Yashash sharoitiga bog’liq holda qushlarning xilma-xilligi
Morfologik belgilariga ko’ra qushlar, sut emizuvchilarga nisbatan taqqoslaganda ko’proq bir tipliligi bilan harakterlanadi. Qushlarning o’xshashligi ularning evolyutsiya jarayonida havo muhitini egallash bilan aktiv uchish xususiyatidir. Uchish qushlarning ko’pchilik vakillarida asosiy harakat usuli bo’lib, bu qushlarning umumiy tuzilishida o’z aksini topgan, lekin shunga qaramasdan xilma-xil hayot tarzi, harakat qobiliyati, ozuqa harakteri va uni topish usullariga qarab bir-biridan farq qiladi. Evolyutsiya jarayonida qushlar o’rmonlarda, ochiq landshaftlarda, botqoq va suvlarda yashashga moslashgan. Turli xil yashash sharoiti qushlarning har-xil ekologik guruhlarga ajralishiga va tashqi ko’rinishga ko’ra farq qilishiga sabab bo’lgan. Masalan: o’rmon qushi bulduruqda, havo hayot tarzi qaldirg’ochda, suv qushlariga o’rdak, botqoq qushi qarqaralar va boshqa turlarda ko’rish mumkin.
Bulduruq boshqa tipik quruqlik qushlari singari o’rtacha tana proportsiyasiga va keng qanotga ega bo’lib, tez va vertikal holda uchishini ta’minlaydi. Bu o’rmondagi havfda katta ahamiyatga ega.
Qaldirg’och, ajoyib uchuvchi qush, uzun, ingichka qanotlari, juda kichik oyog’i, kalta va keng ochiluvchi tumshug’i orqali havoda uchib hashorotlarni tutadi.
O’rdak, uchun zich, mustahkam patlari, oyog’idagi suzish pardalari, keng yassi tumshug’i bilan harakterlanadi.
Nihoyat, qarqarada uzun oyoqlar, uzun bo’yinning bo’lishi orqali ular har-xil biotoplarning qushi hisoblanadi.
Yirtqich qushlarda o’tkir barmoq, yirik, o’tkir tirnoq, uchi qayrilgan tumshug’i orqali yirik o’ljani ushlashga moslashgan. Qushlarning tashqi tuzilishidagi xilma-xillik ularning qanoti, tumshug’i, oyog’i, bo’yni va dumida yorqin seziladi.
Qushlarda qanotning uzunligi va shakli uchishi bilan bog’langan. Har-xil qushlarda qanotlari xilma-xil. Taqqoslash maqsadida qaldirg’och, baliqchi, yilqichi, bulduruq, chistik va bedanalarning qanotini olish mumkin.
Qaldirg’och qanotidagi xususiyatlar, o’ljasini havoda uchib topishga imkon beradi deb yuqorida ham ta’kidlangan edi, yana shuni aytish mumkinki uning qanotlari murakkab tipdagi qanot bo’lib, qanotning uchi sezilarli chiqadi. Asosiy vaqtini havoda o’tkazuvchi baliqchi qush-qanotlari juda keng va uzun bo’lib, suv ustida bemalol uchadi va suvdan ovqat izlaydi. Bu uchish (qaldirg’ochga nisbatan) sekin va rejali uchishni ta’minlaydi.
Yilqichi ham ko’p vaqtini havoda o’tkazadi va yerdan sichqonsimon kemiruvchilarni kuzatadi. Bunda tez-tez parvoz qilib uchishdan foydalanadi, shuning uchun uning qanoti uzun, ko’pchilik yirtqichlar singari keng (baliqchiga nisbatan). Bulduruqda qanotlar qisqa bo’lib, biror havf bo’lganda daraxtlar orasidan vertikal holda uchishiga yordam beradi.
Chistik hayotining ko’p qismini dengizda o’tkazadi. Qanotlari uncha katta emas. Bedanada esa qanotlari kichkina bo’lib, qachonki biror havf bo’lganda uchadi, qolgan vaqtda quruq o’tlar orasida yashaydi.
Qushlarda tumshuqlari xilma-xil bo’ladi. Uning tuzilishi istemol qilinadigan ovqat tarkibiga va uni topish usuliga qarab xilma-xil bo’ladi. Yirtqich qushlarda tumshug’i qisqa, mustahkam, uchi ilmoqli. Bunday tumshuq orqali o’lja tanasini mayda bo’laklarga ajratadi.
Loyxo’raklarda tumshug’i nozik va uzun. Ular tumshuqlari yordamida yumshoq botqoq loylaridan har-xil umurtqasiz hayvonlarni topib olib yeydi. Eng kichik kolibri qushlarida ingichka, uzun tumshuqlari yordamida gullardagi nektarni so’rib olishga moslashgan.
Qizilishton tumshug’i o’rtacha uzunlikda bo’lib, mustahkam va o’tkirdir. Tumshug’i yordamida daraxt po’stlog’i ostidan va kovaklardan zararkunanda hashoratlar va ularning lichinkalarini topib oladi (68-rasm).
68-rasm. Qushlar tumshuqlarining xilma-xilligi:
1-yilqichi; 2-4-qiziloyoqlar (2-kengtumshuq, 3-uzunburun, 4-o’rmon loyxo’ragi); 5-kolibri; 6-qizilishton; 7-tukan; 8-saqoqush; 9-11-donxo’rlar (9-qizilto’sh, 10-boltatumshuq, 11-archaqaychitumshug’i); 12-13-hashorotxo’rlar (12-penochka, 13-tentakqush); 14-15-suvqushlari (14-yovvoyi o’rdak, 15-yomon cherok).
Donxo’r chumchuqsimon qushlar (chumchuq, so’fito’rg’ay va boshqa) ning tumshug’i qisqa va yo’g’on bo’lib, qattiq va dag’al ovqat bilan oziqlanishga moslashgan. Hashorotxo’r chumchuqsimon qushlarda (chittak, mayna, qarqunoqlarda) tumshug’i nozik, ingichka bo’lib tuproq, barg va shoxlarni titishga va uni ostidagi nozik hashorotlarni topishga moslashgan.
Boshqacha formadagi tumshuqlar hashorotlarni tutuvchi pashshaxo’rlar (jannat pashshaxo’ri, qaldirg’och, uzunqanot, tentakqush va boshqa), hashoratlarni uchib topadi. Ularning tumshug’i juda kalta, lekin keng ochiladi. Tumshuq asosining yonida kalta qalqonchalari bor. Natijada ochiq tumshuq voronkaga o’xshaydi bu yordamida uchish vaqtida osongina hashorotlarni ushlaydi.
Suv qushlarining tumshuqlari yuqorida ta’kidlangan qushlarning tumshuqlaridan butunlay farq qiladi. Jumladan, o’rdaklarda tumshug’i keng, yassilashgan shoxsimon plastinkadan iborat.
Qushlarning oyoqlari ovqatlanish joyiga qarab har-xil tuzilgan (69-rasm).
69-rasm. Qushlar oyog’ining nisbiy uzunligi:
1-katta qiziloyoq; 2-kulrang qo’ton; 3-tuvaloq; 4-Afrika tuyaqushi; 5-uzunqanot.
Loyxo’rlarda, qarqara, turnalarda oyoq juda uzun, bu qushlar suv atrofidagi botqoq joylardan ovqat topishga moslashgan. Oyoq barmoqlari atrofida terisimon o’simtasi bor, bu oyoq yuzasini oshirib botqoq joylarda bemalol yurish imkonini beradi.
Ochiq landshaft qushlarida ham oyoqlari uzun bo’lib, bularga tuvaloq, afrika tuyaqushi va boshqalar kiradi. Qaldirg’och va jarqaldirg’ochlarda oyoqlari juda kalta bo’lib, yerda yaxshi yurishga moslashmagan.
Ko’pchilik qushlarning oyoqlarida barmoqlari soni to’rtta, afrika tuyaqushlarida esa faqat ikkita bo’lib, tez yugurishga moslashgan.
Suv qushlaridan o’rdak, g’oz va boshqalarda barmoqlari pardalar orqali birikkan bo’lib, suzishda katta ahamiyatga ega.
Qattiq gruntli tuproqlarda, hamda daraxtlarda yashovchi qushlarda barmoqlari uncha katta emas. Suv atrofidagi botqoqli joyda yashovchi sulton tovug’ida esa oyoq barmoqlari aksincha uzun bo’ladi.
Ozuqasini daraxt po’stlog’i va shoxlardan topuvchi qushlarda (chittak, moyqut, qizilishton) barmoqlarining uchlarida o’tkir tirnoqlari bo’lib, ular yordamida baland shoxlarda bemalol turadi.
Qizilishtonlarda barmoqlari o’ziga xos tuzilgan. Ko’pchilik qushlarda uchta barmog’i oldinga, bittasi orqaga qaragan bo’lsa, qizilishtonlarda esa ikkita barmog’i oldinga, ikkatasi orqaga joylashgan. Bu daraxt tanasida vertikal holatda harakatlanishda asosiy tayanch bo’lib xizmat qiladi. Yirtqich qushlarning barmoqlari boshqa qushlardan alohida ajralib turadi (70-rasm).
70-rasm. Qushlarning oyoq barmoqlari:
1-2-suvqushlari (1-yovvoyi o’rdak, 2-qashqaldoq); 3-4-botqoq qushlari (3-qamishzor suvmoshagi, 4-sulton tovug’i); 5-7-daraxt-butazorlardan ovqat topuvchi qushlar (5-katta chittak, 6-qizilishton, 7-qarchig’ay-qishda va yozda); 8-cho’l qushlari, suv bulduruq; (yuqoridan, pastdan va yondan); 9-qor qushlari, oq kaklik; 10-11-yirtqich qushlar (10-sor, 11-suv qiyg’iri).
Barmoqlari o’rtacha uzunlikda, lekin kuchli, o’tkir mustahkam tirnoqlari mavjud. Bunday barmoqlarning vazifasi o’ljani ushlashga moslashgan. Ayniqsa yirik barmoqlarni suvqiyg’iri ko’rish mumkin chunki u baliqlar bilan ovqatlanadi. Qushlarning bo’yni ham har-xil uzunlikda bo’ladi. Asosan uzun bo’yinlar loyxuraklar, qarqara, turnalar va boshqa uzun oyoqli qushlar ovqatini uzun bo’yinlari yordamida yerdan olishi lozim. Tuzilishi mos holda bo’lishi kerak, lekin ba’zi qushlarda (oq qushlarda) uzun bo’yin bo’lsa ham, oyoqlari kalta bo’ladi bu holatda uzun bo’yin suvdan ovqat topish vazifasini bajaradi.
Umumiy holatda qushlarning ovqatlanish joyi va yashash sharoitiga mos holda bo’ynining uzunligi tananing boshqa qismlariga to’la mos holda tuzilgan.
Dum-qushlarda uchish vaqtida asosiy ro’l vazifasini bajaradi va barcha qushlarda har-xil tarzda tuzilgan. Yaxshi uchuvchi, masalan, qaldirg’ochlarda, ko’pchilik yirtqichlarda dum yaxshi rivojlangan, yomon uchuvchi qushlardan, bedana, suv tovug’ida dumlari kuchsiz rivojlangan. Qarchig’aylarda bunday dum daraxtlar orasida uchishda va o’ljasini topishda katta ahamiyatga ega. Shuningdek daraxtlar va bo’talar orasida uya quruvchi hakkada ham uzun dumlari ro’l vazifasini bajaradi.
Qizilishtonlarda dum esa o’ziga xos tuzilgan. Patlari qattiq, egiluvchan bo’ladi. Daraxt tanasidan yuqoriga ko’tarilishida, dumlari asosiy tayanch bo’lib xizmat qiladi.
Yuqorida ko’rib o’tilganidek qushlarning evolyutsiya jarayonida, tabiiy tanlanish tufayli har-bir turi o’zi yashayotgan ekologik muhit sharoitiga mos holda tuzilganligi va shakllanganligi tufayli tabiatda turlarining soni ortishga sabab bo’lgan.
Ustki jag’ning shox qoplami ustki tumshuq, pastki qoplami pastki tumshuq deb ataladi.
76-rasm. Yirtqich qushlarda tumshuq tuzilishi:
1-ustki tumshuq; 2-pastki tumshuq; 3-voskovitsa; 4-burun teshigi.
Ustki tumshuqning asosida tashqi burun teshiklari joylashadi. Kaptar, to’ti, yirtqich qushlarning ustki tumshug’ini asosida bo’rtib chiqqan yumaloq terili patsiz joy, voskovitsa deb ataladi. Voskovitsa sezuvchi tanalarga boy bo’lib, uning asosida juft burun teshiklari bor. Burun teshiklari hidloq bo’shlig’iga ochiladi, bu xoanalar orqali og’iz bo’shlig’iga ochiladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun yelpig’ichi olib tashlangan pat o’qini tiqib ko’rishingiz mumkin.
Boshning ikki yonida yirik ko’zlari joylashgan. Ko’zida harakatchan ustki va pastki qovoqlari, hamda ko’z ichki burchagida yupqa, tiniq yumg’ich pardasi bor. Ko’zlarining orqa va past tomonida tashqi quloq teshigi joylashgan, u quloqning nog’ora pardasiga borib taqaladi. Nog’ora parda orqali ajralib turgan o’rta quloq og’iz bo’shlig’i bilan ingichka yevstaxev nayi orqali qo’shiladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun nog’ora pardani nina bilan teshib, undan qil o’tkazilsa uning uchi og’iz bo’shlig’idan chiqadi. Og’iz burchaklarini qaychi bilan kesib tumshug’ini tuzilishini ko’rish mumkin. Hozirgi zamon qushlarini jag’larida tishlari bo’lmaydi, og’iz bo’shlig’ining tubida uzun harakatchan, uchi o’tkirlashgan tili joylashgan. Tilning orqa yuzasida ovqatni yutishga yordam beruvchi o’simta-popukchalar bor. Tilning orqa tomonida hiqildoq yorig’i joylashgan, bu ustki hiqildoqqa olib keladi. Bu hiqildoq uchta tog’ay bilan o’ralgan, hiqildoq yorig’ining orqa tomonidan ochiladi. Og’iz bo’shlig’iga bir nechta so’lak bezlarining chiqarish yo’llari ochiladi. Dumning asosida tananing pastki yuzasida ko’ndalang yoriq-kloaka teshigi bor. Dum asosining orqa yuzasida juft dumg’aza bezi bor. Parlarni ochib, undagi so’rg’ichlarni ko’rish mumkin.
Kaptarning soni va boldiri ham pat bilan qoplangan. Yelkasi va barmoqlari shox qalqonchalar bilan qoplangan, bular sudralib yuruvchilarning shox tangachalariga gomologdir. Barmoq falangalarining uchi shox tirnoq bilan qoplangan. Qushlarning keyingi oyoqlarida odatda to’rtta barmoq bo’ladi. Bulardan bittasi orqaga, uchtasi oldinga qaragan.
Do'stlaringiz bilan baham: |