Tashqi tuzilish
Akula tanasi uzunchoq bo’lib barcha baliqlar singari bosh, tana va dumga bo’linadi. Boshi tanadan ajralmagan holatda bo’lib, bosh bilan tana o’rtasida shartli ravishda oxirgi jabra yorig’ini, tana bilan dum o’rtasidagi chegara kloaka teshigi hisoblanadi.
Bosh qismi uzunchoq o’simta-rostrum bilan tugaydi, uning ostki tomonida ko’ndalang yoysimon og’iz joylashgan. Og’iz teshigining chekka qismidagi teri ostida oldingi vitseral yoyning qoldig’i bo’lgan lab tog’aylari mavjud. Og’izning ustki tomonida bir juft og’iz teshigi mavjud, miya qutisi tog’ayiga birikkan hid bilish organi joylashgan (18-rasm).
18-rasm. Akula tanasining yon tomonidan ko’rinishi:
1-og’iz teshigi; 2-jabra teshiklari; 3-sachratqich; 4-ko’krak suzgichi; 5-qorin suzgichi; 6-elka (orqa) suzgichi; 7-dum suzgichi; 8-rostrum (qazgich burun).
Boshning ikki yonida katta ko’zlari joylashgan. Uning orqa tomonida yumaloq halqumga olib boruvchi teshik-sachratqich (spiraculum) joylashgan bo’lib, bu qoldiq jabra yorig’i hisoblanadi. Boshning ikki yon tomonida beshtadan tirqishsimon orqaga ochiluvchi jabra teshiklari bo’ladi. Toq suzgichlari yelka va dum suzgichlari hisoblanadi. Yelkaning keyingi tomonida ikkita toq yelka suzgich qanoti bo’ladi, pastki tomonida qorin suzgich qanotining orqa tomonida esa toq orqa chiqaruv suzgich qanoti bor. Dum suzgich qanotining pallalari bir xilda emas, ichida o’q skeleti bo’lgan ustki pallasi katta, ostki pallasi kichkina bo’ladi. Bunday tipdagi dum suzgich qanot geterotserkal dum suzgich qanot deb ataladi. Tana oldingi qismining ikki yon tomonida gorizontal holatda joylashgan juft ko’krak suzgich qanoti o’rnashgan, tana orqa qismining qorin tomonida juft qorin suzgich qanoti joylashgan bu qanot ham gorizontal o’rnashgan. Erkak akulalarda qorin suzgich qanotining ichki qismi o’zgarib juft kopulotiv organlarga aylangan.
Juft suzgich qanotlari akulaning suv ustiga ko’tarilishi va suv ostiga tushishga, hamda baliq harakatini yo’naltirishga yordam beradi. Dum suzgichi akulani oldinga qarab harakatlanishiga yordam beradi.
Akulaning butun tanasi tashqi tomonda kichik, qattiq plakoid tangachalar bilan qoplangan bo’lib, uchi orqaga qayrilgan tishcha shaklida bo’ladi qo’l bilan oldinga qarab harakatlantirilsa yaxshi seziladi. Plakoid tangachalar jag’ga borib, haqiqiy tishlarga aylangan.
Akula tanasining yon tomonida va dumida yon chiziqlari mavjud. Ko’pchiligida u terida joylashgan va tashqi muhit bilan teshikchalar orqali bog’lanadigan kanaldan iborat bo’lib, bunda teri sezgi organlari joylashgan.
Yorish.
Akulaning ichki organlarini ko’rish uchun uni yorish zurur. Buning uchun akulani taxtachaga yotqizib, juft suzish qanotlari ipcha bilan bog’lanadi va qorin tomondagi kloakasidan bosh tomonga ko’krak suzgich qanotlarining asosigacha kesiladi. Keyin kesimdan ko’ndalang kesmalar qilinib, teri yon tomonga tortiladi va ignalar yordamida taxtachaga berkitiladi. Shundan so’ng ichki organlar sistemasi ko’rib chiqiladi.
Qorin va yurak oldi bo’shlig’i bilan yotgan akulaning yorilgan holatda ichki organlarini yaxshi ko’rish mumkin. Qorin bo’shlig’ida ichki organlari osilib turadigan tutqichlari mavjud. Katta ikki pallali jigar yirik oshqozonni qisman qoplab turadi, uning yaqinida qoramtir-qizil taloq joylashgan. Oshqozondan murakkablashgan ichak
bo’laklari chiqadi va kloaka bilan tugaydi. Kloaka oldida ichak o’simtasi rektal bezi mavjud. Qorin bo’shlig’ining tubida, umurtqa pog’onasining ikki yonida uzunchoq buyrak joylashgan. Qorin bo’shlig’ining yuqori tomonidan yurak oldi bo’shlig’i bilan chegaradosh yurak va uning oldida halqumga ochiluvchi ichki jabra yoriqlari mavjud.
19-rasm. Ichi yorilgan akula (erkagi):
1-burun teshigi; 2-qalqonsimon bez; 3-jabralari; 4-olib ketuvchi jabra arteriyalari; 5-arterial konus; 6-yurak oldi bo’lmachasi; 7-yurak qorinchasi; 8-venoz sinus; 9-jigar; 10-o’t pufagi; 11-jigarning darvoza venasi; 12-qorin aortasi; 13-yurak qorinchasi; 14-ichak tutqichi; 15-oshqozon osti bezi; 16-taloq; 17-oshqozonning pilorik qismi; 18-spiral klapanli yorilgan yo’g’on ichak; 19-to’g’ri ichak; 20-yorilgan kloaka; 21-buyrak; 22-urug’don; 23-urug’ yo’li; 24-urug’ pufakchasi; 25-to’g’ri ichak bezi; 26-siydik-tanosil so’rg’ichi; 27-qorin teshigi; 28-kopulyativ organ.
Do'stlaringiz bilan baham: |