Leksema nima? Bu savolga shunday javob qaytarish mumkin: Jamiyat a’zolari uchun tayyor, umumiy, majburiy bo‘lgan, shakl va mazmunning barqaror birikuvidan tashkil topgan voqeylikdagi narsa, belgi, xususiyat va munosabatlarni shakllantiruvchi, nutq va lug‘atda grammatik morfemalarni o‘ziga biriktira oladigan morfema turi leksemadir. Ma’lumki, formal tilshunoslikda til va nutq hodisalari, birliklari farqlanmas edi. Shunga ko‘ra, leksema va so‘z ham bir- biridan farqlanmagan. Sistem tilshunoslik nuqtayi nazaridan bevosita kuzatishda berilgan matn va lug‘atlarda qayd etilgan so‘zlar nutq birliklari hisoblanadi.
Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, til birliklari bevosita kuzatishda berilmagan bo‘lib, ular jamiyat a’zolari uchun tayyor va majburiy bo‘ladi.
Til birliklari (fonema, morfema, leksema, konstruksiya)dan fonemaning to‘la ta’rifi bilan tanishmiz. Morfemalarni keying ma’ruzalarimizda atroflicha o`rganamiz. Leksemaning nutqdagi voqeligi so‘zdir. Leksemalar konstruksiyalarda mustaqil o‘rin egallay olish yoki egallay olmasligiga ko‘ra, mustaqil va yordamchi leksemalarga bo‘linadi.
Mustaqil leksemalar nutqda alohidalik xususiyatiga, o‘zidan keyin grammatik morfemalarni ergashtirish qobiliyatiga ega. Biroq leksemalar ichida shundaylari ham borki, ular gapda mustaqil o‘rinni egallay olmaydilar. Bunday leksemalar sirasiga yordamchi so‘zlar (bog‘lovchilar, sof ot, fe’l, ravish, ko‘makchi, yuklama, nisbiy so‘zlar va b.: ham, hamda, biroq, lekin; uchun, bilan, sari, sayin; tag, ost, bo‘y, old; qara; boshla, yubor, bo‘l, so‘ng, kabi, yanglig‘, burun….) kiradi. Mohiyatan ushbu yordamchi leksemalar grammatik morfemalardir. Ular leksemalarga o`xshab, alohidalik xususiyatiga ham ega bo‘ladi. Boshqacha aytganda, yordamchi so‘zlar leksemalar va qo‘shimchalar orasida « oraliq uchinchi» bo‘lib, ham lekmemalar, ham grammatik morfemalar xususiyatini o‘ziga mujassamlashtiradi. Ammo ular na leksemalarga, na grammatik morfemalarga to‘liq teng bo‘la olmaydi.
Leksema jamiyatning barcha a’zolari uchun tayyor, umumiy va majburiy sanalishi bilan bir qatorda yana bir qancha xususiyatlarga egadir. Jamiyat a’zosi leksemani yasamaydi, uni tayyor holda qabul qiladi. Jamiyat a’zosining ongida har bir leksema boshqa leksemalar bilan o‘xshashlik qatorlarida (paradigmalarda) yashaydi. Masalan: [daftar] ~ [bloknot]; [daftar] ~ [oynoma] ~ [ro‘znoma]; [daftar] ~ [qissa] ~ [roman]; [daftar] ~ [muqova] ~ [varaq] ~ [bet] ~ [bob] kabi. Daftar so‘zi shu munosabatlar asosida turlicha ma’no beradi.
Leksemalar inson ongida qo‘shnichilik munosabatlarida (sintagmatik) ham yashaydi. Masalan: [daftar] ~ [yoz] ~ [ol] ~ [sifatli] ~ [matematika] ~ [ona tili]; [daftar] ~ [son qo‘shimchalari] ~ [egalik qo‘shimchalari] ~ [kelishik qo‘shimchalari].... Bu o‘xshashlik va qo‘shnichilik munosabatlari, ma’no va vazifa imkoniyatlari nutqda oydinlashadi, aniqlashadi. Demak, leksemalar til egalari ongida voqelashgan va voqelashadigan nutqiy imkoniyatlar yig‘indisi hamdir.
Leksema til birligi sifatida turlicha imkoniyatlar majmuasi bo‘lsa, so‘z uning voqelanishi, ro‘yobga chiqishi, aniq shakl, mazmun va vazifa kashf etgan moddiy ko‘rinishidir. Har bir leksema nutqda muayyan so‘z sifatida namoyon bo‘ladi. Leksema ikki tomonga ega bo‘lgan til birligidir. Aniqrog‘i, u shakl va mazmun tomonlaridan iborat ramzdir. Sistem tilshunoslikda leksemaning shakl tomoni nomema deyiladi. Nomema faqat leksemaning shakliga (moddiy qobig‘i, tashqi tomoniga) nisbatan ishlatiladi. Leksemaning mazmun tomoni (ma’nosi, ichki tomoni….) esa semema nomi bilan yuritiladi. Demak, leksema= nomema+sememadir.
Nomema leksemaning tilga xos tomonidir. U ongimizda muayyan fonemalar tizmasi sifatida mavjud. Nomemaning fonemalar tizmasidan iboratligi ichki nutq jarayonida (kishi fikr yuritganda, ma’lum matnni ichida o‘qiganda) aniq seziladi. Chunki odam ichki nutq jarayonida so‘zlarni, qo‘shimchalarni ketma-ket tizib, xuddi gapirayotgandek, ularni grammatik jihatdan shakllantiradi. Demak, inson faqat ovoz chiqarganda emas, balki ovozsiz ham fonemalarga moddiy shakl bera oladi. Tashqi muhitda nomema tovushlar (yoki harflar) tizmasi sifatida voqelashadi. Substansional tilshunoslik leksemalarning moddiy tomoniga – nomemalarga ko‘p ahamiyat bermaydi. Chunki nomema leksemaning mohiyatiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Leksemaning mohiyati esa uning ichki tomoni – semema orqali va shunga ko‘ra leksemaning boshqa til birliklariga munosabati, aloqaga kirishuvi orqali belgilanadi. Nomemaning ahamiyati nazmiy nutqda behad katta bo‘ladi (qofiya, radif, tajnis turlari, saj’….). Shu sababli she’riyatda nomemaga asosiy e’tibor qaratiladi. Lingvistika nuqtayi nazaridan esa asosiy e’tibor faqat sememaga qaratiladi.
Semema leksemaning ichki tomoni, uning mazmuni, ma’nosi, nimani ifodalab kelishidir. Sememalar ko‘pincha ongimizda muayyan bir tushuncha bilan bog‘liq bo‘ladi. Tushuncha – ong, mantiq birligi, semema esa leksemaga xos birlikdir. Masalan, [o‘rik] leksemasining sememasi quyidagi tushunchalarda namoyon bo‘ladi: 1) ho‘l meva turi; 2) shu mevaning quritilgani; 3) shu mevani beradigan daraxt.
Sememaning tushunchalar bilan bog‘liqligini faqat mustaqil leksemalardagina kuzatish mumkin. Yordamchi leksemalarda, olmoshlarda esa bunday bog‘lanishni ko‘rmaymiz. Tilshunoslikda sememani hosil qiluvchi ma’no bo‘laklari sema deyiladi. Masalan: [daraxt] leksemasining semalari quyidagilar: 1) predmet; 2) o‘simlik; 3) yerda o‘suvchi; 4) tanali; 5) ildizli; 6) shoxli; 7) bargli.
Leksemalarni shu nuqtayi nazardan o‘zaro ichki munosabatlar asosida muayyan qatorlarga, guruhlarga, tur va turkumlarga birlashtirish zarur. leksemalarni tizim sifatida tahlil qilish sistem tilshunoslikning asosiy vazifalaridan biridir.
So‘zning leksik ma’nosi hamma vaqt tushunchaning o‘zinigina ifodalayvermaydi. So‘zning asosiy leksik ma’nosi emotsional-ekspressiv ottenka, stilistik boyoq birgalikda leksik ma’noning komponentlarini tashkil etadi. So‘zning ma’nosi haqidagi mazkur fikrlardan ko‘rinib turibdiki, so‘z real borliqdagi turli-tuman narsalar va ular haqidagi tushunchalar bilan dialektik ravishda bog‘liqdir. So‘zning tabiatini aniq tasavvur qilmoq uchun so‘z bilan tushuncha o‘rtasidagi munosabatning qandayligini yaxshi bilish lozim.
O’tmishda yashagan ba’zi mashhur olimlar (Platon, Sokrat va b.) so‘z bilan predmet o‘rtasida tabiiy bog‘lanish bor deb o‘ylaganlar. So‘z predmet bilan biror jihatdan bog‘lansa ham, biroq bu bog‘lanish bevosita, ichki tabiiy bog‘lanish emas. Agar so‘z bilan predmet o‘rtasida bunday bog‘lanish bo‘lganda edi, bir xil narsalarni bir necha nom bilan atash mumkin bo‘lmay qolar edi. Nom (so‘z) bilan narsa o‘rtasidagi munosabat shartlidir.
Biroq shuni ham aytish kerakki, predmetlarga nom mutlaqo tasodifiy ravishda qo‘yilmaydi. Nom qo‘yishning ma’lum qonuniyati bor. XIX asrda yashagan nemis faylasufi L.Feyerbax nomning mohiyati xaqida fikr yuritib: “Nom nimadir? Farqlash uchun zarur bo‘lgan belgi, ko‘zga tashlanib turadigan qandaydir alomat bo‘lib, men predmetni butunligicha tasavvur etish uchun narsaning namoyandasi, vakili qilib olaman” deydi. Haqiqatan, biror notanish narsalarga duch kelganda, avval u tanish predmetlarga solishtirib ko‘riladi va shu asosida yangi predmetning ko‘zga tashlanadigan biror belgisi ajratilib, ana shu belgi predmetga nom qo‘yish uchun asos qilib olinadi. Shuning uchun ham rus tilshunosi A.A.Potebnya “Biror narsani shunday deb atabmizmi, buning izohi bor” deb alohida ta’kidlab o‘tgan.
Biror so‘zga asos bo‘lgan belgi vaqtlar o‘tishi bilan asta-sekin unutila boradi. (Masalan, otlanmoq). Natijada so‘zning hozirgi ma’nosi bilan uning dastlabki ma’nosi o‘rtasida uzilish sodir bo‘ladi. Tildagi juda ko‘p so‘zlar ana shunday protsessni o‘z boshidan kechirgan. Tilda kelib chiqishini, paydo bo‘lish tarixini isbotlash qiyin bo‘lgan so‘zlar (motivi yo‘q so‘zlar) shu tariqa paydo bo‘lgan. Agar so‘z umumlashtirmay yakka-yakka narsalarni bildirganda edi, tilda so‘zlar tolib-toshib ketgan bo‘lar edi.
So‘z bilan tushuncha o‘rtasidagi munosabat xaqida yana quyidagilarni aytish mumkin. So‘z ishora (simvol) sifatida tashqi, material tomon bo‘lsa, tushuncha fikr sifatida ichki ideal tomondir. Bu ikki tomon bir-biriga qarama-qarshi bo‘libgina qolmay, ular ayni zamonda ajralmas kategoriyalar hamdir. So‘z bilan tushunchaning o‘zaro uyg‘unlik tomoni ularning umumlashtirish xususiyatida ham ko‘rinadi. Tushunchani shu asosda so‘z bilan tenglashtirish, ularni bir xil hodisa deb talqin etish to‘g‘ri bo‘lmaydi. So‘z bilan tushuncha o‘rtasida muhim farqlar ham bor. Bular quyidagicha:
so‘z tilning elementi bo‘lsa, tushuncha tafakkurning elementidir;
tushuncha ideal hodisa bo‘lib, predmetlarning umumiy va muhim belgilarini aks ettiruvchi fikr formasidir, so‘z esa material hodisa bo‘lib, tushunchaning yashash formasidir. Buni quyidagi misol orqali tushuntirish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |