II-BOB
2.1 Mis boyitish fabrikasi. 1961-yilda Qalmoqqir va Sariqcho‘qqi konlarining mis-molibden rudalarini qayta ishlab chiqarish uchun fabrika ishga tushirilgan. Fabrika tizimida ikkita maydalash bo‘limi bor:
- yirik maydalash bo‘limi. Unda uchta konussimon maydalaydigan mashina KKD-1500/180 tinmay ishlab turadi, ularning har bittasi yiliga 15 mln. tonna ma’danli ruda unumdorligiga ega;
- mayda va o‘rta maydalash bo‘limi. Unda o‘rta KSD – 2200 va KSD – 3000 va mayda KMD – 2200 va KMD – 3000 maydalaydigan dastgohlar ishlatiladi, ularning umumiy soni 34 ta, to‘liq unumdorligi – yiliga 29 mln. tonna rudani qayta ishlashi mumkin.
Fabrikaning asosiy binosida 10 ta texnologik qism bo‘lib, ular 3,6x4,0; 3,6x5,6; 4,5x6,0 metr miqdordagi sharli tegirmonlar bilan hamda 6,3 kub.metr, 12,54 kub.metr, 16,0 kub.metr hajmli flotatsion mashinalar bilan ta’minlangan. Unda maydalangan ruda boyitiladi.
Kollektiv konsentrat seleksion flotatsiyaga yuborilib, undan mis konsentrati va molibden konsentrati sanoat mahsuloti holida ajratib olinadi. Quyuqlanish suvini siqib chiqarish va quritishdan keyin mis konsentrati (OTMK) mis eritish zavodiga jo‘natiladi. Molibden sanoat mahsuloti avval Olmaliq TMK hududida joylashgan qo‘shma korxona sexida quvursimon aylanma pechda kuydirilib, to‘liq MoO3 (molibden oksidi) molibdenli xomashyo quyuqlashtiriladi va yuqori haroratda eriydigan, issiqqa chidamli bo‘lgan metallar O‘zbekistondagi Chirchiq kombinatiga yuklab jo‘natiladi. Fabrika chiqindilari gidrotransport yordamida fabrikadan 12 km uzoqlikda joylashgan chiqindilar omboriga jo‘natiladi.
Mis eritish zavodi. 1964-yilda Olmaliq mis eritish zavodi ishga tushirilgan (1.7-rasm).
Ushbu zavod quyidagi sexlardan iborat:
- metallurgiya sexi – yiliga 50 ming tonnagacha xomaki misga mo‘ljallangan yallig‘ qaytaruvchi pech, yiliga 65 ming tonnagacha xomaki misga mo‘ljallangan kislorodli-mash’alli eritish pechi, har biri 75 tonna hajmga ega to‘rtta yarim aylanma pech konverterlar, har birining hajmi 200 tonna bo‘lib, xomaki misni suyuq holda olovli tozalab, qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan anodli pechlar majmuidan;
- elektrolit vannasida misni elektrolizlash sexi (yillik quvvati 147 ming tonna katodli mis);
- oltin va kumush soflash sexi (selen va tellur);
- shlam-kuporos sexi, yillik unumdorligi 7 ming tonna mis to‘tiyosi ishlab chiqaradi;
- chiqadigan metallurgiya gazlarini qayta ishlash uchun ikkita oltingugurt (sulfat) kislotasini olish sexlaridan iboratdir.
Aynan 1964-yilning dekabrida yallig‘ qaytaruvchi eritish pechining (YaQE) ishga tushirilishi nafaqat Olmaliq kombinati uchun, balki butun respublika uchun katta ahamiyat kasb etishi muqarrar edi. Chunki uch yil oldin (1961-yili) ishga tushgan mis boyitish fabrikasining mahsuloti–mis boyitmasi boshqa zavodlarga jo‘natilar edi. YaQE pechi avvaliga mazut va tabiiy gaz aralashmasi, keyinchalik esa to‘liq tabiiy gaz bilan bir maromda hozirgacha ishlab kelmoqda. Bu pechning asta-sekin mukammallashuvi texnologik kislorod yordamida pechning tepa qismidan, svod (qubbadan) tabiiy gaz bilan birgalikda pech qiyaligiga purkalib, doimiy berib turilishi unda boyitma va shixta qorishmasining tezroq erishiga va unumdorlikning ancha ortishiga olib keldi. Ahamiyatli kamchiliklaridan biri barcha hosil bo‘lgan oqova gaz ishlovsiz to‘g‘ri 180 metrlik quvur orqali ochiq havoga yuboriladi.
Olmaliq mis eritish zavodining boshqa zavodlardan texnologik tavsifi tubdan farq qiladi.
YaQE pechi va kislorodli-mash’alli eritish pechidan olingan sulfidli shteyn konverterga suyuq holda quyilsa, undan olingan konverter toshqoli qayta YaQE pechiga suyuq holda to‘kiladi. Uchta eritish agregati orqali misli ashyo doimiy aylanib turadi va ular bir-biriga uzviy bog‘liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |