Ovqat hazm qilish sistemasi
Sudralib yuruvchilarda amfibiyalarga nisbatan hazm qilish sistemasi takomillashgan. Sudralib yuruvchilarning hazm sistemasining tuzilishi ovqatining xilma-xilligi va uni topish usuli bilan bog’liq bo’ladi. Amfibiyalardan farq qilib, ular orasida o’simlikxo’r formalari (quruqlik toshbaqalari agamalar, iguanalar bilan birga ko’pchilik vakillari hayvonlar bilan ovqatlanadi. Deyarli barcha sudralib yuruvchilar o’ljasini butunligicha yutadi.
Og’iz bo’shlig’i halqumdan yaxshi ajralgan va ko’pchilik sudralib yuruvchilar, shu jumladan agamalarning jag’lari va qanotsimon suyaklariga mustahkam qo’shilib ketgan konussimon tishlari bor. Og’iz bo’shlig’ining tubida harakatchan muskulli tili bo’lib, uning uchi erkin va doimo oldinga qaratilgan, cho’zilib tashqariga chiqa oladi, hamda qo’shimcha tuyg’u vazifasini ham bajaradi. Og’iz bo’shlig’iga ancha murakkab (amfibiyalarga nisbatan) so’lak bezlarini chiqarish yo’llari ochiladi. Bu bezning ajratgan sekreti ovqatni ho’llash uchun xizmat qiladi.
Og’iz bo’shlig’ining orqa uchida hiqildoq yorig’idan keyin qizilo’ngach joylashgan bo’lib, go’shtdor, uzun, cho’ziluvchan qizilo’ngach traxeyaning ustidan o’tib, qorin bo’shlig’ining oldingi qismidan oshqozonga ochiladi. Oshqozonning keyingi uchidan o’n ikki barmoqli ichak chiqadi va ingichka ichakka o’tadi. Ingichka ichak bir nechta bukilma hosil qilib, yo’g’on ichakka ochiladi. Ingichka va yo’g’on ichaklarning orasida kichkinagina ko’r ichak o’simtasining murtagi bo’ladi. Yo’g’on ichakning keyingi bo’limi to’g’ri ichak va kloakaga ochiladi.
Oshqozon bilan o’n ikki barmoqli ichak oralig’ida cho’ziq zich tanachaga o’xshash oshqozon osti bezi joylashadi. Uning chiqarish yo’li o’n ikki barmoqli ichakning oldingi qismiga ochiladi. Oshqozonning yonida kichkina qizg’ish rangdagi talog’i mavjud. Jigar qorin bo’shlig’ining oldingi qismini butunlay to’ldirib turadi. Uning ichki tomonida o’t pufagi bor. Bundan chiqqan o’t yo’li, o’n ikki barmoqli ichakning oldingi qismiga quyiladi. O’t yo’lini ko’rish uchun o’t pufagini pintset bilan kesilganda uning ichiga yashil o’t suyuqligi qo’yiladi
Nafas olish organlari
Amfibiyalarga qarama-qarshi holatda sudralib yuruvchilarning terisida shoxsimon qoplamni hosil bo’lishi munosabati bilan teri orqali nafas olish o’rniga, o’pka yagona nafas olish organi hisoblanadi. Bu organ murakkablashgan, ya’ni ichki tomoni ko’plab katakchalarga ajralgan. Ikkita bronxga ajralgan nafas olish nayi yoki traxeya hosil bo’lgan.
Nafas olish yo’llari tashqi burun teshiklaridan boshlanadi. Undan keyin havo nafas yo’li orqali ichki burun teshiklari-xoanalarga va ulardan og’iz bo’shlig’iga tushadi. Og’iz bo’shlig’ining tubida uchta tog’aydan (juft cho’michsimon va toq uzuksimon) tashkil topgan hiqildoq joylashgan. U maxsus muskul orqali til osti apparati bilan bog’langan. Og’iz bo’shlig’ida havo hiqildoq orqali ancha uzun nayga traxeyaga o’tadi. Traxeya devorida halqasimon tog’aylar bor. Traxeya bo’yin va ko’krak bo’shlig’i bo’ylab o’tadi va yurak atrofida ikkita kalta bronxlarga bo’linadi. Bronxlar o’pkalarga kiradi.
Kaltakesaklarda o’pkalar ikkita simmetrik joylashgan xaltachalardan iborat. Xaltachani ichki qismi asalari uyasiga o’xshash mayda katakchalarga bo’lingan. Ba’zi kaltakesak va xameleonlarda o’pkasi o’simtalarga bo’lingan bo’lib, chanoq sohasiga cho’zilgan holda o’ziga xos havo xaltachalarini hosil qilgan.
57-rasm. Xameleonning o’pkasi va o’pka xaltachalari:
Sudralib yuruvchilarda nafas olish mexanizmi ko’krak qafasidagi qovurg’alararo muskullar faoliyati bilan bog’liq bo’lib, bunda ko’krak qafasining kengayib torayishi bilan yuzaga keladi.
Sudralib yuruvchilarda amfibiyalardan farq qilib nafas olish og’iz bo’shlig’ining harakati bilan emas balki havoni so’rish bilan harakterlidir. Kaltakesak va ko’pchilik sudralib yuruvchilarda nafas olish va nafas chiqarish nafas teshiklari hamda ko’krak qafasining kengayib-torayishi orqali amalga oshadi.
Qon aylanish sistemasi
Sudralib yuruvchilarning qon aylanish sistemasi amfibiyalarnikidan tubdan farq qiladi. Ko’pchilik sudralib yuruvchilarda yurak uch kamerali (ikkita qorincha, bitta bo’lmachadan) bo’lib, yurak qorinchasidagi to’siq to’liq emas, yurak qisqarganda bu to’siq qorinchaning yuqori devorigacha ko’tariladi va vaqtinchalik yurak qorinchasini ikki kameraga bo’ladi. Faqat timsohlarda yurak to’rt kamerali. Amfibiyalarda mavjud arterial konus, sudralib yuruvchilarda reduktsiyalangan.
Qon aylanish sistemasining o’ziga xos xususiyati shundaki yurak qorinchasining turli joylaridan chiquvchi uchta arterial stvolning mavjudligidir. Jumladan: o’pka arteriyasi, chap va o’ng aorta yoyi.
Kaltakesakning yuragi uch kamerali bo’lib ikkita yurak bo’lmachasi va bitta to’liq bo’lmagan to’siqli yurak qorinchadan tuzilgan (58-rasm).
58-rasm. Kaltakesakning yuragi va asosiy qon tomirlari sxemasi:
1-o’ng yurak bo’lmasi; 2-chap yurak bo’lmasi; 3-yurak qorinchasi; 4-yurak qorinchasini o’ng va chap qismlarga bo’luvchi chala to’siq; 5-o’pka arteriyasi; 6-chap aorta yoyi; 7-o’ng aorta yoyi; 8-umrov osti arteriyasi; 9-orqa aorta; 10-uyqu arteriyasining umumiy stvoli; 11-chap ichki uyqu arteriyasi; 12-chap tashqi uyqu arteriyasi; 13-o’pka venasi; 14-keyingi kovak vena; 15-oldingi bo’yinturuq venalar (oq rangdagi tomirlarda arterial qon; nuqtali tomirlarda aralash qon, qora rangdagi tomirlarda esa venoz qon oqadi).
Ilmiun, uning atrofidagi xaltachani olish lozim. Yupqa devorli yurak bo’lmasi, ikki bo’lakli teshikcha orqali yurak qorinchasi bilan tutashgan.
Yurak qorinchasining o’ng tomonidan venoz qonni oluvchi o’pka arteriyasi, qorinchaning o’rta qismidan ya’ni aralash qonli qismidan chap aorta yoyi, o’zida arterial qonni oluvchi yurakning chap qorincha qismidan chiquvchi o’ng aorta yoyi boshlanadi.
O’pka arteriyasi shoxlanib, o’ng va chap o’pkaga tarmoqlanadi. Asosiy qon tomirlarning shoxlanishini sxemada ko’rish mumkin (59-rasm).
59-rasm. Kaltakesakning qon aylanish sxemasi:
1-bosh venasi; 2-uyqu arteriyasi; 3-bo’yinturuq vena; 4-uyqu tomir (karatoid) yo’li; 5-o’ng aorta yoyi; 6-o’pka arteriyasi; 7-o’pka; 8-keyingi kovak vena; 9-orqa aorta; 10-umurtqalararo arteriya; 11-jigar; 12-ichak arteriyasi; 13-jigar darvoza venasi; 14-ingichka ichak; 15-oshqozon bo’lagi; 16-qorin venasi; 17-ichak tutqich arteriya; 18-tashqi tutqich arteriya; 19-buyrak venasi; 20-chap chanoq vena; 21-o’ng chanoq vena; 22-buyrak; 23-orqa oyoqlar arteriyasi; 24-orqa oyoqlar venasi; 25-dum arteriyasi; 26-dum venasi (vena qon tomirlari qora rangda ko’rsatilgan).
Kislorodga to’yingan arterial qon o’pka venalari bilan kelib o’zaro qo’shiladi va chap yurak bo’lmasiga quyiladi. Bu qon aylanish tizimining kichik doirasi deb ataladi.
Katta qon aylanish doirasining qon tomirlari ham yurak qorinchasidan chiqadi. Yurak qorinchasining chap (arterial) qismidan o’ng aorta yoyi chiqadi, yurak qorinchasining ustki o’rta qismidan chap aorta yoyi chiqadi. O’ng aorta yoyidan arterial qon, chap aorta yoyidan aralash qon chiqadi. Ikkala aorta yoylari yurakni aylanib o’tib, orqa tomondan bir-biri bilan qo’shiladi va toq orqa aortani hosil qiladi. Bundan oldin o’ng aorta yoyidan avval bittaga, keyin ikkiga bo’linib juft uyqu arteriyasiga ajraladi. Uyqu arteriyasi arterial qonni gavdani oldingi bosh qismiga olib boradi. O’ng aorta yoyidan yana bitta qon tomiri ajraladi va tezda ikki tarmoqqa-umrov osti arteriyalariga ajraladi va oldingi oyoqlarni va ko’krak sohasini arterial qon bilan ta’minlaydi. Orqa aorta gavdaning qorin va dum bo’limlariga o’zidan bir qancha qon tomirlarni chiqaradi. Keyingi oyoqlar atrofida orqa aortadan ikkita yirik yonbosh arteriyalari ajraladi. Bu arteriyalar keyingi oyoqlarni arterial qon bilan ta’minlaydi. Orqa aortani o’zi dum arteriyasi bilan tugaydi. Gavdaning bosh tomonidan venoz qon yirik juft bo’yinturuq venalarga yig’iladi va oldingi oyoqlardan kelayotgan juft umrov osti venalariga qo’shilib, juft oldingi kovak venalarni hosil qiladi va o’ng yurak bo’lmasiga quyiladi.
Gavdaning keyingi qismidagi venoz qon yurakka ikki yo’l bilan quyiladi. Keyingi oyoqlardan venoz qon bir juft buyrak qopqa venalariga yig’iladi. Bulardan bittasiga toq dum venasi qo’shiladi. Buyrak qopqa venalari buyraklarga kirib kapillyar to’ri-buyrak qopqa tizimini hosil qiladi. Buyrak qopqa tizimidan juft buyrak venalariga yig’iladi va bular qo’shilib yirik toq keyingi kovak venani hosil qiladi. Keyingi kovak vena jigardan o’tib, o’ng yurak bo’lmasiga quyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |