akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida – yiliga 800 soat.
Dars jadvallari ham kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan va pedagog xodimlar bilan ta’minlanish darajasi hisobga olingan hamda sanitariya-gigiena normalariga rioya qilingan va o‘qituvchining vaqti eng ko‘p tejalishi nazarda tutilgan holda tuziladi va tasdiqlanadi. Bunda pedagog xodimlarga uslubiy ishlar olib borishlari va o‘z malakalarini oshirishlari uchun haftada bir bo‘sh kuni nazarda tutilishi lozim. Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ish kuni muddati smenalilik grafigi bilan belgilanadi. Bunday grafik hafta yoki boshqa o‘quv davri uchun belgilangan ish vaqti muddatiga rioya qilingan holda tuziladi va maktab ma’muriyati tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Dam olish, ovqatlanish tartibi va joyini maktab ma’muriyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilaydi. Smenalilik grafigi xodimlarga tilxat olib tanishtirilishi va odatda, amalga kiritilgan joyda osib qo‘yilishi kerak. Xodimlarning ayrim toifalari (tungi enagalar, o‘t yoquvchilar) uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ish vaqti jamlab hisobga olib belgilanishi mumkin. Xodimlarning bunday toifasi uchun tuzilgan ish grafigida haftasiga 40 soatdan kam bo‘lmagan muddat bilan uzluksiz dam olish ko‘zda tutiladi. Bayram va dam olish kunlarida ishlash taqiqlangan. Dam olish va bayram kunlarida o‘qituvchilar, tarbiyachilar va maktablarning boshqa ba’zi xodimlarini navbatchilik qilish va ba’zi turdagi ishlarga jalb qilishga qonunlarda ko‘zda tutilgan alohida hollardagina tabiiy ofatning oldini olish va uni tugatish, zarur bo‘lgan, ilgaridan ko‘zda tutilmagan ishlarni tezda bajarish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligi bilan ma’muriyatning yozma ravishdagi buyrug‘i asosida yo‘l qo‘yiladi. Dam olish va bayram kunlarida navbatchilik qilganlik yoki ishlaganlik dam olish kuni uchun amaldagi qonunlarga muvofiq beriladi. Maktab-internatlar, bolalar uylari, maxsus maktablarning xodimlari, ish vaqtini jamlab hisobga olish tartibi joriy qilingan xodimlar dam olish va bayram kunlarida ishga jalb qilinadilar. Bu ish vaqti, odatda, oylik ish vaqti normasiga qo‘shiladi. Ularga beriladigan dam olish kunlari grafikda ko‘zda tutiladi. Bayram kunlari bajarilgan ishga oylik maoshidan tashqari bir hissa soatlik yoki kunlik norma miqdorida haq to‘lanadi. Xodimning hoxishi bilan unga boshqa dam olish kuni berilishi ham mumkin. Ma’muriyat pedagog xodimlarni maktabda navbatchilik qilishga jalb etadi. Navbatchilik mashg‘ulotlar boshlanishidan kamida 20 daqiqa ilgari boshlanishi va mashg‘ulotlar tugagandan keyin ko‘pi bilan 20 daqiqa o‘tguniga qadar davom etishi lozim. Navbatchilik grafigi maktab direktori tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tuziladi. Kuzgi, qishki va bahorgi shuningdek yozgi ta’tillar vaqti, agar navbatdagi ta’tilga to‘g‘ri kelmasa, ish vaqti hisoblanadi. Bu davrda pedagog xodimlar ma’muriyat tomonidan o‘z dars soatlaridan ortiq bo‘lmagan vaqt doirasida ta’til boshlanguniga qadar tashkiliy ishlarga jalb qilinadilar.