Daryo transporti. Ichki suv yo’llari transporti kemalar qatnaydigan daryolar, kanallar va ichki suv havzalaridan farqlanadi va u ushbu obektlarning tabiiy xususiyatlariga ko’p darajada bog’liqdir. Masalan, Amazonka, Panama, Missisipi, Ob, Enesey, Yantszi, Kongo daryolari dunyoning eng qudratli temir yo’l magistrallariga nisbatan ham ancha katta o’tkazish qobiliyatiga ega. Lekin bu imkoniyatlardan foydalanish umumiy iqtisodiy rivojlanish darajasiga bog’liq. Shu sababdan dunyoda suv transporti yuk aylanmasi bo’yicha AQSh, Rossiya, GFR, Niderlandiya, Belgiya va Xitoy ajralib turadi.
Dunyo suv yo’llarining umumiy uzunligi 550 ming km bo’lib, unda asosiy o’rinni MDH (123 ming km), Xitoy (110), AQSh (41), Braziliya (31), keyingi o’rinlarni Venesuela, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Zoir, Frantsiya, GFR, Nigeriya, Finlandiya egallaydi. Daryo transportida yuk aylanmasi xajmiga ko’ra AQSh, Xitoy, Rossiya, Kanada, Niderlandiya, Frantsiya, Belgiya davlatlari oldingi o’rinlarni egallaydi.
Dunyoda xalqaro daryolar yoki xalqaro daryo havzalari (XDH) soni 2140 ta bo’lib, ular eng yirik daryolarning yarmini tashkil etadi. Masalan, Reyn, Amazonka, Zembezi havzalarida 7 mamlakat, Nil, Kongo, Niger havzalarida 9 mamlakat joylashgan. Dunyoning daryo havzalari maydoni 1 mln kv.km dan ortiq bo’lgan 13 ta eng yirik daryodan faqatgina 4 tasi Volga, Lena, Yantszi, Makkenzi bir mamlakat hududida joylashgan xolos.
Yevropada Reyn, Dunay, Oder, Elba eng yirik daryo arteriyalari hisoblanadi. AQShda asosiy daryo transporti yuklari Missisipi-Buyuk ko’llar tizimida tashiladi. Amerikaning Buyuk ko’llar tizimi va Avliyo Lavrentiy daryosining chuqur suv yo’lidan dengiz kemalari ham foydalanadi.
3. Havo transporti.
Havo transporti- eng tez, lekin yetarli darajada qimmatga tushadigan transport turi bo’lib, xalqaro yo’lovchilar tashishda muhim rol o’ynaydi. Muntazam aviyaliniyalar tarmog’i 8 mln km bo’lib, u yer sharining hamma qismini qamrab olgan, yiliga 1,2 mlrd yo’lovchini tashiydi.
Dunyoning eng yirik havo transporti AQShda bo’lib, uning hissasiga xorijda tashiladigan (MDH dan tashqari) yo’lovchilarning yarmi to’g’ri keladi. «Birinchi o’nlikka» yana Rossiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Frantsiya, GFR, Avstraliya, Niderlandiya, Ispaniya kiradi.
Dunyodagi eng yirik 34 ta aeroportning yarmiga yaqini AQSh da, 8 tasi Yevropada, qolganlari Yaponiya, Kanada, Singapur, Gonkongda joylashgan. Bunda ba’zi eng yirik shaharlarda, masalan, Moskvada 5, Nyu-Yorkda 3, Parij, London, Tokioda 2 tadan aeroport bor. Demak, London har yili 60 mln, Parij 45 mln, yo’lovchi qabul qiladi. Yevropa va Shimoliy Amerika o’rtasida har yili 30-35 mln, yo’lovchi tashiladi.
Havo transportida eski porshenli samolyotlarni almashtirish (o’tgan asrning 50 yillarning oxiri va 60- yillarning boshida) fuqarolik avialiniyasida yangi davrni boshlab berdi. Bular «TU-104» (1956), «Boing-707» (1957), «Karavella» (1959). Shundan buyon fuqarolik aviatsiyasining rivojlanishi ikkita asosiy yo’nalish-tezlikni oshirish va yo’lovchi (yuk) joylarni ko’paytirish yo’lidan bormoqda. Zamonaviy fuqaro samolyotlari o’rtacha kreyser tez uchadigan samolyotlarning birinchi modellari yaratildi: «TU-144», (SSSR), «Kankord» (Buyuk Britaniya va Frantsiya), «Djumbo-djet» (AQSh). Masalan, «TU-144» samolyotining tezligi 2500 km soat, uchish uzoqligi 6400 km, uchish balandligi 20 km, yo’lovchilar soni 121 kishi. Lekin bu samolyotlarni qisqa muddatlarda ekspluatatsiya qilishning o’ziyoq ularning rentabelligi pastligini ko’rsatdi va bu modellar ishlab chiqarishdan olib tashlandi. Keyingi yillarda birinchi keng flyuzelyajli 300-400 yo’lovchi va 15-20 t. yuk tashiydigan samolyotlar- «Boing-177» (AQSh), «Aerobus» (Frantsiya-GFR-Buyuk Britaniya), Il-86 (Rossiya) ishlab chiqarildi. Shuningdek, rekord yuk ko’taradigan samolyotlar-An-124 «Ruslan» (150 t) va An-125 «Mariya» («Orzu» 250 t) Rossiya va Ukraina, 440 yo’lovchini orta oladigan «Boing-777» (AQSh) samolyotlari ishlab chiqarilmoqda. 600-800 yo’lovchi tashiydigan yangi aerobuslarni ishlab chiqarishga Yevropada («Eyrbos indastri» konsortsiumi, Frantsiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya birgalikda) va AQSh da («Boing») tayyorgarlik ko’rilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |