kirishi mumkin. Masalan: o’nta daftar // daftarlar, beshta qalam // qalamlar kabi. Bu juftlar predmetning konkret sonini va noaniq ko’plikni ko’rsatishi bilan bir-biridan farqlanadi. Ba’zan bu tildagi birikmalar oxirida -lar affiksi ham qo’shilib keladi: ko’p bolalar, yuzta kemalar kabi. Bunday qo’llash stilistik nuqtayi nazardan xato hisoblanadi. Chunki ot oldidagi so’z shu predmetning ko’pligini anglatadi. Shuning uchun -lar affiksini ishlatish ortiqcha, o’rinsizdir.
Ko’plik qo’shimchasi ilmiy (qisman rasmiy) uslubdan boshqa uslublarda hurmat, kinoya-piching, kuchaytirish-ta’kidlash, taxminlash, umumlashtirish kabi turli uslubiy ma’nolarni ifodalash uchun ham qo’llanadi. Masalan: Dadam keldilar (hurmat); Yigitcha «botir» bo’lib keldilar (kinoya); Bolalar quvonchlarga to’ldi (kuchaytirish); Alpomishlar maydonga tushdi (umumlashtirish) kabi.
Kelishik qo’shimchalari belgili-belgisiz qo’llanishi, bir-biri bilan almashinish imkoniyati, ayrim ko’makchilar bilan ma’nodoshligi, ayrimlarining qisqargan shaklda qo’llanishi kabi bir qator xususiyatlariga ko’ra turli uslubiy ma’no nozikliklarining yuzaga chiqishiga imkoniyat beradi. Masalan, tushum kelishigi belgili qo’llanganda, obyektni ta’kidlash ma’nosi ifodalanadi, belgisiz bo’lganda esa bu ta’kid yo’qoladi. Qiyoslang: kitobni o’qidi – kitob o’qidi. Yoki birikmada tushum kelishigi qo’llanganda, obyektning barchasi nazarda tutilganligi, ayni o’rinda chiqish kelishigi qo’llanganda esa obyektning bir qismiga e’tibor qaratilganligi anglashiladi. Qiyoslang: choyni ichdi – choydan ichdi. Yoki jo’nalish kelishigining, masalan, uchun ko’makchisi bilan ma’nodoshligi asosida almashtirilishi ham ifodada uslubiy farqni yuzaga keltiradi. Qiyoslang: do’stimga oldim – do’stim uchun oldim.
Qaratqich va tushum kelishiklari qo’shimchalari badiiy uslubda, xususan, she’riyatda -n shaklida qisqargan holda qo’llanishi va matnga ekspressivlik, poetik ohang baxsh etishi mumkin. Masalan: Qarshimda yer sharin surati turar, Salmog’i Quvaning anoricha bor. Dengiz ortin yoritdi ilk bor Beruniyning aql mash’ali. (A.Oripov)
Tilimizda -cha, -choq, -gina, -loq, -jon, -xon, -toy kabi bir qancha qo’shimchalar mavjud bo’lib, ular subyektiv baho shakllari deb umumlashtiriladi. Ular kichraytirish-erkalash qo’shimchalari nomi bilan ham ataladi. Bu qo’shimchalar otlar va sifatlarga qo’shilib, shu so’zlar ifodalagan narsa yoki tushunchaga so’zlovchi (yozuvchi)ning subyektiv munosabatini bildiradi, ya’ni bu so’zlarda ijobiy yoki salbiy uslubiy bo’yoqni yuzaga keltiradi. Bunday qo’shimchali so’zlar ko’proq so’zlashuv, badiiy va publitsistik uslublarda kuzatiladi, ilmiy va rasmiy uslublarda esa ular juda nofaol, kam qo’llanadi.
Sifat ma’lum bir belgini ko’rsatuvchi mustaqil so’z bo’lib, funksiyasi jihatidan boshqa so’z turkum (ot va otlashgan so’zlar)ning ma’lum xususiyatini konkretlashtiradi, uning ma’nosiga aniqlik kiritishga yordam beradi. Sifat turkumi poetik sifatida ham katta ahamiyatga ega. U badiiy adabiyot tilida eng ko’p uchraydigan epitetlar hosil qilishda qo’llaniladi. Bundan tashqari, sifat turkumi sistemasida sinonimiya ham keng taraqqiy etgan. Bu sinonimiyaning funksional stillar nuqtayi nazaridan chegaralanganligi ham sezilarli darajadadir. Bularning hammasi sifat so’z turkumining stilistik kategoriya sifatida talqin qilinishiga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |