Nazorat uchun savollar:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyatda valyuta munosobatlari?
2.Valyuta bozori va valyuta operatsiyalari?
3.Valyuta tavakkalchiligi muammolari?
4.Valyuta bozorida xorijiy valyutalarni sotish va sotib olish tartiblari?
5. Xalqaro valyuta munosabatlarini yuzaga keltiruvchi asoslar nimalardan iborat?
6. Valyuta tizimining qanday asosiy turi mavjud?
15-MAVZU. TASHQI IQTISODIY FAOLIYATNI KREDITLASH
1.Tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlashning asosiy turlari.
2.Loyihaviy moliyalashtirish.
3.Lizing tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlashning kshrinishi sifatida.
4.Tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlash tizimida faktoring va forfetirlash.
Har bir davlatning eksport salohiyatini oshirishda eksport tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, O‘zbekistonda eksportbop tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, xususan, eksport oldi kreditlari berish hamda eksport faoliyatini sug‘urtalash maqsadida moliya va kapital bozorlarini yanada rivojlantirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan hisoblanadi.
Jahon savdo tashkilotining (JST) so‘roviga ko‘ra, eksport moliyalashtirishning yetishmasligi savdoni rivojlantirishdagi eng katta to‘siqlardan biri sifatida qayd etildi. Ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillari moliyaviy mablag‘larni olishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishlari o‘z isbotini topdi. Savdoni moliyalashtirish bo‘yicha rad etilgan arizalarning 75 foizi mazkur korxonalarga tegishlidir.
Shu bois, har bir mamlakat o‘zining tashqi savdo siyosati bo‘yicha strategiyasini ishlab chiqishda eksportni moliyalashtirish, shu jumladan, eksport oldi kreditlari berish, eksport jarayonlarini sug‘urtalash hamda ushbu maqsadlarda davlat tomonidan eksport kredit agentliklarini tashkil etish va eksportni sug‘urtalash mexanizmlarini joriy etishga alohida e'tibor qaratadi.
Darhaqiqat, eksport qiluvchi firmalar eksport faoliyatlarini moliyalashtirish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari, shuningdek, eksport qilish jarayonlarida sug‘urtalash xizmatlariga murojaat qilish imkoniyatlarining paydo bo‘lishi ularning eksport bozoriga kirish bo‘yicha qarorlariga hamda eksport qilinadigan tovarlar va xizmatlar miqdoriga ta'sir ko‘rsatadi (Berman va Héricort 2010).
Savdoni moliyalashtirish mexanizmlari yaxshi ishlaydigan davlatlarda ishlab chiqaruvchi korxonalar tobora kengayib borayotgan global qiymat zanjiriga (Global Value Chain (GVC)) qo‘shilish imkoniga ega bo‘ladi hamda bandlik va mehnat unumdorligini oshirishga hissa qo‘shadi (Auboin va DiCaprio 2017).
Aksincha, eksportni oldindan moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish imkoniyatlarining mavjud emasligi sababli eksportyorlar ishlab chiqarish uchun eng yuqori mavsumda yoki kutilmaganda buyurtma kelib tushganda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yetarli pul oqimi yo‘qligidan xavotirlanadi.
Savdo kreditlari olishdagi qiyinchiliklar tufayli narx va sifat jihatidan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib eksport qila oladigan kichik firmalar faqat ichki bozorda savdo qilishga majbur bo‘ladi va raqobatdosh importga nisbatan “himoyasiz” bo‘lib qoladi (Hans-Peter Brunner 2015).
Odatda eksport qiluvchilarning eksport faoliyatlarini moliyalashtirishda qiyinchiliklarga uchrashi moliya va kapital bozorining yetarlicha rivojlanmaganligi, ushbu bozorlarda raqobatning nomukammalligi va ma'lumotlarning teng taqsimlanmaganligi bois bozor muvaffaqiyatsizligi (market failure) bilan izohlanadi. Bunday bozor muvaffaqiyatsizliklari davlat tomonidan moliya va kapital bozoriga oqilonalik bilan aralashuvga asos bo‘ladi.
Shuning uchun eksportga asoslangan iqtisodiy rivojlanish yo‘lidan borgan mamlakatlar eksport qiluvchi korxona va tashkilotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida eksport kredit va sug‘urta agentliklarini tashkil etishgan. Ushbu mamlakatlarda davlat aralashuvi ishlab chiqarish omillari narxlarini o‘zgartirib, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirgan hamda iqtisodiyotning optimal ishlab chiqarish darajasigacha ko‘tarilishiga xizmat qilgan.
Ushbu maqolada eksportni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashda savdoni moliyalashtirish, xususan, eksport oldi kreditlari va sug‘urta xizmatlarining roli borasida so‘z yuritiladi. Shu bilan birga, bozor muvaffaqiyatsizligi sababli eksport faoliyatini kreditlashdagi qiyinchiliklarni davlat tomonidan eksport kredit agentliklarining tashkil etilishi orqali bartaraf etish bo‘yicha Rossiya tajribasi haqida ma'lumot beriladi. Shuningdek, hozirgi kunda O‘zbekistonda eksportni moliyalashtirish amaliyoti hamda yangi tashkil etilayotgan Eksport-kredit agentligi va Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ishlash mexanizmlari tushuntiriladi.
Eksportni qo‘llab-quvvatlash dasturlarining eksport faoliyatiga ta'sirini o‘rganish, xususan, eksport qiluvchilarning eksportni moliyalashtirish imkoniyatlari va ularning jahon bozoriga chiqishi o‘rtasidagi aloqadorlikni baholash bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan ba'zi tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ko‘plab firma va korxonalar, ayniqsa, kichik firmalar katta eksport salohiyatiga ega bo‘lsada, ammo ularning ba'zilarigina amalda eksport qilishni o‘z zimmalariga olganlar (Yeoh va Jeong 1995). Bu esa bir qator omillar bilan birga firmalarning eksport mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur mablag‘larni topishda qiyinchiliklarga duch kelishi bilan izohlanadi.
O‘zbekistonda ham 2020 yil va undan keyingi 5 yillikda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi xalqaro bozorlarga chiqish va eksport hajmini ko‘paytirish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. Ta'kidlash kerakki, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish 2025 yilga borib Yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmini 100 mlrd. AQSh dollariga yetkazishga katta hissa qo‘shadi.
Shuning uchun, yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar singari O‘zbekistonda ham eksport hajmini oshirishda eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda eksport qiluvchi kompaniyalarning eksport faoliyatlarini moliyalashtirishning yagona manbai bank kreditlari bo‘lib qolmoqda. Tijorat banklari tomonidan savdo kreditlari bilan bir qatorda aylanma mablag‘larini to‘ldirish (xom-ashyo va materiallar, butlovchi qismlar va eksport faoliyati bilan bog‘liq shu kabi xaridlarni moliyalashtirish) uchun qisqa va uzoq muddatli kreditlar va kredit liniyalari taklif etilmoqda.
Shunday bo‘lsada, tijorat banklarida savdo kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari va garov ta'minoti miqdorining yuqoriligi hamda kredit shartlarining murakkablikligi sababli ko‘plab eksport qiluvchi korxona va tashkilotlar uchun eksport faoliyatlarini moliyalashtirishda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.
Jahon banki tomonidan 2019 yil fevral-sentyabr oylarida O‘zbekistondagi 1239 ta korxona va firmalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, firmalarning faqatgina 22,2 foizida bank krediti/kredit liniyalari mavjud. Mazkur firmalarning 23,7 foizi aylanma mablag‘larini moliyalashtirishda bank kreditlaridan foydalanadi. Kredit olish uchun zarur bo‘lgan garov qiymati kredit summasining 166,1 foizini tashkil etadi.
Mazkur omillarni hisobga olib joriy yilda mamlakatimizda eksportyorlarga kafillik beradigan va eksport faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish vazifalarini bajaruvchi – Eksport-kredit agentligi tashkil etiladi. Ya'ni, mamlakatimizda eksportyorlar uchun bank kreditlaridan tashqari eksportni moliyalashtirishning yangi imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish kerakki, 2020 yil boshida eksportni sug‘urta bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish maqsadida “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasining faoliyati yanada takomillashtirildi. 2019 yilda tijorat banklarining kreditlari, shu jumladan eksport oldi kreditlari bo‘yicha davlat tomonidan kafillik berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Yangi tashkil etiladigan Eksport-kredit agentligi tomonidan amalga oshiriladigan moliyalashtirish turlaridan biri – eksport qilinadigan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish (eksportyorlarga eksport oldi kreditlar berish) bo‘ladi. Mazkur agentlik tomonidan eksportni oldindan moliyalashtirish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi (1-rasm):
eksportyor xalqaro bozorda biznes rejalarini amalga oshirish, shu jumladan ishlab chiqarish texnika-texnologiyalari va asbob-uskunalarini sotib olish, aylanma mablag‘larini to‘ldirish, chet ellarda filiallar ochish yoki ularni kengaytirish uchun eksport oldi kreditlari olish bo‘yicha shartnoma tuzadi; eksportyorga “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi va (yoki) Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan kafillik beriladi;
Eksport-kredit agentligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlash eksport qiluvchi tashkilot uchun to‘g‘ri tanlov ekanligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng eksport oldi kreditlari ajratadi;
olingan kreditlar eksportyorga ko‘proq eksport shartnomalarini qabul qilish va ishlab chiqarish xarajatlarini qoplash imkonini beradi va ushbu bosqichda, tovar va xizmatlar xaridorlarga yetkazib beriladi;
xaridorlar belgilangan muddatlarda shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni inkassa hisobvarag‘iga o‘tkazadi;
Eksport-kredit agentligi taqdim etilgan qarz va ular bo‘yicha foiz to‘lovlarini yig‘ib olgandan so‘ng, qolgan mablag‘larni eksportyor kompaniyaga o‘tkazadi.
1-rasm. Eksport oldi moliyalashtirishni amalga oshirish jarayoni
Shuningdek, Eksport-kredit agentligi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olishni xohlovchi xalqaro kompaniyalarga kreditlar berish orqali eksportyorlarni bilvosita qo‘llab-quvvatlaydi.
Bunday vaziyatda,
Eksport-kredit agentligi xorijiy banklar va boshqa moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Dastlabki bosqichda eksportyor eksport shartnomasini va xorijiy mijoz to‘g‘risida kredit ma'lumotlarini taqdim etadi va Eksport-kredit agentligi ma'lumotlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
Tekshiruv ma'qullangandan so‘ng, Eksport-kredit agentligi xaridorga kredit shartnomasini beradi va eksport qiluvchini ogohlantiradi;
Eksportyorga to‘lov odatda Eksport-kredit agentligi xaridor tomonidan tasdiqlangan hisob-fakturani olgandan so‘ng amalga oshiriladi va agentlik xaridordan to‘lovlarni yig‘ish va qarzni boshqarish uchun javobgar bo‘ladi.
Bundan tashqari, eksport qiluvchi kompaniyalar tijorat banklaridan eksport oldi kreditlar olishlari mumkin. Bunda, mazkur kreditlar va eksport jarayonlari “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi yoki Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan sug‘urtalanadi. Shuningdek, Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi eksportni moliyalashtirish, shu jumladan tashish xarajatlarining ma'lum bir qismi qoplashi mumkin.
Har bir davlatning eksport salohiyatini oshirishda eksport tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, O‘zbekistonda eksportbop tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, xususan, eksport oldi kreditlari berish hamda eksport faoliyatini sug‘urtalash maqsadida moliya va kapital bozorlarini yanada rivojlantirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan hisoblanadi. Shuningdek, eksport faoliyatini moliyalashtirishda ba'zida bozor mexanizmining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligini hisobga olib davlat tomonidan Eksport kredit agentligi va Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tuzilishi eksportni rag‘batlantirishga hamda eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |