Ijtimoiy media tarmoqlari va ta’lim oluvchilar. Bugungi kunda aksariyat pedagoglar va ta’lim oluvchilar ijtimoiy tarmoqlar va media tarmoqlar foydalanuvchilari hisoblanadi. Ijtimoiy medianing ijtimoiy madaniyatdagi o‘rni va rolini mazkur bobda to‘liq yoritish imkoniyati mavjud emas. Lekin ta’lim jarayonida yoki pedagogik faoliyatda ta’lim maqsadlariga erishish uchun ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash yoki ularning imkoniyatlarini jarayonga joriy etish maqsadga muvofiq emas. Ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlarini hisobga olib, ularni ta’lim jarayoniga qo‘llash uchun ma’lum qoidalarga rioya etish zarur.
Hamkorlikdagi faoliyatda ijtimoiy medialardan foydalanish.
Ijtimoiy media tarmoqlar evolyutsiyasiga nazar soladigan bo‘lsak, mazkur tarmoqlarni ta’lim jarayonida qo‘llash uchun ularning interaktivligini oshirish va o‘zaro hamkorlikda ishlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun juda katta ishlar olib borilgan.
Shunga qarmasdan, ijtimoiy medianing bir qismi hisoblanuvchi viki, blog va boshqa shu kabi media tarmoqlardan foydalanish har doim ham ta’lim maqsadiga erishish va hamkorlikda ishlash imkoniyatlarini bermaydi. Mening kuzatishlarim natijasida, shunday xulosaga keldimki, ijtimoiy medialar ta’lim jarayoniga qo‘llanilganda bu texnologiya tasavvur qilganimizdek imkoniyatlari keng emas. Masalan, pedagoglar ta’lim oluvchilar bilan muloqot qilish va belgilangan muddatda xabar topishlari uchun Facebookdan foydalanishlari mumkin. Lekin bu holatda Facebook axborot yetkazish uchun transport vazifasini bajardi xolos, xuddi shu amalni elektron pochta orqali ham amalga oshirish mumkin edi.
Ijtimoiy mediani bir tomonlama axborot taqdim etish vositasi sifatida foydalanish juda ham qulay va samaarali bo‘lishi mumkin. Masalan, ta’lim oluvchilarning mustaqil o‘qishi va o‘z-o‘zini baholash imkoniyatini beruvchi portfelini yaratish uchun blog yaratadigan dasturlardan foydalaniladi. Ijtimoiy media tarmoqlaridan ta’lim berishda foydalanishni boshlashdan oldin, tanqidiy savol berishimiz zarur. Ta’lim jarayonida ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan qanday foydalanamiz? Bu qaysi ko‘rinishda bo‘ladi? Tarmoq faqat axborot tarqatish uchunmi yoki o‘zaro fikr almashish va hamkorlikda ishlash uchunmi?
Yosh foydalanuvchilarnig ta’lim jarayonida ijtimoiy mediadan foydalanishi haqida. Yosh ta’lim oluvchilarning ijtimoiy medidan foydalanish borasida tajribaga ega bo‘lishlariga qaramasdan, ta’lim olish jarayonida o‘quv maqsadiga erishish va hamkorlikda ishlash uchun ijtimoiy mediadan qanday foydalanish kerakligini bilishmaydi. Aksariyat holatlarda, foydalanuvchilarning 90 % i yoshi kichik foydalanuvchilar hisoblanadi, lekin ular ijtimoiy tarmoq xizmatlarining bir yoki ikkita imkoniyatlaridan foydalana oladilar xolos. Foydalanuvchilar odatda internet sarhadlaridagi ommaviy axborot vositalari va har xil yangiliklarni dam olish uchun o‘qiydilar. Savol tug‘iladi? Ta’lim oluvchilar internetdagi ma’lumotlardan to‘g‘ri foydalanish madaniyatiga egami? Guruhda ishlash tajribasiga egami? Internet sarhadlaridagi axborotlardan to‘g‘ri foydalana oladilarmi? Demak pedagoglarimiz ta’lim oluvchilarga tarmoqda hamkorlikda ishlash, axborot almashish va mualliflik huquqlari haqida to‘liq tushuncha berishlari zarur.
Ijtimoiy medialardan ta’lim jarayonida foydalanish.
M azkur bo‘lim Ijtimoiy medialardan ta’lim jarayonida foydalanish muaamolariga bag‘ishlangan. Mazkur bo‘limning maqsadi Sizni ijtimoiy mediadan ta’lim jarayonida foydalanishdan qaytarish emas, balki ijtimoiy
mediani tadbiq etishdagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va xavflar bilan tanishtirish. Ijtimoiy media hamkorlikda ishlash va faoliyat olib borish uchun juda keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Ijtimoiy media ma’lum ma’noda vaqt, foydalanuvchilar auditoriyasi kabi tushunchalar chegarasini o‘zgartiradi. Masalan ta’lim oluvchi va pedagoglar ixtiyoriy vaqtda, ixtiyoriy joyda hamkorlikda ishlashlari va ma’ulmot almashishlari mumkin. Shu bilan birga ijtimoiy media guruh bilan yechiladigan masalalarni hal etish, teskari aloqani o‘rnatish, erishilgan natijalarni internetga chop etish va boshqalar bilan baham ko‘rish imkoniyatlarini beradi. Ijtimoiy medianing eng asosiy va qulay vazifalaridan biri ta’lim oluvchilarning fanni o‘zlashtirishdagi yutuqlari yoki jarayonni kuzatish imkoniyatidir.
Ijtimoiy media tarmoqlardan foydalanish etikasi va xavflar. Ijtimoiy media hamkorlikda ishlash va faoliyat olib borish uchun juda keng imkoniyatlarni taqdim etish bilan birga ma’lum ma’noda foydalanuvchilar uchun turli xil xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan, Twitter tarmog‘idagi ma’lum bir qoldirilgan xabar yoki video qator uchun ta’lim oluvchi o‘zining fikrini bayon etdi deylik, mazkur xizmat imkoniyatlari shu xabar yozilgan xeshtegni uzoq yillar davomida saqlaydi va qidirish imkoniyatlari ishga tushirilganda shu ma’lumotni va kim tomonidan nashr etilganini ko‘rsatadi. Bu o‘z navbatida ta’lim oluvchining keyingi hayotiga ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Misol uchun, pedagog tomonidan “dars jarayonida terrorizm haqidagi fikringiz” degan ijodiy topshiriq berildi. Ta’lim oluvchilar o‘z fikrlarini Twitterda bayon qildilar. Xo‘sh, mazkur servis ochiq servis turlaridan biri hisoblanadi va unda qoldirilgan tvitlar bir necha yillardan so‘ng ham o‘qilishi yoki ko‘rilishi mumkin. Bu esa tingllovchi yoki ta’lim oluvchining keyingi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu bilan birga ijtimoiy media tarmoqlari hamkorlikda ishlash xizmatlarini ham taklif etadi. Buni qanday xavfli tomoni bor dersiz ehtimol? Hamkorlikdagi faoliyatda amalga oshirilgan ishlarni bemalol ko‘chirish, tarqatish imkoniyatlari keng joriy etilgan. O‘z navbatida hamkorlikda faoliyat olib borgan ta’lim oluvchi yoki talaba nima bilan shug‘ullangani yoki uning shaxsiy ma’lumotlarini ham qayd etib boradi. Bu esa uning keyingi faoliyati va hayotida yomon tomondan aks etishi mumkin. Shuning uchun ijtimoiy mediadan ta’lim jarayonida foydalanishda, asosan ta’lim mazmunini yorituvchi ma’lumotlar ustida ishlash maqsadga muvofiq. Shaxsiy ma’lumotlarni uzatish yoki ularni joylashtirish qat’iyan ma’n etiladi. Tavsiya etilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |