3. Til va ma’naviyat
Til odamlar o‘rtasida o‘zaro muomala, aloqa vositasi. Insonni butun mavjudot olamining sarvariga aylantirgan bu noyob hodisa keyinchalik tafakkur quroli tarzida namoyon bo‘ldi. Boshqacha aytganda, til insoniyatning bebaho boyligi, buyuk imkoniyatidir.
O‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali yuz beradi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi.
Ona tilini rivojlantirish har qanday xalq mustaqilligining, millat ma’naviy o‘zligining dastlabki shartlaridan biridir. Chunki til xalqning, millatning tarixi, madaniy merosi, turmush tarzi, urf-odati va an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan xazinadir.
Bu yil o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 31 yilligi xalqimiz orasida juda keng nishonlandi. Davlat tili bayramiga bag’ishlab konferensiyalar, bir qator tadbirlar tashkil etildi. Shunday ekan, “Davlat tili haqida”gi qonunning hayotga tatbiq etilishiga, o‘z ona tilimizni ulug‘lash, mavqeini yanada yuksaltirish, uning jahonaro baralla yangrashiga hissa qo‘shish o‘zini shu yurtning haqiqiy farzandi deb bilgan har bir inson uchun muqaddas burchdir.
Institutda tashkil etilgan til bayramini ko’rish havolasi: https://nammqi.uz/sahifa.php?sahifa=6&tartib=1984
4. Davlat tili tushunchasi
Davlat tili — muayyan mamlakatda qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan til. Odatda, koʻp millatli mamlakatlarda, mas, Hindiston, Kanada, Shveysariyada qaysi til yoki tillar rasmiy ekanligi konstitutsiyalarida belgilab qoʻyilgan. Davlatlarning koʻpchiligida rasmiy til bilan Davlat tili aynan bir xildir. Faqat ayrim mamlakatlardagina rasmiy til maqomi Davlat tili maqomidan farqlanadi. Masalan, Shveysariyada konstitutsiyaga binoan nemis, fransuz, italyan tillari — rasmiy til; nemis, fransuz, italyan va retoroman tillari — Davlat tili sanaladi.
Oʻzbekistonda shoʻrolar hukmronligi paytida Davlat tili haqida umuman gapirish ham mumkin boʻlmagan, aksincha oʻzbek tilining ijtimoiy hayotda qoʻllanilishi tobora cheklanib qolgandi. 1989 yil 21-oktabrda "Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida"gi qonun qabul qilindi Bu qonun oʻzbek xalqi milliy ongining rivojlanishida, mamlakat mustaqilligi mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur qonun qoidalari Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyildi. Konstitutsiyaning 4-moddasiga binoan Oʻzbekistonda Davlat tili— oʻzbek tilidir. Qoraqalpogʻistonda bunday maqom qoraqalpoq tiliga ham berilgan. Mamlakatda yuz berayotgan real jarayonlar va imkoniyatlarni hisobga olib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini uzil-kesil joriy etishni bosqichma-bosqich amalga oshirib borish vazifasi til islohoti bilan bogʻliq masalalarga zarur tuzatishlar kiritish ehtiyojini tugʻdirdi, respublika hali sobiq Ittifoq tarkibida boʻlgan va madaniy-maʼnaviy sohada oʻziga xoslikni mustahkamlashga intilgan bir sharoitda qabul qilingan Davlat tili haqidagi qonunning koʻpgina moddalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritishni taqozo etdi. Natijada 1995 yil 22 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqidagi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasi hududida Davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu qonun va boshqa qonunlar bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasida Davlat tilini oʻrganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit yaratiladi hamda millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularning rivojlanishi taʼminlanadi. Davlat tilini oʻqitish bepul amalga oshiriladi (4-modda). Davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash ta’qiqlanadi. Fuqarolarning oʻzaro muomala, tarbiya va taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar (24-modda). Mamlakatda demokratik, baynalmilal tamoyillarga rioya qilinib, har bir millat va elatning erkin rivojlanishi, ularning til mustaqilligi va tengligi taʼminlangan. Taʼlim-tarbiya ishlari oʻzbek tilidan tashqari tojik, rus, qozoq, koreys, turkman, qirgʻiz tillarida ham amalga oshiriladi. Milliy markazlarning faoliyati uchun yetarli imkoniyat yaratilgan. Shaxsga millati, irqi, tili, urf-odat va anʼanalariga qarab biror imtiyoz berish yoki shu vajdan huquqlarini cheklash javobgarlikka sabab boʻladi.(manba: Abdumajidov F ., Davlat tili haqida (qonunga sharhlar), T.1998.
1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinganligiga bu yil 31 yil to‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |