Tasviriy san’at o’qitishda didaktik prinsiplar Umumiy o’rta ta’lim maktablarida tasviriy san’at darslarini didaktik printsiplarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Faqat amaliyot bilan nazariyani uzviy bog’lagan holdagina dars va darsdan tashqari ishlarda ta’lim va tarbiyaning samarali bo’lishiga erishish mumkin. Didaktik printsiplar va ularning asosiy masalalari Yevropaning buyuk pedagog-olimlari Ya.A.Komenskiy, J.J.Russo, I.G.Pestalotstsilar tomonidan ishlab chiqilgan. SHuningdek, didaktik printsiplarni ishlab chiqishda F.A.Disterveg va K.D.Ushinskiylar ham katta hissa qo’shganlar. Ular tomonidan ilgari surilgan g’oya hozirgi zamon didaktikasining asosini tashkil etadi.
Didaktik printsiplar hisoblangan ta’lim va tarbiyaning birligi, ko’rgazmalilik, ilmiylik, onglilik va faollik, muntazamlik va ketma-ketlilik, ta’lim mazmunini bolalarning kuchi va yoshiga mos bo’lishi maktabda tasviriy san’atni o’qitishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Maktabda tasviriy san’atni o’qitishda didaktik printsiplar professorlar N.N.Rostovtsev, V.S.Kuzin, R.Hasanovlar tomonidan ishlab chiqilgan.
Ta’lim va tarbiya birligi printsipi didaktik printsiplarning eng asosiylaridan hisoblanadi va bu tasviriy san’atni o’qitish jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, bugungi kunda ta’lim-tarbiyaning asosiy qismlaridan biri o’quvchilarni milliy istiqlol mafkurasi ruhida tarbiyalash hisoblanadi.
O’.Tansiqboevning “Jonajon o’lka”, X.Rahmonovning “May tongi”, N.Karaxanning “Oltin kuz”, Z.Inog’omovning “CHoyga”, Yu.Elizarovning “Natyurmot” kabi asarlarida O’zbekiston ko’rk-jamoli yorqin aks ettirilgan. O’quvchilarni bunday asarlar bilan tanishtirishda bolalarda ona-Vatanimizga bo’lgan ilk muhabbat paydo bo’ladi, shu zaylda ularda ona-Vatanga, o’lkaga nisbatan mehr-muhabbat tuyg’ulari yanada kuchayadi.
Tasviriy san’at darslarida millatlararo totuvlik va baynalminal tarbiyani amalga oshirish imkoniyatlari ham katta va u turli mavzularda kompozitsiya ishlash, boshqa millat va xalqlar hayotini ifodalovchi suratlarning reproduktsiyalarini, xalq ertaklariga ishlangan illyustratsiyalarni namoyish etish orqali amalga oshiriladi.
“Mehmonlarimiz”, “CHet el delegatsiyasini kutib olish”, “Turistlar” mavzularida rasm chizdirish yuzasidan o’tkaziladigan suhbatlarda o’quvchilar ongiga millatlararo totuvlik, do’stlik tushunchalarini singdirishga harakat qilinadi. Asar mazmunini ochishga yordamlashuvchi suhbatlar, turli millat va xalqlarning qiyofalarini tasavvur etish, bolalar ijodining takomillashuviga, tasavvurlarining boyishiga olib keladi.
Turli millat yozuvchilarining asarlari va xalqlarining og’zaki ijodiga xos illyustratsiyalar o’quvchilarga boshqa millatlarning hayoti, orzusi, g’oyalari bilan tanishish, sevish va tushunish imkonini beradi.
Tasviriy san’at darslarida millatlararo do’stlik, totuvlik Respublikamiz va chet el rassomlari tomonidan yaratilgan asarlar orqali ham amalga oshirildi. Respublikamiz rassomlari tomonidan yaratilgan asarlar orasida o’zbek xalqining hayoti va mehnati, uning boshqa xalqlar va millatlar bilan totuvligi, ba’zi chet xalqlarining hayoti va mehnati aks ettirilgan suratlarni ko’rish mumkin.
P.P.Benьkov (“Dugonalar”), A.Abdullaev (“SHomahmudovlar oilasi”), L.Abdullaev (“Demobilizatsiya qilinganlarni kutib olish”), Q.Husniddinxo’jaev (“Navoiy va Jomiy”), A.TSiglintsev (“Mening uyim, sizning ham uyingiz”), O’.Tansiqboev (“Issiqko’l oqshomi”) va boshqalarning bir qator asarlari millatlararo totuvlik, do’stlik g’oyalarini aks ettirganligi bilan ajralib turadi. SHuningdek, tasviriy san’at dasturiga bir qator SHarq va G’arb mamlakatlari rassomlarining ijodini o’rganish ham kiritilgan. Leonardo da Vinchi, Rafaelь, Mikelanjelo, Rembrant, Rubens, Kent, Pikisso, Matiss va boshqa chet el rassomlarining asarlari do’stlik va hamkorlik g’oyalarini amalga oshirishda boy material bo’lib xizmat qiladi. SHuningdek, dasturda Misr, Hindiston, Xitoy, Eron, Yaponiya kabi mamlakatlarning me’morchiligini o’rgatish ham nazarda tutilgan. O’qituvchi bunday san’at asarlarini tahlil qilar ekan, ularning o’ziga xos hamda umumiy belgilarini ta’kidlab o’tishi maqsadga muvofiq.
O’quvchilar tasviriy san’at asarlarini o’rganish orqali chet el mamlakatlari xalqlarining mehati va mehnatdagi jasoratlari, an’analari, odatlari, turmush tarzi hamda tabiati bilan oshno bo’ladilar.
Jamiyat qurilishining muaffaqiyati har bir kishining mehnat qilish darajasiga bog’liq. SHuning uchun kishilarning jamiyat uchun nafi bo’lgan mehnatga nisbatan hatti-harakati asosiy ko’rsatkich sanaladi. Bu sifat mehnat tarbiyasi jarayonida vujudga keladi.
Tasviriy san’at darslarini o’quvchilar mehnat tarbiyasini amalga oshirishdagi imkoniyatlari katta. Bu masala tasviriy san’at darslarining barcha turlari - naturaga qarab tasvirlash, kompozitsiya, san’atshunoslik asoslari mashg’ulotlari mazmunida ko’zda tutilgan.
Naturani o’ziga qarab tasvirlash jarayonida o’quvchilar turmushda qo’llaniladigan turli buyumlar, sabzavot va mevalar tasvirini ishlaydilar. O’qituvchi dars jarayonida o’quvchilar mustaqil ish boshlamaslaridan oldin naturani qisqacha tahlil qilib, faqat buyumlar shakli, proportsiyasi, rangi va tuzilishi haqidagina emas, balki ularni yaratish uchun sarflangan katta mehnat haqida ham gapirib beradi.
Masalan, turmushga qo’llaniladigan ayrim san’at buyumlarining o’ziga qarab rasmini chizdirishda o’qituvchi o’quvchilarga buyumlarning vazifasi, shakli, ularning qanday materiallardan yasalgani, buning uchun qancha mehnat sarflangani va hokazolar haqida to’xtaladi. SHuningdek, o’zbek xalq amaliy san’ati haqidagi suhbat darslarida o’qituvchi ularning turlari va ustalarning mehnat shijoatining o’ziga xos jihatlari haqida gapiradi.
“Paxta terimi”, “Fermada”, “Hosilni yig’ib-terib olish”, “Maktab yer uchastkasida”, “Qurilishda” kabi ishlar o’quvchilarni kattalar mehnati bilan tanishtiradi. Ishlab chiqarish korxonalariga qilingan sayohat bu masalada muhim ahamiyat kasb etadi. Sayohatda bolalar kishilarning qanday mehnat qilayotganlarini kuzatadilar, mehnat sharoitlari va uni tashkil etish yo’llari bilan tanishadilar, kattalar mehnatining natijalarini ko’radilar. Sayohat chog’ida ular kattalar mehnatining ahloqiy tomonini, ularning mehnatga bo’lgan munosabatini, mehnatning jamoaviy harakterini o’rganadilar. Bolalarni sayohat jarayonida olgan taassurotlari ularning rasmlarida aks etadi, natijada o’quvchilarning mehnat haqidagi tasavvurlari yanada kengayadi.
Tasviriy san’at dasturida xalqimizning fidokarona mehnati va uning go’zalligni aks ettiruvchi asarlarini o’rganish ham ko’zda tutilgan. O’.Tansiqboevning “Paxtani sug’orish”, “CHorovoq qurilishida”, Z.Inog’omovning “CHoyga” va boshqa asarlari shular jumlasiga kiradi.
Bolalar o’zbek rassomlari asarlarining qahramonlari bo’lmish artist A.Hidoyatov, xalq hofizi Mulla To’ycha Toshmuxammedov, amaliy san’at ustasi U.Jo’raqulov va boshqa o’z baxtini mehnatdan topgan kishilar bilan suvratlar orqali uchrashar ekanlar, ular, mehnat jamiyat hayotining, har bir shaxsining asosiy qonuni ekanligiga ishonch hosil qiladilar. Bunday darslarda o’quvchilarni turli kasblarga yo’llash imkoniyatlari ham paydo bo’ladi.
Natijada, o’quvchilar mehnat inson baxt-saodatining ma’naviy va axloqiy manbai, har qanday inson mehnat qilmog’i va mehnatni sevmog’i lozim, degan xulosaga keladilar. SHuningdek, bolalar odamlar faqat o’zi uchun emas, jamiyat uchun mehnat qilishlari kerak, mehnat kishilariga va ular yaratgan buyumlarga nisbatan hurmat bilan qarash lozimligi haqida tasavvurga ega bo’ladilar.
Maktabda tasviriy san’at estetik turkumdagi o’quv predmeti xisoblanib, o’quvchilarda badiiy va estetik didning rivojlanishida muhim rolь o’ynaydi, ya’ni tasviriy san’at darslarida san’atdagi va borliqdagi go’zallikni ko’rish, tushunish va qadrlay olish hissi takomillashadi.
Naturani tahlil qilish jarayonida o’qituvchi o’quvchilarning diqqatini buyumlar shaklining nafisligi, qismlarning proportsionalligi, shakl va rang uyg’unligi, mazmun, shakl va vazifaning mosligi kabilarga jalb etadi. Natijada, o’quvchilarda naturaga nisbatan emotsional - estetik munosabatlar oshadi.
O’quvchilar naqsh chizishda, dekorativ - bezak ishlarida tabiat elementlaridan foydalanadilar. Bunga tabiat mahsulotlari yaxshi material bo’lib xizmat qiladi. O’quvchilar tabiat materiallari va hayvonot dunyosini stilizatsiyalashtirib, takrorlanmas va chiroyli naqshlar tuzadilar.
Borliqni idrok etish va kompozitsiya darslarida tabiatni kuzatish va uni rasmlarda aks ettirish bolalar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. O’quvchilar dars jarayonida tabiatni kuzatar ekanlar, ular daraxtlarning tuzilishini, shoh-shabalarning shakl va yo’nalishini turli-tumanligi, barglarning rangi va shakli, nafisligi va yoqimliligini bilib oladilar. SHuningdek, gullarning rangi va shakli, xilma-xilligi, bahor va kuz manzarasining go’zalligi, ninachi, kapalak, qushlarning yengil va nafis parvozi ham o’quvchilarni hayajonlantiradi.
Yuqori badiiy saviyada yaratilgan tasvriy san’at asarlarini o’rganishda o’quvchilar ulardan estetik zavq olishadi. Suvrat kompozitsiyasining muvaffaqiyatli yechilishi, ranglarning hamohangligi, borliqning haqqoniy tasviri bolalarni hayajonlantiradi. Bu faqat estetik tarbiyaga taalluqligina bo’lmay, balki, bolalarning tasviriy ijodiga, ularning san’atga bo’lgan qiziqishlarini tarbiyalashga bevosita aloqadordir. Bu borada manzara va natyurmort janrlarining roli kattadir.
San’at asarlari haqidagi suhbatlarda o’qituvchi, rassom ko’rganini shunchaki aks ettiribgina qolmay, balki u borliqdagi eng qiziq, eng chiroyli narsa va hodisalardan ta’sirlanib chizganligi, lozim bo’lgan taqdirda, u ko’rgan - kechirganlari va eshitganlarini mubolag’a bilan tasvirlashini hikoya qilib beradi.
Naturaga qarab tasvirlash jarayonida bolalar buyumlarning shakli, rangi, tuzilishini tahlil qiladilar. Masalan, choynakli natyurmotni tahlil qilganda, bolalar e’tibori choynakni turmush uchun zarur bo’lgan buyumlardan biri ekanligiga, uninng shakli mazmuniga mosligi, uning qanday vazifaga mo’ljallanganligi, maqsadga muvofiqligi, ishlatishga qulayligi va hakozalarga qaratiladi. Dekorativ bezak darslari o’quvchilarning badiiy didini, ijodiy qobiliyatini o’stirish imkoniyatlariga ega. Darslarda o’quvchilar simmetriya, ritm, ranglarning mutanosibligi, kompozitsiyaning qonun va qoidalari bilan tanishadilar.
O’quvchilarning ijodiy qobiliyatlari naqsh chizish, kitob muqovasi uchun eskiz ishlash, otkritka, choynak va dazmol uchun taglik eskizini ishlash jarayonida o’stirib boriladi. O’quvchilarning estetik tarbiyasida N.Karaxanning “Oltin kuz”, Yu.Elizarovning “Tarvuzli natyurmort”, O’.Tansiqboevning “Tog’larda kuz”, “O’zbekistonda mart”, L.Salimjonovaning “Natyurmort” nomli asarlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Ilmiylik printsipi didaktik printsiplarning eng asosiylaridan biri bo’lib, u fan asoslarini chuqur o’zlashtirmasdan o’quvchilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish mumkin emasligini bildiradi. Boshqa o’quv predmetlaridagi kabi bu printsip tasviriy san’at darslarida ham amalga oshiriladi.
Tasviriy san’at atrof-muhitni his etish, undagi voqea va hodisalarni o’ziga xos jihatlarini bilishni talab etadi. SHu boisdan tasviriy san’at darslarida o’quvchilar chiziqli va havo perspektivasi, yorug’soya, rangshunoslik, kompozitsiya qonunlarini yaxshi bilishlari talab etiladi. SHuningdek, odam va hayvonlarning plastik anatomiyasi haqida yetarlicha ma’lumotlarga ham ega bo’lishlari lozim. Tasviriy san’at dasturida o’quvchilarning bu qonunlarni o’zlashtirishlari ko’zda tutiladi. Perspektiva qonunlarini o’zlashtirmasdan realistik tasvir yaratish mumkin emas, desak mubolag’a bo’lmaydi. Rassom yoki o’quvchining rasm chizish uslubi har xil bo’lishi mumkin, lekin rasm yoki san’at asarlarining qurilishi bir xil, ilmiy asosda bo’lishi shart. Perspektiva qonunlari hisoblangan chiziqli va havo perspektivasi, ufq chizig’i, kesishish nuqtasi, kuzatish nuqtasi, buyumni bir yoki ikki kuzatish nuqtasi asosida rasmini ishlash, o’lchovlarni o’zgarish perspektivasi, och-to’qlikni o’zgarish perspektivasi, ranglarni o’zgarish perspektivasi, shakl va chegaralardagi aniqlikni kamayishi perspektivasi v.b. realistik rasm ishlashga o’rgatishning asosini tashkil etadi.
Ilmiylik printsipi tasviriy san’at o’qituvchilaridan dars jarayonida va sinfdan tashqari ishlarda o’quvchilarga berilayotgan barcha material va ma’lumotlar ilmiy bo’lishligini, maktab amaliyotida tekshirilgan hamda o’quvchilarning yosh xususiyatlariga mos bo’lishligini talab etadi.
Tasviriy san’atni o’qitishda san’atning inson hayotidagi rolini tushuna bilish juda muhimdir. Jumladan, san’at ijtimoiy ongning alohida shakli ekanligini nazarda tutish kerak. Tasviriy san’at o’qituvchisi shuni tushunishi kerakki, o’quvchilar borliqdagi narsalarni chizish jarayonida ularning faqat tashqi ko’rinishinigina emas, balki uning ma’lum qonuniyatlariga asoslangan ichki tuzilishni ham bilib olishlari talab etiladi. Ko’p hollarda bu qonuniyatlarni bilmaydigan o’quvchilar buyumlarning shaklini to’g’ri tasvirlashda yanglishadilar.
Ko’rgazmalilik printsipi tasviriy san’atni o’qitishda borliqdagi narsa va hodisalarning mohiyatini bilishga, uning xarakterli xususiyatlari va qonuniyatlarini o’rganishga ko’maklashadi.
Naturani o’rganish chog’ida (sinfda va plenerda) o’quvchilarning kuzatuvchanlik va mantiqiy fikrlash qobiliyatlari rivojlanadi.
O’qituvchida har doim ham o’rganilayotgan ob’ektni ko’rsatish imkoni bo’lavermaydi, bunday hollarda unga ko’rgazmalilik yordam beradi. Bu esa o’quvchilarda mazkur sohaga bo’lgan qiziqishni jonlantiradi.
O’quvchi naturadan rasm chizish jarayonida doim izlanadi, shakllarni solishtiradi, naturaning tuzilishi, o’lchovlari, shakllari, rangi kabilarni bilib oladi. SHubhasiz, bularning hammasi o’quvchilarda kuzatuvchanlikni rivojlanishiga olib keladi.
Ma’lumki, bolalarda fikrlash konkretlikdan abstraktlikka borish jarayonida rivojlanadi. Tushuncha va obstrakt qoidalar ma’lum dalil, misol va obrazlar bilan mustahkamlangandagina o’quvchilar ongiga oson yetib boradi.
Ko’rgazmalilik tasviriy san’at darslarida boshqa o’quv predmetlaridagidek yordamchi emas, balki o’quvchilarda tushuncha va tasavvurlar hosil qiluvchi asosiy materialdir.
Naturaning o’ziga qarab rasm chizish darslarida uni naturasiz tasavvur etib bo’lmaydi, bu o’rinda tasviriy san’at darslarida ko’rgazmalilik printsipining roli juda katta.
Darslar uchun ko’rgazmali qurollar tayyorlash va tanlashda ularga quyidagicha talablar qo’yiladi:
1. Darsning maqsad va vazifalariga mosligi.
2. O’quvchilarning yosh xususiyatlariga mosligi.
3. Ko’rgazmaning aniqligi, tushunarli bo’lishi.
4. Tasvirning sifatli bo’lishi.
5. Ko’rgazmalar o’zining rang-barangligi bilan o’quvchilarda zavq va qiziqish uyg’otishi.
6. Estetik talablarga mosligi.
Rasmlar, asarlarining reproduktsiyalari, badiiy asarlarga ishlangan illyustratsiyalarni tanlashda quyidagilar e’tiborga olinishi kerak:
1. Materiallarning g’oyaviyligi.
2. Badiiyligi.
3. Tasviriy san’at darslarining o’quv-tarbiya vazifalariga mosligi.
4. Bolalar idrokiga mosligi.
Ko’rgazmalilikdan o’rinli, maqsadga muvofiq ravishda o’quvchilarning yosh xususiyatlarini e’tiborga olgan holda foydalanilsa, u yaxshi natijalar berishi mumkin.
Ko’rgazmalilikning ikki turi mavjud:
1. Tabiiy ko’rgazmali qurollar. 2. Tasviriy ko’rgazmali qurollar.
Tabiiy ko’rgazmali qurollarga shakli, rangi, tuzilishi tabiiy bo’lgan buyumlar (meva va sabzavotlar, turmush buyumlari, o’quv qurollari, amaliy san’at buyumlari va h.k.)ni kiritish mumkin.
Tasviriy ko’rgazmali qurollarga rasmlar, tablitsalar, hayvon va qushlarning tulumlari, suratlarning reproduktsiyalari, geometrik gipsli shakllar, pedagogik rasmlar, fotografiya va boshqa sun’iy usul bilan tayyorlangan tasviriy vositalar kiradi. Sanab o’tilgan ko’rgazmali qurollar quyidagicha guruhlanadi:
1. Mehnat va turmush buyumlari. Bu guruhga geometrik shakllar, sabzovotlar, mevalar, qushlar, hayvonlar, gullar va o’simliklar, amaliy san’at buyumlari.
2. Buyumlarning tuzilishi, perspektiva qonunlari, yorug’-soya, rangshunoslik, dekorativ stilizatsiyaga doir, geometrik shakldagi simdan yasalgan modellar, vidoiskatelь va boshqa ko’rgazmalar.
3. Rasmlar va tablitsalar. Unda rasm va naqsh chizishdagi ketma-ketlilik, atrof-muhitning perspektiv ko’rinishlari, amaliy san’at asarlarining tasvirlari.
4. Rassomlar asarlarining reproduktsiyalari, amaliy san’at asarlarining tasvirlari. Bunday ko’rgazmali qurollar yordamida yorug’-soya va rangshunoslik, kompozitsiya qonunlari tushunitiriladi.
5. Bolalarga naturani chizishda ketma-ketlilikni, har xil eksponatlar bilan ishlash uslubini, buyumlarning qurilishini, tasvirlanayotgan predmetlar va ob’ektlarning fazoviy holatini ko’rsatuvchi pedagogik rasmlar va boshqalar.
6. Namoyish qilinadigan ko’rgazmali qurolar (diapozitivlar, diafilьmlar, slaydalar, kinofilmlar). Bular orqali o’quvchilar turli rassomlar, xalq amaliy san’ati ustalari bilan, tasviriy san’at asarlarini yaratish texnikasi va texnologiyasi bilan tanishadilar.
Ayrim o’qituvchilar ko’rgazmalilikning rolini noto’g’ri baholab, bu masalada qo’pol xatoga yo’l qo’yadilar. Ular ko’p hollarda ko’rgazmali qurolning mavjud emasligidan yoki ularning rolini noto’g’ri tushunganliklaridan o’quvchilarga turmushda uchraydigan buyumlar, o’simliklarning rasmini xotiradan tasvirlashni vazifa qilib beradilar. Xotiradan rasm chizishni suiste’mol qilish, atrof-muhitdagi buyumlarning shakli, tuzilishi, rangi, yorug’soyasini noto’g’ri idrok qilishga olib keladi.
har qanday turdagi narsaning o’ziga qarab rasmini chizish, kompozitsiya, san’atshunoslik asoslari darslarida va sinfdan tashqari ishlarda ko’rgazmalilik o’ziga xos xususiyatlarga ega.
Ilyustrativ rasm ishlash darslarida badiiy asar mazmuni bilan bog’liq o’sha davr kishilarining hayoti va mehnati, tabiat va me’morchilik ko’rinishlari, shuningdek mavzu bilan bog’liq tabiat ob’ektlarini kuzatishga aloqador bo’lgan ko’rgazmali qurollar namoyish etiladi.
Dekorativ kompozitsiya darslarida ko’rgazmalilikdan turli yo’nalishlarda foydalaniladi. Masalan, “Navro’z” bayrami uchun taklifnoma bezak eskizini ishlash darsida shu mavzulardagi otkritkalar ko’rgazma vazifasini o’taydi. SHuningdek, choynak va dozmol tagliklarining badiiy eskizini tuzish darslari uchun choynak, dazmol va turli xil tagliklar ko’rgazma bo’lib hisoblanadi.
San’atshunoslik asoslari darslarida rassomlar asarlarining reproduktsiyalari yoki diapozitivlari, slayda, diafilьm, kinofilьmlar namoyish etiladiki, ularsiz san’at asarlari haqida fikr yuritish qiyin. SHuningdek, san’at asarlarining reproduktsiyalari, rasm chizishdagi ketma-ketlilikni ko’rsatuvchi rasm-sxemalar, rangshunoslik, yorug’soya, kompozitsiya va perspektiva yuzasidan tablitsalarni ko’rsatilishi, o’qitishda texnika vositalaridan foydalanish va boshqalar ham ko’rgazmalilikning samarali shakllaridan hisoblanadi.
Pedagogik rasm chizishning keng tarqalgan turi o’qituvchining doskada yoki qog’ozda rasm chizib ko’rsatishi hisoblanadi va u bolalarga amaliy yordam berishda qo’l keladi.
Pedagogik rasmning qiymati shundaki, u bevosita o’quvchilarning ko’z o’ngida bajariladi. U o’qituvchining fikrlarini o’quvchilarga oson va sodda qilib yetkazishda yordam beradi.
Doskadagi rasm o’qituvchining asosiy g’oya va fikrlarini o’zida aks ettirishi lozim. Tasodifiy va ikkinchi darajali rasmlarga sinf doskasida o’rin bo’lmasligi kerak.
Doskada rasm chizish hamma o’qituvchilarning ham (hattoki tajribali va ma’lumotli o’qituvchining ham) qo’lidan kelavermaydi. U o’qituvchidan ma’lum tayyorgarlikni talab etadi. Bu tayyorgarlik esa alohida mashqlarni bajarishni nazarda tutadi.
Tasviriy san’atni o’qitish metodikasiga doir ko’rgazmali qurollar yetarli bo’lmagan hollarda ularni o’qituvchilarning o’zlari tayyorlashlariga to’g’ri keladi. Bunda shuni hisobga olish lozimki, hamma ko’rgazmali qurollar ham foydali bo’lavermaydi, ba’zan ayrim ko’rgazmali qurollar o’quv va tarbiyaviy ishlarga salbiy ta’sir ko’rsatishi ham mumkin.
O’qituvchi ko’rgazmali quroldan foydalanish me’yorini bilgandagina u ijobiy natijaga erishishi mumkin. Ko’rgazmali materiallarning haddan tashqari ko’p bo’lishligi o’quvchilar diqqatini asosiy masaladan chalg’itadi va natijada asosiy narsa e’tibordan chetda qolishi mumkin. Ko’rgazmalilikning yetarli bo’lmasligi esa o’qituvchi tomonidan fikrni chala va yuzaki bo’lishgiga olib keladi.
Ko’rgazmali quroldan foydalanish masalalari o’qituvchining nutqi bilan ham bog’liq. Nutq va ko’rgazmalilikning uyg’unligi ikki jihatdan foydali bo’lishi ish joyda ko’rinadi. CHunonchi, birinchidan, o’qituvchining nutqi ko’rgazmalilikka ko’maklashsa, ikkinchidan ko’rgazmalilik o’qituvchi nutqiga ko’maklashadi.
Tasviriy san’atni o’qitishda, ayniqsa narsaning o’ziga qarab rasm ishlash va san’atshunoslik asoslari darslarida ikkinchi yo’l ko’proq qo’llaniladi.
Agar ko’rgazmalilikning birinchi yo’li bilim, qonun va tushunchalarni o’zlashtirishga yordam bersa, ikkinchi yo’li pedagogga bu qonun-qoidalarni, atrof-muhitdagi hodisalarni isbotlashda o’qituvchiga ko’maklashadi. O’qituvchining so’zi sinfda zaruriy muhit hosil qilishda, o’qituvchilarning ijodiy faoliyatini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi. SHuning uchun o’qituvchining nutqi ravon, tushunarli va ma’noli bo’lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |