1.3. Misli ashyolarni qayta ishlashning zamonaviy usullari
Hozirgi kunda texnika taraqqiyoti yuksak darajada shunchalik tez va eng zamonaviy elektron texnikalar bilan jihozlangan holda rivojlanmoqdaki, bu esa o‘z navbatida, mis olish texnologiyasiga ham o‘zining kuchli ta’sirini o‘tkazmoqda. Mis olish, uning xomashyolarini qayta ishlash qadimdan yo‘lga qo‘yilganligi, miloddan oldingi asrlarda ham bizning hududimizda mis rudalari qazib olinganligi oldingi bo‘limlarda ta’kidlab o‘tilgan edi.
Arxeologik qazilmalar va ayrim tarixiy manbalar shuni ko‘rsatadiki, qadimiy Iloq viloyatining poytaxti Tunkentda, To‘qkentda (Pskent tumani, hozirgi Qirqqiz jamoa xo‘jaligida), Qurama tog‘ tizmalarida misli hamda qo‘rg‘oshinli, oltin va kumushga boy rudalar qo‘l mehnati orqali qazib olinib, ba’zan alohida boyitilib, ba’zan esa boyitilmasdan pechlarda eritilgan. Taxminlarga qaraganda, VI asrgacha mis va oltin boyitilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eritilgan. Mis, oltin izlovchilar tomonidan konlarda yerosti va yerusti usuli bilan ularni rangiga qarab (mis qizg‘ish, oltin sarg‘ish rangda bo‘lgan) o‘tkir bolg‘acha va teshalar bilan ajratib olingan. Ayrim joylarda toshlarni yuqori alangada qizdirib, so‘ng suv sepib, minerallarni darz ketkazish yo‘li bilan parchalab, eritish pechlariga olib keltirilgan. Bu eritish pechlari uchun avvaliga yerni 1–2 metr o‘yib, yon tomonlariga, chekkalariga, mo‘rilariga o‘tga chidamli toshlarni terib, havo berish orqali eritish jarayonini amalga oshirganlar.
VIII – X asrlarga borib nafaqat erkin holdagi mis, balki oksidlangan holdagi mislar ham ishlatiladigan bo‘ldi. Sabab, oksidlangan mis xrizokola, malaxit, kuprit, azurit holatida bo‘lib, ular konning ustki qatlamida joylashadi va boshqa tog‘ jinslariga nisbatan o‘zining rangi orqali ajralib turadi.
Pechlar esa biroz hajmi kengaytirilib, yer ustida poydevor qurilib, so‘ng o‘tga chidamli g‘ishtlardan terilgan. Ularni hozirgi minorali pechlarga, biroz bo‘lsa-da, o‘xshatish mumkin.
X–XII asrlarga kelib Shosh, Iloq davlati mis, oltin, kumushni nafaqat metall, balki qotishma holida, tanga, zeb-u ziynat holida tayyorlash bo‘yicha butun O‘rta Osiyoda yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Tozaligi va sifatliligi jihatidan bu davlat butun Mo‘g‘uliston, Arab mamlakatlari hattoYevropaga ham aynan shu metallar orqali tanildi.
Mo‘g‘ullar davri va undan keyingi davrlarda metalni eritib olish juda kam amalga oshirilgan. Yozma ma’lumotlarga suyangan holda shuni aniqlash mumkinki, Petr I davrida Rossiyada metallurgiya, ayniqsa, qora metallurgiya nihoyatda rivojlanib, dunyoda birinchilar qatoridan o‘rin egallagan.
1920–1930-yillarga kelib esa metallurgiya asta-sekin qayta tiklanib, rangli, so‘ng nodir va qimmatbaho metallar ajratib olish yo‘lga qo‘yila boshlandi.
Bir vaqtlar 80–90 % mis aynan yallig‘ qaytaruvchi eritish pechida qayta ishlanib, bu usul dunyo bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda ushbu usul zamonaviy talablarga javob berolmay qoldi. Lekin shunday bo‘lsa-da, AQSH, Kanada, Finlandiya va MDH mamlakatlarining ko‘pgina eritish korxonalarida haligacha ishlab turibdi.
Yallig‘ qaytaruvchi eritish pechining qariyb sakson yildirki texnologiyadan chiqib ketmasligining sababi bor, albatta. Ulardan eng asosiysi, har qanday namlikda, ashyoning yirikligi, hatto uning tarkibi, pechning iqtisodiy ko‘rsatkichiga unchalik ta’sir qilmaydi.
Shuningdek, suyuq holdagi konverter toshqollariga qayta ishlov berish imkoni ham mavjud.
2 .12-rasmda yallig‘ qaytaruvchi eritish pechining sxematik yon tomonidan ko‘rinishi tasvirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |