Ayiruv organlari.
Boshqa umurtqalilardan (baliqlar, amfibiyalar) farqli ravishda sudralib yuruvchilar voyaga yetgan davrida barcha amniotalardagidek, chanoq buyragi-metanefros faoliyat ko’rsatadi. Bu buyraklar qorin bo’shlig’ining orqa bo’limida joylashadi va chanoq suyaklari bilan yopilgan bo’ladi. Bular nisbatan kalta, cho’ziq tana shakliga ega. Buyraklardan ingichka siydik yo’llari chiqadi va kloakaga ochiladi (60-rasm).
60-rasm. Erkak (A) va urg’ochi (B) kaltakesaklarning siydik-tanosil organlari:
1-buyrak; 2-urug’donlar; 3-urug’don ortig’i; 4-urug’ yo’li; 5-kloaka; 6-siydik pufagi; 7- uning kloakaga ochilish teshigi; 8-siydik-tanosil teshigi; 9-kopulyativ organ; 10-tuxumdon; 11-tuxum yo’li; 12-tuxum yo’li voronkasi; 13-tuxum yo’lining kloakaga ochilish teshigi; 14-siydik yo’lining kloakaga ochilish teshigi.
Sudralib yuruvchilar, shu jumladan kaltakesakning siydik yo’llari metanefretik buyrakning taraqqiy etish bilan hosil bo’ladi va volf nayiga gomolog bo’lmaydi. Kloakaning orqa tomonidan siydik pufagi chiqadi.
Markaziy nerv sistemasi
Sudralib yuruvchilarning bosh miyasi amfibiyalarning bosh miyasiga nisbatan ancha yuqori taraqqiy etgan. Ayniqsa oldingi miyaning yarim sharlarining yaxshi rivojlanganligi, ularning o’lchami va tuzilishi o’ziga xos harakterli xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Yarim sharlarni yuza qatlami kulrang miya moddasidan va nerv xujayralari (neopallium) dan tashkil topgan.
O’rta va uzunchoq miya atrofida amniotalar uchun harakterli bo’lgan vertikal tekislikdagi bukilmani hosil qiladi. Sudralib yuruvchilarda miyacha kuchli rivojlangan.
Miyani ochish uchun boshni tanadan ajratadi, keyin teridan ajratmasdan bosh skeletni orqa va yon tomonlardan ochiladi, bu ishlarni qaychi bilan bajariladi, undan keyin pintset bilan bosh skeletining qopqog’i ochib olinadi. Bu ishlarni bajarishda talabadan malaka va epchillik talab qilinadi.
Sudralib yuruvchilarning bosh miyasi zich, pigmentlashgan parda bilan o’ralgan. Bu parda olib tashlangandan keyin oldingi miyaning katta yarim sharlarini va bulardan oldingi tomonga ketgan hidlov pallalarini ko’rish mumkin. Yarim sharlarning tashqi yuzasi silliq bo’ladi. Oraliq miya ustki tomonidan, qisman oldingi va o’rta miya bilan yopilib turadi. Oraliq miyaning qopqog’i juda yupqa va tashqi yuzasida o’simta hosil qilib, uni ikki qismga: epifiz va tepa organga boruvchi nerv tolasiga bo’lib turadi(61-rasm).
61-rasm. Kaltakesak bosh miyasining yuqoridan (A) va pastidan (B) ko’rinishi:
1-oldingi miya yarim sharlari; 2-hidlov bo’laklari; 3-o’rta miya; 4-epifiz; 5-gipofiz; 6-miyacha; 7-uzunchoq miya. Rim raqami bilan bosh miya nervlari ko’rsatilgan.
Oraliq miyaning pastki yuzasida voronka bo’lib, bunga yumaloq tanacha, gipofiz tegib turadi. O’rta miyaning tarkibiga ikkita yirik oldingi bo’rtmalar-ko’rish pallalari va kichik orqa bo’rtmalar kiradi.
Miyacha yarim doirali burmalar ko’rinishida rivojlanadi va uzunchoq miyaning oldingi qismini yopib turadi. Uzunchoq miya uzun ipdek, oldingi uchi keng va orqaga borgan sari ingichkalashib, bevosita orqa miyaga o’tib ketadi.
Bosh miyaning pastki qismini ko’rish uchun hidlov pallalarini kesib, pintset yordamida bosh miyaning hamma qismini oldingi tomonga qarab ag’dariladi. Oraliq miyaning tagida ko’rish nervlari va ular kesishgan joy xiazma, hamda bosh miya nervlarini boshqa bo’limlardan chiqishini ko’rish mumkin.
Agar oldingi miya yarim sharlari ko’ndalangiga skalpel bilan kesilsa, miya qopqog’ining ancha yupqa va targ’il tanasining qalinligiga ishonch hosil qilasiz.
Kaltakesakning skelet tuzilishi
Sudralib yuruvchilarning skeleti suvda va quruqlikda yashovchilarga nisbatan bir qancha progressiv belgilarga ega. Jumladan, suyak elementlarining murakkablashganligi, suyaklarning mustahkam birikkanligi ularning quruqlikka chiqish bilan bog’liq. Kaltakesakning bosh skeletidagi muhim xususiyatlari uning deyarli to’liq suyaklanganligidir. Tog’aylar faqat hidlov va eshituv bo’laklarida saqlanib qolgan. Muhim xususiyati asosiy qoplag’ich suyaklar miyaning qopqog’ini, uning yon tomonlarini va tubini hosil qiladi. Kalla suyagi umurtqa pog’onasi bilan ensa burtmasi orqali tutashadi.
Vistseral skeleti ham kuchli o’zgargan. Tishlar yuqorigi jag’, jag’ oldi, qanotsimon va pastki jag’ suyaklarida joylashgan. Amfibiyalardan farq qilib, dimog’ suyagida tishlari yo’q.
Umurtqa pog’onasi to’rt bo’limga bo’lingan. Kaltakesaklar va boshqa barcha sudralib yuruvchilar ko’p sondagi umurtqalardan tuzilgan. Amfitsel tipdagi umurtqalar sudralib yuruvchilar orasida kam uchraydigan holat bo’lib, ko’pchiligida umurtqalar protsel tipda tuzilgan.
Sudralib yuruvchilarning harakterli xususiyatlari (ilonlar bilan toshbaqalarda mavjud bo’lmagan) qovurg’alar bilan to’shning birikishidan ko’krak qafasini hosil qilgan. Haqiqiy qovurg’alar to’sh bilan birikkan, shuningdek erkin holatdagi soxta qovurg’alar ham mavjud.
Kamarlar suyaklari mustahkam shakllangan. Kaltakesaklarda yelka kamarida hali tog’aylar ko’p, lekin kamar ko’krak qafasi bilan mustahkam birikkan. Yelka kamari haqiqiy quruqlik tipidagi kamar bo’lib, yuqori umurtqalilarga nisbatan kuchsiz rivojlangan. Chanoq kamari yaxshi rivojlangan bo’lib, quruqlik umurtqalilariga xos uchta juft suyaklardan tashkil topgan (yonbosh suyagi, quymich suyagi, qov suyagi). Bu suyaklar ventral tomonidan bir-biri bilan berkituvchi teshikli simfizis hosil qiladi va oldingi dumg’aza umurtqasi bilan qo’shiladi.
Ensa bo’limi: yuqorigi, asosiy va ikki yon ensa suyaklari, ensa teshigi, ensa burtmasi.
Yon qismi: yonoq suyagi, tangachasimon, qanotsimon, pog’ona suyak, kvadrat va quloq suyaklari.
Qopqoq qismi: burun, peshona oldi, peshona, tepa suyagi, tepa aro, ko’z yosh suyagi, ko’z usti suyaklari, ko’zning keyingi suyaklari.
Tub qismi: asosiy qanotsimon suyak, dimog’ suyagi, ikkilamchi suyak tang’layi.
Do'stlaringiz bilan baham: |